Lewis Hamilton va Ferrari: Silverstone'dagi yangi sahna
Tabassum qilgan, yelkalari bo‘sh, ko‘zida esa eski ishtiyoq. Silverstone bo‘ylab yurgan Lewis Hamilton aynan shunday ko‘rinadi: o‘z hududiga qaytgan, yana bir bor kim ekanini eslatishga tayyor odam. Britaniya Gran-prisining bu haftasida u shunchaki ishtirokchi emas, balki shubhalanuvchilarga javob berayotgan, hanuz hisoblashishga majbur qiladigan kuch.
Uning bu trassadagi hukmronligi allaqachon afsonaga aylangan. 2007-yildagi debyutidan beri Silverstone’da to‘qqizta g‘alaba – bir poygada bir haydovchi uchun rekord. Shundan beri Hamilton bilan bu eski aerodrom, Hamilton bilan tribunadagi muxlislar o‘rtasida aloqadorlik uzilgani yo‘q. Bu munosabat hamon tirik, hamon shovqinli.
Shu bois, bugungi xotirjam, zavqli Hamiltonni ko‘rgan kishi, orqada qolib ketgandek tuyulgan 2025-yilni eslab, beixtiyor bosh chayqaydi. Ferrari bilan ilk mavsum – uning uchun haqiqiy “annus horribilis”. Mashinasi raqobatdan ortda, 12 yillik Mercedes davridan so‘ng yangi jamoaga ko‘nikish og‘ir, kayfiyat esa karerasidagi eng past nuqtaga tushgandi.
Endi esa manzara butunlay boshqacha. Ferrari ot logotipi yana tik qadam tashlayapti, Hamilton esa yana yosh kovboylardek sahnaga kirib keldi. O‘tgan oy Barcelona-Catalunya GP dagi ilk g‘alaba – Scuderia bilan birga qayta tug‘ilgandek bo‘ldi.
Ferrari o‘tgan yilga qaraganda ancha kuchli. To‘g‘ri, Silverstone’ning yuqori tezlikdagi burilishlarida Mercedes bilan quvvat bo‘yicha tenglashish hali qiyin bo‘lishi mumkin. Lekin Maranellodagi o‘zgarishlar faqat texnik emas. Bu o‘zgarishlar Hamiltonning xarakteri, uning iroda va ta’sir kuchining natijasi ham.
Uning aytishicha, bu jarayon poyga mashinasidan ham ko‘ra ko‘proq odamlar bilan ishlashdan boshlangan. U jamoa ichidagi munosabatlarni tubdan qayta sozlashga kirishdi: “Jamoamni va ularning bir-biri bilan bog‘lanishini qayta moslash, tashkilotdagi yuqori pog‘onadagi insonlar bilan o‘zimni qayta uyg‘unlashtirish, bir yo‘nalishda ekanimizni, raqib emas, hamkor ekanimizni ta’minlash” – Hamilton shu jihatni bu yilgi sakrashning asosiy omillaridan biri sifatida ko‘rsatdi. Bu gaplar Ferrari rahbariyatidagi ayrimlarni biroz tirishtirib yuborishi tabiiy.
“Endi bu bizga sinxron harakat qilishga imkon beryapti, – deydi u. – O‘tgan yil esa har bir hafta oxiri juda qiyin edi. Natijada odamlarda shubha paydo bo‘ladi: ‘Bu natijalar bilan sening gaplaringni nega eshitishimiz kerak?’ Ishonchni qayta tiklash juda uzoq vaqt oldi. Hozir bu ishonch bor, men so‘ragan narsalar bajarilmoqda.
Bu, albatta, ikki tomonlama yo‘l. Biz bir-birimizni oldinga itaryapmiz, hamkorlik nihoyat shaklini topdi”.
Aynan shu “nihoyat” so‘zi juda ko‘p narsani anglatadi. O‘tgan mavsumning ayrim pallalarida Hamilton shu qadar tushkun ediki, o‘z mahoratidan ham shubhalana boshlaganini tan olgan. “Men kimligimni eslayapman, – degandi u bu yil boshida. – O‘tgan yili ba’zan kimligimni unutib qo‘ydim”.
Formula-1 yulduzidan bunday e’tirof – g‘ayrioddiy, lekin ayni paytda juda insoniy. Tashqaridan qaraganda, go‘yo u sekin-asta sahnadan ketishga yaqinlashayotgandek ko‘ringandi. Aslida esa Hamilton ichkarida kurashni davom ettirayotgan, o‘z irodasini yana bir bor ishga solayotgan edi.
U avvaldan yangi texnik reglamentlardan ranjigandek ko‘rinar, “ground effect” aerodinamikasi uning uslubiga to‘g‘ri kelmasdi. Bu yilgi qoidalar esa unga mosroq. Eng muhimi, u mashina va jamoani o‘z atrofida qayta shakllantirishga kirishdi.
Hamilton o‘tgan mavsumda o‘zi ishlab chiqishda qatnashgan old osma tizimini qayta o‘rnatishni talab qildi. Keyin esa tormoz disklarini Brembo’dan Carbone Industrie’ga almashtirishga erishdi. Tashqaridan qaraganda oddiy detaldek tuyulishi mumkin. Ammo yuzlab millisekundlar hal qiladigan sportda bu – katta farq. Endi u o‘zining kech tormozlanish uslubiga mutlaqo mos disklar bilan harakat qilmoqda.
Yana bir muhim bo‘lak – poyga muhandisi Carlo Santi bilan tez o‘sib borayotgan aloqasi. Hamilton uni hazilomuz tarzda “italyan Bono” deb atadi – Mercedes davridagi ishonchli hamrohi Peter Bonningtonga ishora qilib. Santi avvaliga vaqtincha vazifani bajaruvchi edi, lekin ular o‘rtasidagi uyg‘unlik shu qadar tez paydo bo‘ldiki, endi uning uzoq qolishi deyarli aniqdek. Bu ham mozaikaning yana bir joyiga tushgan bo‘lagi.
Yana bir sezilarli jihat – Hamiltonning jamoadoshi Charles Leclerc ustidan ustunligi. Ferrari bilan 2019-yildan beri birga bo‘lgan Leclerc 2025-yilda Hamiltonni ko‘proq ortda qoldirgandi. Ayrimlar buning o‘ziga xos ishorasini ko‘rdi: 41 yoshli britaniyalik endi yosh sherigiga bardosh bera olmaydi, Leclerc esa uning pasayishini “rasmiylashtiradi”, degan qarashlar paydo bo‘ldi.
Bu tashxis juda erta, juda qo‘pol bo‘lib chiqdi. Hozir Leclerc yo‘lini topa olmayotgandek, Hamilton esa Ferrari ichida asosiy kuchdek ko‘rinadi. Uch podium va bitta g‘alaba – britaniyalik hanuz Mercedes haydovchisi, chempionat yetakchisi Kimi Antonelli bilan umumiy hisobda kurashish mumkinligiga ishonishini ta’minlab turibdi.
Barcelona’dagi g‘alaba nafaqat Ferrari, balki butun Formula-1 paddokida katta quvonch bilan kutib olindi. Hamilton hanuz sportning eng yirik global yulduzi. Balki hozir, Scuderia’ning rosso corsa rangidagi kombinezonida, bundan ham ko‘proq. Lekin shu shov-shuvdan keyin Avstriyada sovuq haqiqat yuz ko‘rsatdi – Hamilton beshinchi o‘rinda.
Shunga qaramay, u Silverstone’dan mo‘jiza kutmayapti, lekin uy poygasida yana ishiga oshufta bo‘lib, har bir aylanishdan zavq olayotgan chog‘ida, hech narsani istisno qilib bo‘lmaydi. “Ferrari’dagi har bir inson shunchalik ruhlangan, qo‘lidan kelgan hamma narsani qilmoqda, men bundan ortiqni so‘ray olmayman”, – deydi u yuzida keng tabassum bilan.
Bu eski aerodrom yana bir bor uning dahosiga bo‘ysunadimi-yo‘qmi, hali noma’lum. Lekin bitta narsa aniq: Hamilton o‘zini yana esladi. Endi esa savol oddiy – bu eslash chempionlik jangini qayta yoqish uchun yetarlimi?






