Futbol va jinoyat: Elliot Anderson va Ewan Irelandning hikoyasi
Akademiya suratidagi ikki bola. Bir xil libos, bir xil orzu. Biri bugun Premier League chempionligi uchun kurashayotgan Manchester City yulduzi, ikkinchisi esa umrining eng chiroyli yillarini temir panjaralar ortida o‘tkazmoqda.
2010-yilgi Newcastle United akademiyasi jamoaviy suratiga endi boshqacha qaraladi. O‘sha paytda taxminan to‘qqiz yoshli Elliot Anderson va Ewan Ireland yonma-yon turibdi. Futbol dunyosida esa ular orasidagi masofa bugun butun bir hayotga teng.
Biri – World Cup sahnasida, biri – qamoqxona kamerasi ichida
Elliot Anderson bu yil Angliya terma jamoasi safida World Cup turnirida porladi. Three Lions 60 yildan beri ilk bor finalga shu qadar yaqin kelganida, yarim himoyaning markazida aynan u bor edi. Uning o‘yini unga 116 million funtlik transferni olib keldi va u Etihadga yo‘l oldi.
Ewan Ireland esa o‘sha turnirni faqatgina qamoqxona bo‘limidagi televizor orqali tomosha qildi. U tasodifiy notanish odamni shafqatsizlarcha o‘ldirgani uchun umrbod qamoq jazosini o‘tamoqda.
Shimoliy-Sharqdagi yoshlar futbolini yaqindan biladiganlar uchun bu juftlik hech qachon oddiy solishtirish bo‘lmagan. Ko‘pchilikning fikricha, Ewan hatto Elliotdan ham iqtidorliroq edi. Uni yosh Paul Gascoigne bilan taqqoslashgan, maydonda to‘p bilan qilgan ishlarini ko‘rgan skautlar hayratdan yoqa ushlardi.
Bir skautning eslab aytishicha, u o‘sha paytda akademiyadagi eng yaxshi bolalardan biri bo‘lgan. Elliot esa boshqacha yo‘lni tanladi: mashaqqatli mehnat, intizom, yetakchilik. U bolaligidan jamoa ichida ovozi o‘tadigan, mas’uliyatni zimmasiga olishga qo‘rqmaydigan yigit sifatida ajralib turgan. Bugungi muvaffaqiyati, Angliya terma jamoasidagi o‘rni, Manchester Citydagi mavqei hech kimni ajablantirmadi.
Ewan ham o‘sha yo‘lda bo‘lishi mumkin edi. Iqtidor bor edi. Lekin u butunlay boshqa tomonga burildi. Va bu burilish qaytish nuqtasini allaqachon ortda qoldirgan edi.
Gazza bilan taqqoslangan yigitning qulashi
Ewan Ireland bilan ishlagan murabbiylar uni “Gazza”ga o‘xshatishgan. Newcastle United akademiyasida u eng yorqin iste’dod sifatida tilga olingan. Murabbiylardan biri: “Bu yoshda bunday darajadagi bolani ko‘rmaganman”, deya yodga oladi. To‘p oyoqlarida bo‘lganida u deyarli to‘xtab bo‘lmas edi. Ammo maydon tashqarisidagi muammolar uning kelajagini yemira boshladi.
Taxminan 2015-yillarga kelib, tartibsiz xatti-harakati sababli u akademiyadan bo‘shatiladi. Ko‘p o‘tmay maktabidan ham chetlashtiriladi. Mahalliy klubda mashg‘ulotga pichoq olib kelgani uchun haydaladi. Sud qarorlarida esa uning ismi tobora ko‘proq ko‘rina boshladi: onasini pichoq bilan quvish, bir qizning yuziga ammiak sepish… ro‘yxat cho‘zilib borardi.
Newcastle markazidagi halokatli lahza
2019-yil 14-avgust. Newcastle shahri markazi. Advokat Peter Duncan ish kunini yakunlab, avtobusga ulgurish uchun savdo markazi orqali uyiga yo‘l olayotgan edi. Oddiy kun, oddiy yo‘l, oddiy qadamlar.
Ewan Ireland, o‘sha paytda 17 yoshda, yon-atrofda yurardi. U biroz avval Poundland do‘konidan 12 dyuymli yassi uchli otvyortka o‘g‘irlab, kelishilgan janjalga tayyorlanayotgan edi. Qonuniy janjal emas, ko‘chadagi to‘qnashuv. Qurol bilan.
Savdo markazi eshigi oldida ikki yo‘l kesishdi. 52 yoshli Peter tasodifan Ewan yonidan yelka urib o‘tadi. Oddiy, har kuni yuzlab marta sodir bo‘lgan holat. Ammo bu safar bo‘lmadi. O‘smir g‘azabdan portladi va otvyortkani uning ko‘kragiga sanchdi.
Sudya Ewan Irelandga umrbod qamoq jazosini tayinlar ekan, kamida 15 yil o‘tirmaguncha u shartli ravishda ozodlikka chiqish uchun ariza bera olmasligini aytdi. U Peter Duncan haqida “mehnatkash, mehribon ota, mehribon er” deya ta’rif berdi va: “Siz uning hayotini tugatdingiz, boshqalarga esa umrbod qaytmas qayg‘u qoldirdingiz”, deya hukmni o‘qib eshittirdi.
Ireland 2034-yildan erta ozodlik uchun murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi. O‘sha paytda 23 yoshli Elliot Anderson yana bir bor World Cup sahnasida, bu safar Saudiya Arabistonidagi mundialda, Angliya sharafini himoya qilayotgan bo‘lishi ehtimoli juda katta.
Bir oilaning faxri, boshqasining sharmandaligi
Ewan Ireland oilasini dahshatli jinoyati bilan sharmanda qildi. Elliot Anderson esa o‘z oilasi uchun faxr manbai bo‘lib qolmoqda.
Mehnatkash, sportga oshno, bir-biriga yaqin bu oila uning har bir qadamini diqqat bilan kuzatib keldi. Newcastle safida ilk qadamlar, Forest davri, so‘ng Manchester Cityga o‘tish va Erling Haaland, Phil Foden kabi yulduzlar bilan birga o‘ynash – bularning bari ularning ko‘z o‘ngida sodir bo‘ldi.
Ewanga o‘xshash tarzda, Elliot ham ba’zan Gazza bilan taqqoslangan. Bu esa uning ham eng yuqori pog‘onaga chiqishi mumkinligidan darak edi.
2022-yilda, u 19 yoshida va hali Newcastle futbolchisi bo‘lgan kezlarda, League Two dagi Bristol Rovers klubiga ijaraga berildi. O‘sha yerda u Diego Maradona bilan qiyoslana boshladi. Tribunalar unga “Geordie Maradona” laqabini berdi va bu nom tezda yopishib qoldi.
Endi esa u yakshanba kuni Bournemouthga qarshi mavsumni boshlash arafasida, Manchester shahrida, Etihaddagi uy o‘yinida, o‘z nomini yirik sarlavhalarga qayta-qayta yozdirishga tayyor turibdi. Uning har bir qadamida esa yaqinda vafot etgan onasi Helenning ruhi unga hamroh.
Onaning ruhi bilan o‘ynalayotgan futbol
Helen 54 yoshida, uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng, aprel oyida vafot etdi. World Cup davomida Elliot bu og‘ir yo‘qotish haqida gapirgan, maydonga chiqish unga qanday yordam berayotganini ochiq aytgan.
U o‘sha paytda: onasi so‘nggi olti oy ichida uning futbolidan quvonch topgani, o‘g‘lining o‘yini unga kasalligini yengishga kuch bergani haqida so‘z yuritgan. Endi esa Elliot uchun hamma narsa boshqacha ma’no kasb etadi. U: “Endi qilayotgan har bir ishni men u uchun qilishim kerak”, degan edi.
Sport iste’dodi bu oilada avloddan-avlodga o‘tadi. Uning ikki akasi bor: bokschi Wil, u Love Island dasturida ham ko‘ringan, va yana bir futbolchi bo‘lgan Louis. Onasi tomondan bobosi Geoff Allen 1960-yillarda Newcastle United safida to‘p surgan. Otasi Iain, hozir 53 yoshda, burg‘ilash kompaniyasini boshqaradi, yoshligida havaskor darajada yaxshi hujumchi bo‘lgan.
Elliotni ilk klubida – Wallsend Boys tarkibida – tarbiyalagan o‘qituvchi va murabbiy Jonathan Roys ham uning bolaligidan qanday ajralib turganini eslaydi. U ingliz tili va qo‘shimcha jismoniy tarbiya darslarida Elliotni ko‘rgan, maydonda esa uning boshqacha ekanini darhol sezgan. O‘sha paytda ular hatto “bir kun Angliya terma jamoasida o‘ynaydi” degancha o‘zaro garov ham bog‘lashgan.
Elliot bu yo‘lni bosib o‘tdi. Har bir bosqichda o‘zini ko‘rsatdi, har bir ligada, har bir klubda o‘yinini yangi darajaga ko‘tardi. Endi u Manchester City va Angliya muxlislariga yana ko‘p yil davomida quvonch ulashishga tayyor.
Bir paytlar yonma-yon turgan ikki bola orasidagi farq esa bugun dahshatli darajada aniq: biri millionlab insonlarga umid va zavq ulashmoqda, ikkinchisi esa bitta begunoh odamning hayotini olib, butun bir oilaning baxtini abadiy o‘g‘irlab qo‘ygan. Futbol maydoni bilan qamoqxona kamerasini ajratib turgan chiziq qanchalik nozik bo‘lishi mumkinligini bundan aniqroq ko‘rsatadigan hikoya bormi o‘zi?






