Chantelle Cameron: Ayollar boksida jahon chempioni
O‘n kundan ham kam vaqt qolgan. Oldinda – Mikaela Mayer bilan unifikatsion jang, ayollar boksida yil jangi bo‘lishi mumkin bo‘lgan kecha. Shunday pallada Chantelle Cameron xotirasi uni yana o‘sha sinfxonaga qaytaradi.
“Senga faqat Tesco qoladi”
U 14 yoshda edi. Psixologiya fanidan GCSE darsi. Oddiy kun. To o‘qituvchisi butun sinf oldida unga qarab gapirmaguncha.
“U shunchaki menga yuzlanib: ‘Sen 16ingda ikki bolang bilan Tesco’da javon taxlab yurgan bo‘lasan’, dedi”, – deya eslaydi Cameron. “Ichimdan: ‘Voy, u haqiqatan ham shuni aytdimi?’ deb o‘yladim.”
U sho‘x, bezori o‘quvchi emasdi. Northamptonning Eastern District hududidan chiqqan, jimjit, tortinchoq qiz. O‘sha bir og‘iz gap esa ichini teshib o‘tgan. Uyga borgach onasidan so‘ragan: “Nega u menga bunday dedi?”
Onasi ertasi kuni maktabga bordi. “Odamni shunchalik pastga urib bo‘lmaydi, ayniqsa maktabda, – deydi Cameron. – ‘Faqat Eastern Districtdan bo‘lgani uchun odamni shunday hukm qilmang’, degan onam.”
O‘qituvchi hech qachon uzr so‘ramadi. Cameron esa psixologiyani tashlab yubordi. Ammo aynan inson ruhiyati, odamni sindiradigan va ko‘taradigan so‘zlar, yillar o‘tib uning eng katta mavzusiga aylandi.
Eastern Districtdan chiqqan chempion
Bugun 35 yoshli Cameron – professional ringda Katie Taylor’ni mag‘lub etgan yagona ayol. U WBO super-yengil vazn chempioni, Mayerga qarshi yana bir bor kamarini himoya qiladi. Va u endi nafaqat chempion, balki ayollar boksida uch daqiqalik raundlar uchun kurashayotgan eng dadil ovozlardan biri.
O‘tgan yili u WBC kamari bilan xayrlashdi. Sabab – tashkilot ayollar uchun uch daqiqalik raundlarni rad etgani, “xavfsizlik”ni bahona qilgani edi. Cameron buni bevosita o‘ziga, o‘z avlodiga nisbatan hurmatsizlik deb bildi va kamardan voz kechdi.
“Amatyor ayollar uch daqiqa jang qiladi, – deydi u. – Professional boks jiddiy qabul qilinishi uchun biz ham erkaklar kabi sharoitda jang qilishimiz kerak. Teng huquq, teng haq deymizmi – unda ikki daqiqalik raundlarda qolib bo‘lmaydi.”
U ikki daqiqalik janglarning sur’ati balandligini tan oladi, lekin bu format sportni ushlab qolayotganini ham ochiq aytadi. Uningcha, bu sog‘liq masalasi emas, tizim va qarashlar masalasi.
“Britaniya darajasida bo‘lsa – 10 ta ikki daqiqalik raund normal, – deydi u. – Lekin Yevropa, jahon darajasida uch daqiqalik raundlar bo‘lishi kerak. Ayollar boksida o‘rta qatlam yo‘q – yoki yangi, yoki elit. Shuning uchun ham orada bo‘shliq bor.”
2025-yil oktyabrida u WBCga qarshi ochiq chiqdi va kamardan voz kechdi. Keyin esa uch daqiqalik raundlarga ruxsat bergan WBO kamarini qo‘lga kiritdi. Endi esa paradoks: Mayer bilan bo‘ladigan jang – WBC kamari ham tikilgan unifikatsiya. Demak, yana ikki daqiqalik raundlarga qaytishga majbur.
Mayerga qarshi – o‘ziga qarshi kurash ham
Uch daqiqalik 12 raund bo‘lganda, ko‘pchilik nazarida Cameron Mayerga nisbatan yaqqol favorit bo‘lardi. Cameronning o‘zi ham buni yashirmaydi.
“Mikaela buni biladi. Ikki daqiqalik raundlar unga ma’qul. Uch daqiqalik bo‘lsa, men bilan birga ringda ko‘p ayol tura olmasdi”, – deydi u.
Shunga qaramay, Mayerga hurmati baland. “U juda bardoshli. Eng katta quroli – chidamliligi. Uni jangchi va inson sifatida hurmat qilaman. Uni xuddi Katie Taylor singari jiddiy qabul qilyapman.”
Bu raqobatda zaharli gaplar, arzimas provokatsiyalar yo‘q. Ikki chempion, ikki yetakchi. Cameron Mayerni “ayollar boksining emas, umuman boksning zo‘r targ‘ibotchisi” deb ataydi. “U ringga jang qilish uchun chiqadi”, – deydi u qisqa qilib.
Dublin: qahramonlik va qulash oralig‘ida
Taylor bilan bo‘lgan tarix esa butunlay boshqa sahifa. 2015-yildagi otishmadan so‘ng professional boks qaytmagan Irlandiyada, Dublin o‘sha kecha uchun maxsus sahnaga aylandi. Bu – Taylorning vatanga tantanali qaytishi edi. Cameron esa mehmon. Hatto ortiqcha mehmon.
“Juda dahshatli edi, – deydi u o‘sha kechani eslab. – Men bu yerda nima qilyapman, deb o‘yladim. Zalda men hech qachon his qilmagan dushmanlik bor edi.”
Trenerlari Jamie Moore va Nigel Travers unga qayta-qayta bir gapni eslatdi: bu shunchaki shovqin, ringda esa faqat u va Katie qoladi. Cameron o‘sha kecha karera cho‘qqisidagi performansini ko‘rsatdi. Jangni qiyin bo‘lsa-da, yutdi.
Ammo hakamlik qarorini kutish – boshqa jang edi. “Birinchi hisob – durang. ‘Tamom, bo‘ldi’, deb o‘yladim. Lekin bunga tayyor edim, baribir Katie Taylorning hovlisiga kelgandim, u Irlandiya qirolichasi. Qaror chiqqanda – bu ajoyib his edi.”
Olti oy o‘tib bo‘lib o‘tgan revanjda esa hammasi teskarisiga o‘tdi. “Xudo haqqi, Dublin’da bo‘lishni xohlamadim, – deydi Cameron. – Hammasi menga qarshi edi. Bu endi men va Katie emas, men va butun Irlandiya o‘rtasidagi jangga o‘xshardi.”
Revanj tongida u mehmonxona xonasida yig‘lab o‘tirganini yashirmaydi. Ichki ovoz: “Bugun bu yerda bo‘lishing kerak emas.” Baribir ringga chiqdi. Jangni oz farq bilan boy berdi. So‘ng esa – ruhiy qulashi.
“Juda og‘ir qabul qildim. Atrofimdagilar ham shunday deb o‘ylaydi. Hammasidan voz kechdim. O‘zimni juda xafa, sindirilgan his qilardim, eng yaqinlarimni o‘zimdan uzoqlashtirdim.”
Taylor bilan sovuq masofa
Shu og‘ir davrda u hatto Jamie Moore zalidan ham ketib, yangi boshlanish izlashga urindi. Oradan ko‘p o‘tmay, eng to‘g‘ri joy aslida o‘sha zal ekanini anglab qaytdi. “Oxirgi ikki yil ichida juda o‘zgardim. Inson sifatida ham, sportchi sifatida ham yetildim”, – deydi u.
Taylor bilan munosabat esa muzdek. Jangdan ikki hafta o‘tib Cameron unga Instagram orqali xabar yozgan: “U bilan jang qilish sharaf bo‘lganini, boks uchun qilgan ishlari uchun minnatdor ekanini aytgan.” Javob bo‘lmagan. “Tushundim, u uchun bu juda og‘ir mag‘lubiyat edi”, – deydi Cameron.
Revanjdan keyin esa Taylor tomonidan hech qanday ishora bo‘lmadi. “Shunda o‘yladim: biz turli odammiz. Men hukm qilmayman, lekin odob – hech narsa talab qilmaydigan narsa. Men raqiblarimning ko‘pi bilan do‘stman, gaplashamiz, kulishamiz. Lekin men va Katie? Bu yerda hech qanday ‘sevgi’ yo‘q.”
Cameron trilogiya istaydi. Taylor esa boshqa yo‘lni tanladi – Amanda Serrano bilan ikki bor jang qilishni va endi Croke Parkda Flora Pili bilan, ehtimol, xayrlashuv jangini.
Cameron o‘zini o‘sha sahnada tasavvur qilmaydi. “Butun yuragim bilan aytaman: Croke Parkdagi xayrlashuv jangida men uning raqibi bo‘lishim to‘g‘ri emas edi. Bu ko‘proq shou, xayrlashuv kechasi bo‘ladi, jang emas. Men noto‘g‘ri raqib edim, shuning uchun ham bu haqida hech qachon jiddiy gap bo‘lmadi. O‘ylaymanki, bu uning oxirgi jangi bo‘ladi. Shunday bo‘lishini ham xohlayman – u ayollar boksiga juda ko‘p narsa berdi, juda ko‘p urushlardan o‘tdi.”
Sog‘liq, qo‘rquv va miya uchun kurash
22–1 rekord, to‘qqiz yil professional ringda. Cameron bu yo‘lning narxini yaxshi biladi.
“Ha, juda xavotirdaman, – deydi u. – Shuning uchun miyamni mashq qildirishga ko‘p vaqt ajrataman.”
U Elevate ilovasida mashqlar bajaradi, kitob o‘qiydi, fikrni charxlaydi. “Men ringdan chiqib, gaplarni bir-biriga ulay olmaydigan holga kelishni xohlamayman. Gapni to‘g‘ri tuza olishimni istayman.”
Har yili u miya uchun MRI tekshiruvdan o‘tadi. “Bu tekshiruvlarni yomon ko‘raman. Juda asabiylashaman, xavotirlanaman. Axir men tirikchilik uchun boshimga zarba qabul qilaman, ichkarida nimalar bo‘layotganini bilmayman. Lekin aynan shu tekshiruvlar menga ichki xotirjamlik beradi. Agar eng kichik o‘zgarish paydo bo‘lsa, ‘bo‘ldi, vaqtim tugadi’ deyman. Sog‘liq boksdan ancha muhim.”
U o‘zini “urushchi” deb hisoblamaydi. “Ko‘p janglarim qonli urush bo‘lmagan. Katie bilan bo‘lgan jangda birinchi marta jiddiy yorilganman, u ham ko‘proq bosh urilishi edi. Og‘ir zarba yegan paytlarim ko‘p emas. Jamie ham meni ortiqcha sparring qildirmaydi. Bosimga ortiqcha zarba kerak emas.”
Mayer – zarur sinov, so‘ngra chiqish eshigi
Taylor bilan ikki jangdan so‘ng Cameron uchun munosib raqib topish oson bo‘lmadі. Mayer – nihoyat kerakli darajadagi sinov. “Menga bu jang kerak”, – deydi u ochiqchasiga. Shu bilan birga, u ringda uzoq qolishni ham istamaydi: keyingi ikki yil ichida ketish niyatida.
“Men sog‘lom holda, miyam joyida turgan paytimda ketmoqchiman”, – deydi u.
Shu sabab Mayerga qarshi jang – nafaqat kamarlar, nafaqat unvon, balki o‘ziga bergan va’dasini ushlab qolish uchun ham sinov. Uch daqiqalik raundlar uchun kurashayotgan, WBCga qarshi chiqqan, Eastern Districtdan chiqqan qiz uchun bu jang – butun yo‘lini oqlash imkoniyati.
Northampton, Eastern District va bir qizning javobi
Gap yana Northamptonga qaytadi. “Onam bilan otam hanuz u yerda, – deydi Cameron. – Men ularga qishloqda chiroyli kottej olib bermoqchiman, lekin ular ko‘chishni istashmaydi. Biz shunday oilamiz.”
U hanuz o‘sha eski do‘stlari bilan. Shu mahallani, shu odamlarni iftixor bilan tilga oladi. “Men doim Northampton va Eastern Districtni himoya qilaman. Chunki aynan men bu yerdan chiqib, bu yer nomini yuksaltirdim. Bu boshqalarga ham ko‘rsatadi: qayerdan bo‘lishing muhim emas, baribir erishishing mumkin. Hech kim boshqacha demasin.”
Bir paytlar sinf oldida “Tesco javonlari” bilan tahqirlangan qiz endi jahon chempioni. U ringda uch daqiqalik raundlar, tashqarida esa hurmat va tenglik uchun kurashmoqda. Endi savol bitta: Mayerga qarshi kechasi – uning hikoyasidagi navbatdagi bo‘lim bo‘ladimi yoki buyuk yakun sari so‘nggi burilish?






