Wayne Rooney: O‘z joniga qasd qilish fikri va ichki kurashlar

Manchester United va Angliya terma jamoasining afsonaviy hujumchisi Wayne Rooney o‘z karerasi davomida o‘z joniga qasd qilish fikriga ham borganini ochiq tan oldi. U bu haqda “Life at the Midpoint” podkastida gapirib, spirtli ichimlik, depressiya va Manchester United davridagi eng og‘ir ruhiy holatlari haqida ochiqchasiga so‘z yuritdi.
U endi 41 yoshda. Futbolchilikdan ancha uzoqlashgan, lekin o‘sha yillar og‘ir xotira bo‘lib hanuz yonida yuribdi.
“Ichayotgan paytimda ikki kun uyimga berkinib olardim va faqat ichardim. Bu mening kareram cho‘qqisida bo‘lgan davr edi”, — deydi Runi.
U o‘sha paytni eslar ekan, o‘zini tanqid qiladi, lekin shu bilan birga qanday ichki kurashdan o‘tganini ham ochib beradi.
“Hozir o‘ylasam, o‘zimni o‘sha vaqtdagi xatti-harakatlarim uchun xudbin deb bilaman, lekin men chinakam qiynalayotgan edim. Hammasini yashirishga urindim. O‘zimni o‘zim o‘ylab, o‘z jonimga qasd qilish haqida o‘ylaydigan nuqtaga kelgan edim. Hech kim bilan bo‘lishni istamasdim. Ko‘chada odamlarni ko‘rishni xohlamasdim, do‘konga kirgim kelmasdi. O‘zimni faqat futbol maydonida erkin his qilardim, qolgan hamma narsa men uchun juda og‘ir edi”, — deya tushuntiradi u.
Angliya terma jamoasining sobiq to‘purar rekordchisi intervyuda yordam so‘rashdan nega qochganini ham tan oldi. Uning aytishicha, o‘sha davr futbol madaniyatida “zaiflik” niqoblanishi kerak edi, ochiq yordam so‘rash esa o‘zini “kamroq erkak”dek his qilishiga olib kelardi.
Bu ichki bosim, shu qat’iy muhit, kutilgan “mardlik” unga yillar davomida jim azob chekishini buyurgan. U esa maydonda yulduz bo‘lib yurgan paytida, uyda o‘zi bilan yolg‘iz qolganida butunlay boshqa odamga aylanib ketgan.
Bugun esa manzara butunlay boshqacha. Runi to‘p tepishni tugatgan, lekin futbolni emas. U Angliyada eng hurmatli telekommentatorlardan biriga aylangan, o‘yinlarni tahlil qiladi, o‘z qarashlarini ochiq aytadi. Shuningdek, BBC uchun fikr-mulohaza ustunlari yozadi, futbolni ichidan biladigan, ruhiy bosimni o‘z boshidan o‘tkazgan inson sifatida ovozi yanada og‘ir eshitiladi.
Bir paytlar o‘zini butun dunyodan berkitib qo‘ygan yulduz endi millionlab tomoshabinlar oldida gapirmoqda. Shu o‘zgarishning o‘zi ham bugungi futbol avlodi uchun jim turgan og‘riq emas, gapiriladigan haqiqat kerakligini eslatib turibdi.
