Wayne Rooney: ichki zulmat bilan kurashgan maydon yulduzi

Wayne Rooney bugun ochiq tan oldi: Manchester United davrining eng yorqin pallalaridan birida u o‘z joniga qasd qilish haqida o‘ylagan.
Maydonda hammasi joyida edi. Gollar, sovrinlar, rekordlar. Klub tarixidagi eng yaxshi to‘purar sifatida u Old Traffordda olqishlarga ko‘milgan paytlar edi. Ammo sahna ortida butunlay boshqa Rooney yashardi – yangi turmush qurgan, endigina otalikka qadam qo‘ygan, lekin ichida charchagan, sinib borayotgan Rooney.
U “Life At The Midpoint with Gabby Logan” podkastida o‘sha davrni eslar ekan, ikki kunlab uyda ichkilikka berilib ketganini, eng og‘ir onlarda esa hayotdan butunlay ketish fikri xayoliga kelganini aytib berdi.
U shunday deydi: o‘sha paytda o‘zini “xudbin” deb his qilgan, lekin boshidan kechirayotgan og‘ir ruhiy bosimni yenga olmagan. Eng ko‘p qo‘rqqan narsasi esa o‘g‘li Kai uni shunday holatda ko‘rishi bo‘lgan. Shu bois u uyda ham yashirinishga, ko‘zdan pana bo‘lishga urinardi.
Rooney o‘sha ruhiy holatni eslab, o‘sha paytda o‘zini butunlay jamiyatdan uzib qo‘ygani, ko‘chada odamlar bilan to‘qnash kelishni, do‘konga kirishni ham istamaganini aytadi. Futbol maydoni esa yagona boshpana bo‘lib qolgan – u yerda u o‘zini erkin va xavfsiz his qilardi. Qolgan hamma joyda esa u ichki kurashdan charchagan odam edi.
Bu hammasi Manchester Uniteddagi eng cho‘qqi davriga to‘g‘ri kelgan. Klubda mavqei baland, o‘yinlari yuksak baholanayotgan, tashqaridan qaraganda hayoti mukammal ko‘ringan pallalar.
Rooney o‘sha yillar haqida gapirar ekan, futbolchi ongiga chuqur singib ketgan bir haqiqatni ochadi: zaiflikni ko‘rsatishdan qo‘rqish. U o‘zini yomon his qilayotganini bilgan, lekin tan olish og‘ir bo‘lgani. “Kamroq erkak” bo‘lib ko‘rinishdan cho‘chigan, hissiyotlarini yashirishga urinib yashagan.
Shu bosqichda u terapevt bilan ishlay boshlagan. O‘zini tushunishga, aslida nima bo‘layotganini anglashga harakat qilgan. Orqaga nazar tashlasa, hamma narsa baxt uchun yetarli bo‘lgandek: Manchester Unitedda cho‘qqida, yangi turmush, yangi tug‘ilgan o‘g‘il. Qog‘ozda bu hayotning eng baxtli nuqtasi bo‘lishi kerak edi. Ammo u buni hayotining eng past nuqtasi sifatida eslaydi. Sababi – o‘zini yo‘qotishga olib borayotgan, atrofdagilarni og‘ritayotgan xatti-harakatlari.
Bugun Wayne Rooney ITV’ning “I'm A Celebrity – Get Me Out Of Here” loyihasida qatnashar ekan, u o‘tmishdagi o‘sha zulmatni yashirmayapti. U o‘sha davrdan chiqib ketishida eng katta rolni o‘ynagan insonni ham aniq aytadi: rafiqasi Coleen.
Rooneyning so‘zlariga ko‘ra, Coleen hammasidan voz kechishi, ketib qolishi mumkin edi – vaziyat shunchalik og‘ir bo‘lgan. Lekin u qolishni tanladi. Yonida turdi, kurashdi, erini qayta oyoqqa turishiga yordam berdi.
Wayne Rooney maydonda rekordlarni yangilagan futbolchi sifatida esda qoladi. Ammo uning bugungi e’tirofi boshqa bir haqiqatni ko‘rsatadi: eng baland tribuna shovqini ham, eng yorqin gollar ham ba’zan inson ichidagi sukunatni bosolmaydi. Eng katta g‘alaba esa ba’zan stadionda emas, yopiq eshiklar ortida, o‘zing bilan bo‘lgan kurashda qo‘lga kiritiladi.
