Usman Khawaja atrofidagi bo‘ron: eski jarohatni qayta ochgan mojarolar

Avstraliya kriketidagi eng og‘riqli mavzulardan biri yana yuzaga qalqdi. 2018-yilgi Janubiy Afrika safarida sodir bo‘lgan mashhur “sandpaper” mojrosi sakkiz yil o‘tib ham tinch qo‘ymayapti. Bu safar bo‘ron markazida Usman Khawaja turibdi.
Sobiq Janubiy Afrika sardori Fanie de Villiersning so‘zlari esa alanga ustiga benzin sepdi. U 91.3 SportFM efirida Khawajani nafaqat tanqid qildi, balki keskin hukm chiqardi.
“Men ochiq aytmoqchiman: Khawaja ehtimol kriketda ko‘rganim, kitoblarda o‘qiganman, so‘nggi 40-50 yilda tomosha qilgan o‘yinlarimda uchragan eng katta xoin”, – dedi u. “U tasavvur qilish mumkin bo‘lgan barcha ichki axloqiy kodekslarni buzdi. U o‘z jamoadoshlarini sotdi.”
De Villiersning g‘azabi bir kunlik emotsiya emas, balki eski mojroning yana ko‘tarilishiga qarshi norozilik edi. Unga ko‘ra, xato allaqachon jazolangan, Avstraliya kriketi bu dog‘ bilan yashashni o‘rganayotgan edi. Endi esa hammasi boshidan.
“Bu endi to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri haqida emas. Noto‘g‘ri ish allaqachon ko‘rib chiqilgan. Bu Avstraliya kriketining bir qismi bo‘lib qoldi, va bu judayam achinarli. Lekin bu yigit hammasini yana yuzaga olib chiqdi. U Avstraliya kriketini yana bir bor sharmandali holatga solib qo‘ydi. Do‘stliklar buzilmoqda, jamoa ichidagi kodekslar yemirilmoqda. U odam o‘ylashi mumkin bo‘lgan hamma narsani noto‘g‘ri qildi”, – dedi de Villiers.
Sakkiz yillik sukut va savollar
Mojro yana Cameron Bancroftning 4 ming so‘zli bayonoti bilan jonlandi. U o‘sha safardagi voqealar haqida, jumladan, hozirgi Test sardori Pat Cummins haqida ham da’volar keltirdi. Shundan so‘ng eski savollar qaytib keldi: kim nimalarni bilgan, kim jim turgan?
Usman Khawaja esa aynan shu nuqtada nishonga aylandi. U yaqinda butun tarkib kollektiv javobgarlikni bo‘yniga olishi kerakligini aytdi. Asosiy tanbeh – nega buni sakkiz yil kutib turib aytdi?
Sobiq Avstraliya o‘yinchilari Matthew Hayden va Ian Healy ham undan norozi. Ular Khawajaning bu masalani yana omma oldiga olib chiqishini yoqlamadi. Ularning fikricha, bu yarani ochish emas, yopish vaqti kelgandi.
Shunga qaramay, Cricket Australia jim turgani yo‘q. Tashkilot 2018-yilgi Janubiy Afrika safari chog‘ida “sandpaper” ishlatilishi bo‘yicha istalgan ishtirokchi o‘z bilganini ayta oladigan mustaqil forum tuzilishini e’lon qildi. Ammo bu tashabbus ham hammani tinchlantirmadi. Aksincha, ayrimlar uchun tergovning o‘sha paytdagi chegaralanganligi yana bir bor eslatildi.
Pat Cummins – sardorlik ostidagi bosim
Bo‘ron faqat Khawaja atrofida emas. Pat Cummins ham keskin bosim ostida qoldi. Ba’zi ovozlar uni Test sardorligidan voz kechishga chaqirmoqda.
Sobiq tezkor bowler Mitchell Johnson bu borada ayniqsa keskin pozitsiyada. U “The West Australian” uchun yozgan ustunida Bancroftning so‘zlariga ishonganini ochiq aytdi.
“Men Bancroftning hikoyasiga ishonaman. U juda tabiiy eshitildi, so‘zlaridan hissiyot sezildi. U o‘zini bo‘lib gapirdi va endi yo‘qotadigan hech narsasi yo‘q. Bu boshqa o‘yinchilarning eng batafsil hikoyalari bilan ham mos tushadi”, – deb yozdi Johnson.
Johnson avval ham Cummins bilan ochiq ziddiyatlarga borganini eslatib o‘tdi, lekin bu safar gap shaxsiy adovatdan ham kattaroq ko‘rinadi. Uningcha, hozirgi bosim sardorlikni ko‘tarib bo‘lmas darajaga yetishi mumkin.
“Cummins ustidagi bosim hozir ulkan. U 2021-yilda barcha bowlerlar bilan birga bergan bayonotiga va o‘sha paytdagi so‘zlariga yopishib olishga harakat qiladi, deb o‘ylayman. Lekin endi jamoatchilik bosimi uning Test sardorligidan ketishini talab qiladi. Men uning sardorligi va shaxsiy brendi bu bo‘hrondan omon chiqishini tasavvur qila olmayapman”, – deb yozdi u.
Johnson Cricket Australia’ni ham nishonga oldi. Uning fikricha, oddiy “xavfsiz makon” forumi yetarli emas.
“CA bundan ko‘prog‘ini qilishi kerak. Bu ish muxlislarga nisbatan qarzdorlik. Ular bu hammasidan charchashdi, bizlarning ko‘pchiligimiz kabi. Tergov sakkiz yil avval aynan bitta vazifani bajara olmadi – hammasini to‘g‘ri yakunlashni. Biz haqiqatni xohlaymiz, javoblarni xohlaymiz. Lekin shu bilan birga, o‘sha paytda hammasi ortda qolgan bo‘lishini istar edik”, – deb yozdi Johnson.
Avstraliya kriketi: yopilmagan sahifa
Bugun gap faqat bir dona sandpaper yoki bitta Test uchrashuvi haqida emas. Bu – jamoa ichidagi ishonch, kiyinish xonasidagi jim kelishuvlar, sardorlik mas’uliyati va jamoatchilik ishonchi haqida.
Usman Khawaja “eng katta xoin” deya tamg‘alandi, Pat Cummins sardorligining kelajagi haqida savollar ko‘paydi, Cricket Australia esa yana bir bor o‘sha eski jarohatni davolashga urinmoqda.
Savol esa o‘sha-o‘sha: bu safar haqiqat chindan ham oxirigacha aytiladimi yoki Avstraliya kriketi yana bir bor yarim haqiqat bilan yashashga majbur bo‘ladimi?
