UZB sport

Tyson Fury va Bokschilarning Nafaqaga Chiqishi: Qaytish va Qiyinchiliklar

Tyson Fury ilk bor pensiyasini e’lon qilganida, ko‘pchilik ishondi. Dillian Whyte ustidan 2022-yilda g‘alaba qozonib, “tamom, yetar” deganida, ehtimol o‘zi ham ishongandir.

Ammo oradan ko‘p o‘tmay, ring yana uni chaqira boshladi. Navbatdagi jang haqida gap-so‘zlar paydo bo‘ldi. Shundan beri Fury hikoyasida “nafaqaga chiqish – qaytish – yana ketish” sahnalari serialdek davom etmoqda.

U yolg‘iz emas.

Ring chaqiruvi

So‘nggi yillarda men bokschilardan eng ko‘p so‘ragan savolim shu bo‘ldi: ular nimani sog‘inadi? Hozirgi jangchilar nimalardan qo‘rqadi, sobiq chempionlar nimani ortda qoldirdi? Qachon to‘xtash kerak va to‘xtagandan keyin qanday yashash mumkin?

Jang kechasini tasvirlashayotganda ularning ko‘zida alohida yaltirash paydo bo‘ladi. Ringga yurish. Birinchi gongdan oldingi soniyalar. G‘alaba lahzasi. Ular chinakam qaramlik haqida gapirishadi.

Johnny Nelson buni qisqa va lo‘nda aytadi: “Bu – eyforiya”.

Lennox Lewis esa eng ko‘p nimani sog‘inishini tan oladi: “Tomoshabinlarning nidosi, eng ko‘p shuni sog‘inaman”.

Madison Square Garden’da og‘ir vazn chempionligini himoya qilayotgan Lewis bo‘lsin, yoki Rotherhamdagi uyga yaqin arenada jang qilayotgan Dave Allen – tuyg‘u baribir bir xil.

Allen ochiq gapiradi: “Jang kechasidagi hayajonni qayta yaratish qiyin. Hech narsa bunga teng kelmaydi”.

George Groves esa e’tiborni boshqacha nuqtaga qaratadi: “Sog‘inadigan narsa – ringga yurish. Tomoshabindan kelayotgan energiya. Boshqa hech qayerda bunaqasi bo‘lmaydi”.

Ammo vaqt hech kimni ayamaydi. Tana signal bera boshlaydi. Shunda ham ko‘pincha boshqa narsa ularni ushlab qoladi.

G‘urur. Ego.

Nelson buni aniq ifodalaydi: “Ego bokschini hech qachon tark etmaydi, muammo ham shunda. Olov, ishtiyoq so‘nishi mumkin. Ammo ego doim ‘yana qil’ deb turadi”.

U buni o‘z boshidan o‘tkazgan. Nafaqaga chiqqaniga to‘qqiz yil bo‘lganida, bir muddat o‘zini qaytishga ko‘ndirdi. Marco Huck uning 13 marta ketma-ket jahon chempionligini himoya qilish rekordini takrorlagach, “ikkalasi cho‘qqisida to‘qnashsa nima bo‘lardi?” degan savollar paydo bo‘ldi.

Dastlab Nelson buni kulib qarshi oldi. Keyin o‘ylay boshladi. Jangga qiziqish oshdi. Ishonchi ham.

“Men buni jiddiy o‘ylab ko‘rdim, – deydi u. – O‘zimning avvalgi Nelson emasligimni bilardim, lekin ego meni yengdi”.

Qaytishning achchiq tomoni

Har bir qaytish ham ertakdek tugamaydi. Ricky Hatton buni o‘z tanasida his qilgan. U so‘nggi jangidan uch yil o‘tib, 2012-yilda Vyacheslav Senchenko bilan ringga qaytdi.

“Qaytganimdan afsuslanmayman, – deydi Hatton. – Bu nuqta qo‘yib beradi: tamom, tugadi. Biz doim ichimizda ‘yana bir marta uddalayman’ deb o‘ylaymiz”.

Hatton bokschilarga nega ketish qiyinligini juda yaxshi tushunadi. U zalga birinchi kirgan kundanoq bu sportni sevib qolgan.

“Birinchi zarbani yeganimda, menga juda yoqdi, – deydi u. – Bu juda qaramlikka olib keladi. Boshqa sport bunaqa emas”.

U cho‘qqiga chiqdi, jahon chempioni bo‘ldi. Ana shundan keyin qo‘yib yuborish qiyinlashdi.

“Cho‘qqiga chiqqaningda bu – orzuning ushalishi. Buning abadiy davom etishini xohlaysan. Bokschilar uchun ketish juda og‘ir”.

Shu yerda qaytish romantikasi tug‘iladi. Jangchi o‘zini hanuz avvalgidek deb ishonishni xohlaydi. Tomoshabin ham bunga ishonishni istaydi.

Lewis ham ko‘plab takliflarga qaramay, bu vasvasaga berilmagan. Ammo u ham ichidagi kurashni yashirmaydi.

“Men ham o‘ylab ko‘rganman, – deydi u. – Qaytishni xohlab qolgan paytlar bo‘lganmi? Albatta. Doim”.

Ego, g‘urur, adrenalindan tashqari yana bir omil bor. Uni chetlab o‘tib bo‘lmaydi.

Pul.

Boksning achchiq kulgili tomoni shundaki, ko‘p jangchilar eng katta gonorarini aynan nafaqa haqidagi savollar balandlashgan paytda olishadi.

Tyson Fury va Anthony Joshua hali ham kareralaridagi eng katta gonorarga chiqishlari mumkin. Ko‘pchilik ularning eng yaxshi yillari ortda qoldi deb o‘ylasa-da.

Ammo ular – istisno.

Britaniya Boks Nazorat Kengashi bosh kotibi Robert Smith buni aniq aytadi: “Boks nisbatan kambag‘al sport. Aksariyat bokschilar boshqa ish ham qilishadi. Ko‘pchilik yetarli pul topmaydi”.

Ringdan keyingi bo‘shliq

Sam Eggington – shu mehnatning timsoli. Xavfga to‘la, tinimsiz janglar bilan o‘tgan karerasi uni Britaniya muxlislarining sevimlisiga aylantirdi.

Bizning hujjatli filmimiz suratga olinayotgan paytda Eggington bir qarorga keldi: nafaqaga chiqish vaqti yetdi.

“Men ishdan bo‘shab qolgach, boksni boshlaganman, – deydi u. – Yashash uchun pul kerak edi”.

Fury yoki Joshua’dan farqli o‘laroq, Eggington uchun nafaqa – moliyaviy erkinlik emas. Yillar davomida u ringni boshqa ishlar bilan birga olib bordi. Endi esa undan ham murakkab savol turibdi: ringdan tashqarida kim bo‘la oladi?

Bu o‘tish davri shafqatsiz bo‘lishi mumkin.

Dave Allen buni ochiq tan oladi: “Men boshqa narsani bilmayman. Boshlaganimdan beri faqat boks. Boksiz hayotni o‘ylash qo‘rqinchli. Men shunchaki David – bokschiman”.

Eng og‘ir qaror qachon qabul qilinishi kerakligini esa murabbiylar juda yaxshi biladi.

Joe Gallagher yigirma yildan oshiq vaqt davomida jahon chempionlari va da’vogarlarni boshqargan. U zalga o‘smir bo‘lib kirgan, veteran bo‘lib chiqqan jangchilarni ko‘p ko‘rgan.

“Hamma o‘zining kichik ‘Rocky’ hikoyasini xohlaydi”, – deydi u.

Ammo boks kechirimsiz.

“Uy – zal. Shaxsiyating – shu. Birdan hammasi yo‘qoladi. Boks shafqatsiz bo‘lishi mumkin. Tugatasan – va seni kutib turgan hech narsa yo‘q”.

Promouter Eddie Hearn ham yuzlab kareralar ko‘tarilib, qulaganini ko‘rgan.

“Jangchilar faqat jang kechasining hayajonini emas, – deydi u, – lager hayotini, yon-atrofidagi odamlarni, har kuni bir xil rejimni ham sog‘inishadi. Shu sababli boksdan tashqari qiziqish topish muhim. Chunki bu juda erta tugaydigan kasb”.

O‘z vaqtida ketganlar va kechikkanlar

Ba’zilar to‘g‘ri paytda ketishga ulgura oladi.

Groves 30 yoshida to‘xtadi. Anthony Crolla – 32 yoshida. Ikkalasi ham davom ettirish imkoniga ega edi.

“Yana bir necha gonorar uchun qolishim mumkin edi, – deydi Crolla. – Lekin men bolalarni tayyorlayotganimda, ularga qanday ibrat bo‘lar edim?”

Groves esa Callum Smith’dan mag‘lubiyatdan keyin ketishga qaror qildi – boksda eng og‘ir yo‘l.

“G‘alaba bilan ketishni xohlaganman, – deydi u. – Lekin pul uchun cho‘zib yuradigan, yoki bir vaqtlar his qilgan balandliklarni quvib yuradigan odam bo‘lishni istamadim”.

Boshqalar esa bu chiziqni topa olmaydi.

Har bir necha oyda bir marta internetda ringda himoyasiz ko‘rinayotgan, allaqachon so‘nib borayotgan jangchi videosi paydo bo‘ladi. Muxlislar “yetar, bas qiling” deb yozadi.

Joe Joyce so‘nggi olti jangining beshtasida yutqazdi. Josh Warrington bir mag‘lubiyatdan so‘ng qo‘lqoplarini yerga qo‘ydi, keyin yana qaytdi.

“Vaqt o‘tgan sayin, nega qaytayotganim haqida ko‘proq o‘ylayapman, – degandi u so‘nggi qaytishidan oldin. – Bir kun kelib, men ham motam tutishim kerak bo‘lishini bilaman”.

Asl masala mana shu yerda. Boksda nafaqa ko‘pincha bitta lahza emas. Bu – asta-sekin qo‘yib yuborish jarayoni.

Futboldan farqli o‘laroq, boksda karera tugagach, rasmiy yordam deyarli yo‘q. Professional Footballers’ Association o‘tish dasturlari, pensiya bo‘yicha maslahatlar, qo‘llab-quvvatlash tarmoqlarini taklif qiladi. Boks esa jangchilarni ko‘pincha o‘z holiga tashlab qo‘yadi.

Shu bois pensiya jamg‘armalari va bokschilar uyushmasi haqidagi bahslar to‘xtamaydi.

Nelson Barry Hearn yillar avval joriy qilgan pensiya sxemasiga minnatdor.

“55 yoshimda pochta orqali xat oldim, – deydi u. – Butunlay unutib yuborgan edim. O‘shandan keyin o‘yladim: bu narsa qayta tiklanishi kerak”.

Yangi urinish – Global Fighters’ Association. Maqsad – ko‘proq qo‘llab-quvvatlash va moliyaviy xavfsizlik yaratish.

Chunki ringda qancha pul topilganidan qat’i nazar, ketish og‘irligi deyarli hamma uchun bir xil.

Eng so‘nggi jang

Oxirgi raund odatda yorqin chiroqlar ostida o‘tmaydi. U ko‘proq yopiq eshiklar ortida bo‘ladi. Jangchi o‘zi bilan o‘zi qolganida, savolga yuzlanadi: yana bir bor qaytishmi yoki allaqachon erishilgan narsalar bilan yarashishmi?

Boks sporti jangchilarni og‘riqni inkor etishga, shubhani bosishga, doim oldinga yurishga o‘rgatadi. Nafaqa esa aksini talab qiladi.

Bu qarorga kelish – bo‘ysunish emas, qabul qilish. Qarshilikda yashaydigan, “yo‘q” so‘zini eshitishga o‘rganmagan sport uchun bu paradoks.

Ko‘p bokschilar uchun esa, ehtimol, aynan shu – eng og‘ir jang.