Qarzdorlik narxi: Suningning Inter’dagi davri qanday tugadi?
Yevropa futbolining eng yirik sahnasida pul endi nafaqat o‘yinchilarning narxini, balki klublarning taqdirini ham belgilayapti. Xususiy kapital fondlari tobora dadilroq kirib kelayotgan bozor bu. AC Milan, Chelsea, Olympique Lyonnais — bular allaqachon investorlar qo‘liga o‘tgan brendlar. Endi esa navbat Inter’ga keldi. Ammo bu oddiy sotuv emas edi. Bu – qarzning klubi egasidan tortib olgan hikoyasi.
Bu Inter haqidagi turkumning uchinchi qismi. Avvalgi boblarda klub Italiya cho‘qqisiga qaytish uchun obligatsiyalar, qayta moliyalashtirish va murakkab moliyaviy strukturalar orqali qanday yo‘l yurganini ko‘rdik. Endi esa shu model qachon va qanday qulab tushganini ko‘rib chiqamiz.
Burilish nuqtasi: to‘rt yilga cho‘zilgan qulashi
Suning Inter’ni bir kunda yo‘qotgani yo‘q. Jarayon to‘rt yil davomida asta-sekin keskinlashdi.
Hammasi Xitoyning chet el futbol investitsiyalaridan ortga chekina boshlashi bilan boshlandi. Keyin pandemiya urdi. Ichki iqtisodiy bosim, ko‘chmas mulk inqirozi, qarzlarni qisqartirish siyosati – yillar davomida qarz hisobiga chetga kengaygan konglomeratlar birdan manevr qilish imkonidan mahrum bo‘la boshladi.
Suning bundan ham ko‘proq siqildi. Chakana savdo biznesi allaqachon bosim ostida edi: taxminan 3,9 milliard yuan (taxminan 490 million yevro) atrofida zarar. Shundan keyin Inter’ni avvalgidek moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tobora mushkul bo‘ldi. Aksiyador yangi kapital quya olmasa, klub boshqa manba izlashga majbur bo‘ladi. Inter ham aynan shunday yo‘l tutdi.
Oaktree sahnaga chiqadi: 12 foizlik narx
Kerakli mablag‘ 2021-yil may oyida topildi.
Oaktree – inqirozdagi aktivlarga ixtisoslashgan global investitsiya boshqaruvchisi – Suning’ga 275 million yevrolik qarz berdi. Uch yil muddat, yiliga 12 foiz. Qarzdor – Inter emas, balki Suning’ning klubni ushlab turgan Lyuksemburgdagi Grand Tower S.à r.l. holding kompaniyasi.
Bu detallar mayda tuyulishi mumkin, lekin aynan shu tuzilma hammasini hal qildi.
Qarz Inter balansiga tushmadi. Klubning o‘zi, futbolchilar, o‘yin kunidagi tushumlar garovga qo‘yilmadi. Garov – holding kompaniya aksiyalari. Qarz qaytarilmasa, Oaktree shu aksiyalarni qo‘lga kiritadi va avtomatik ravishda Inter’ning nazorat paketiga ega bo‘ladi.
Bitimning ikki jihati alohida ajralib turardi.
Birinchisi – foiz stavkasi. 12 foiz – Inter’ning avvalgi obligatsiyalariga nisbatan ancha yuqori. Bu Oaktree qabul qilayotgan risk darajasini aniq ko‘rsatardi. Qaytarilish klubi moliyaviy natijalariga emas, balki Suning qarzni qayta moliyalashtira oladimi, klubni sotasimi yoki yangi kapital topadimi, shunga bog‘liq edi.
Ikkinchisi – atigi uch yillik muddat. Xato qilishga joy deyarli qolmadi. Aniq rejalashtirilgan qayta moliyalashtirishsiz variantlar ikki xil edi: Suning Inter’ni sotadi va qarzni to‘laydi yoki Oaktree klubni egallaydi. O‘rtacha yo‘l deyarli yo‘q edi.
2022-yilda bosim yanada kuchaydi. Inter Media & Communication 6,75 foizlik foiz stavkali 415 million yevrolik yangi obligatsiya chiqarib, eski qarzlarini qayta moliyalashtirdi. Shu paytda Xitoyda Suning’ning ahvoli yanada yomonlashdi. Inter’ni sotish tobora yagona real chiqish yo‘liga o‘xshab qoldi.
Sotuv urinishlari: qog‘ozda jozibali, amalda og‘ir yuk
2022-yil sentyabrida bir nechta yirik nashrlar Zhang oilasi Goldman Sachs’ni xaridor izlash uchun yollaganini yozdi. Narx – taxminan 1,2 milliard yevro. Bu RedBird AC Milan uchun to‘lagan summaga yaqin. Keyinroq Financial Times xabariga ko‘ra, Raine Group ham jarayonga jalb etilgan.
Maqsad aniq edi: Inter’ni shunday narxda sotish kerak ediki, Oaktree qarzi to‘lansin, Suning o‘z sarmoyasining katta qismini qaytarib olsin, balki foyda ham ko‘rsin.
Sport jihatidan Inter hanuz yirik brend edi. Italiya futbolining eng katta nomlaridan biri, global muxlis bazasi, o‘sib borayotgan daromadlar, to‘rt mavsumda ikki marta Serie A chempionligi, 2023-yilda UEFA Champions League finali.
Lekin raqamlar ichiga kirgan sarmoyadorlar boshqacha manzarani ko‘rdi.
Klub obligatsiyalari kelajak pul oqimlariga jiddiy bosim qilardi. Oaktree qarzi esa yuqori foiz va payment-in-kind (PIK) mexanizmi sabab yil sayin shishib borardi – to‘lanmagan foiz asosiy qarzga qo‘shilib ketardi.
Struktura darajasidagi muammolar ham bor edi. Italiya ichki teletranslyatsiya huquqlaridan tushadigan daromad deyarli o‘smayapti. Inter o‘z stadioniga ega emas. San Siro – City of Milan mulki, u yerda klub AC Milan bilan bo‘lishib o‘ynaydi. Potensial investor uchun bu nimani anglatadi? Stadionni modernizatsiya qilish, atrofini rivojlantirish orqali qo‘shimcha qiymat yaratish imkoniyati juda cheklangan.
Natijada xaridorlar sog‘lom, yuqori daromadli grand-klub emas, balki katta qarz, o‘sish imkoniyatlari cheklangan, stadion ustidan nazorati yo‘q va so‘nggi yillardagi agressiv sarf-xarajatlar asosida shakllangan yuqori xarajatlar bazasiga ega tashkilotni ko‘rishdi. Qiziqish bo‘ldi. Lekin aniq taklif – yo‘q.
So‘nggi urinsh va majburiy almashinuv
Sotuv muvaffaqiyatsiz chiqqach, Suning Oaktree qarzini qayta moliyalashtirishga yana bir bor urinib ko‘rdi. Bir nechta manbalarga ko‘ra, AQShlik investitsiya menejeri PIMCO bilan muzokaralar bo‘lib o‘tgan. Ammo taklif etilgan yangi moliyalashtirish ham juda yuqori foiz stavkasi bilan kelishi kutilayotgandi.
Hatto bitim amalga oshgan taqdirda ham bu, ehtimol, faqat muammoni biroz orqaga surardi. Yakuniy tanlov o‘zgarmasdi: klub sotiladi yoki egalik huquqi kreditor qo‘liga o‘tadi.
Oaktree qarzi qanchalik tez “portlashi” ham shu davrda yaqqol ko‘rindi. 2024-yil mayiga kelib, PIK tuzilmasi sabab dastlabki 275 million yevro atrofida olingan qarz taxminan 395 million yevroga yetdi. Suning uni qaytara olmadi.
Bu orada Suning o‘z ulushining qanchalik qadrsizlanganini ham tan oldi. Kompaniya Inter’dagi 68,55 foizlik paketining balans qiymatini 586 million yevrodan atigi 148 million yevroga tushirdi. Taxminan 75 foizlik qisqarish. Amalda, aksiyadorlik qiymatining katta qismi allaqachon yo‘qolganini e’tirof etdi.
Inter global brend bo‘lib qoldi, sport nufuzi, dunyo bo‘ylab jozibasi bor. Lekin og‘ir qarz yuki aksiyadorlar ulushini deyarli yemirib yubordi.
22-may: klublar tarixida kam uchraydigan kun
2024-yil 22-may kuni Suning qarzni qaytara olmadi. Oaktree garov shartnomasidagi huquqlaridan foydalandi va Inter ustidan nazoratni qo‘lga oldi.
Bu klassik ma’nodagi sotib olish emas edi. Klub bozor narxida xarid qilinmadi. Egalik huquqi kreditor o‘z garovini amalga oshirgani uchun almashdi.
Suning davrining eng keskin saboqlaridan biri ham shu: qarz Inter’ning sport ambitsiyalarini moliyalashtiribgina qolmadi, oxir-oqibat klub kimga tegishli bo‘lishini ham belgilab berdi.
Nazorat bir kunda emas, asta-sekin o‘zgardi. Avval obligatsiya egalari tomon, so‘ng Oaktree tomon siljidi. 2024-yil mayida garov amalga oshirilgan paytga kelib, yakun deyarli muqarrar edi.
Endi esa savol boshqa: inqirozdagi aktivlarga ixtisoslashgan investor Yevropaning eng yirik klublaridan birini qanday boshqaradi? Va Inter qarzga tayanadigan o‘sish modelidan moliyaviy barqaror yo‘lga o‘ta oladimi?





