UZB sport

Pekinda kechgan g‘alati Superkubok: Juventusning isyoni

2012-yilning aynan shu kuni Juventus o‘z zamonaviy tarixidagi eng g‘alati sovrinlardan birini ko‘tardi. Ular bu ishni aynan o‘sha mavsumda Scudetto olib bergan bosh murabbiyisiz uddalashdi.

Fon oddiy emasdi. 2011–12 mavsumida Turin klubi chempionlikni qo‘lga kiritib, Napoli’ni ortda qoldirgandi. Ammo may oyida bo‘lib o‘tgan Coppa Italia finalida hammasi teskari o‘zgardi: Napoli 2:0 hisobida g‘alaba qozondi va Juventus’ni dubl orzusidan mahrum etdi. Uch oy o‘tib, yana to‘qnashuv, bu safar Supercoppa Italiana. Joy – Pekin, Bird's Nest stadioni. 75 ming muxlis, Italiya futbolining sahna ortidagi dramasi esa Xitoy poytaxtida davom etardi.

Shu o‘yinga kelib, Juventus uchun zamin allaqachon chayqalgan edi.

O‘yindan bir kun oldin Antonio Conte Siena davriga oid ehtimoliy “match-fixing” bo‘yicha xabar bermagani uchun 10 oylik diskvalifikatsiya oldi. Klub uchun zarba, jamoa uchun shok. Bir zumda sahnaga Massimo Carrera chiqdi – Conte yordamchisi, ilk bor bosh murabbiy sifatida, deyarli tayyorgarliksiz, birdaniga finalga tashlangan odam. Bunday fon bilan Superkubokga chiqish – ideal ssenariy emasdi.

Boshlanish ham shunga yarasha bo‘ldi. Napoli o‘yinni qo‘lga oldi, birinchi bo‘lib zarba berdi. 27-daqiqada Edinson Cavani hisobni ochdi – himoya chalg‘idi, urugvaylik hujumchi esa bunday sovg‘alarni kechirmaydiganlardan. Juventus titrab ketdi, ammo qulamadi. 37-daqiqada Kwadwo Asamoah chap qanotdan kelgan hujumni yakunlab, hisobni tenglashtirdi. Shu paytcha Carrera uchun nafas olish imkoni paydo bo‘lgandek tuyuldi.

Ammo tanaffus oldidan yana zarba. Goran Pandev bo‘shliqni topdi, zarbasini aniq yo‘lladi va Napoli yana oldinga o‘tib oldi. Birinchi bo‘lim tugaganda tablodagi raqamlar Juventus uchun og‘ir haqiqatni ko‘rsatardi: 1:2, murabbiy – diskvalifikatsiyada, o‘rindiq qisqa, tayyorgarlik esa deyarli nol.

Shunday pallalarda yirik klublarning ichki mentaliteti sinovdan o‘tadi.

Ikkinchi bo‘limda Juventus sekin-asta maydon markazini o‘z qo‘liga ola boshladi, pressing kuchaydi, Napoli esa orqaga chekina boshladi. Bosim oxir-oqibat natija berdi. 73-daqiqada turinliklar penalti qo‘lga kiritdi, Arturo Vidal esa bu imkoniyatni qo‘ldan boy bermadi. Sovuqqonlik, aniq zarba, 2:2. O‘yin qo‘shimcha daqiqalar sari sudralayotgan bir paytda nervlar taranglashdi.

Shunda voqealar butunlay izdan chiqdi.

85-daqiqada Pandev qizil kartochka oldi. Napoli bir futbolchidan ayrildi, ritm buzildi. Ustiga ustak, to‘xtab qolgan vaqt daqiqalarida Camilo Zúñiga ikkinchi sariqni olib, maydonni tark etdi. Endi maydonda to‘qqiz nafar neapollik, murabbiy Walter Mazzarri ham tribunaga jo‘natilgan. Intizomiy bo‘ron Napoli’ni ichidan yemira boshladi.

Qo‘shimcha bo‘limlar esa Juventusning xarakter namoyishiga aylandi. 97-daqiqada Christian Maggio o‘z darvozasiga gol urib qo‘ydi – himoyadagi chalkashlik, charchoq, bosim, hammasi bir zarbaga jam bo‘ldi. 3:2. Endi vaziyatni Turin klubi boshqarardi. 101-daqiqada Mirko Vučinić yakuniy nuqtani qo‘ydi – hujum, aniqlik, sovuqqonlik. 4:2, va bu safar Neapoldan javob yo‘q edi.

Bu sovrin Juventus muzeyidagi eng yirik kubok emas. Ammo uning hikoyasi o‘zgacha. Murabbiy diskvalifikatsiyada, yordamchi debyutda, jamoa tanaffusda ortda, raqib o‘yinning katta qismini qo‘lida ushlab turgan paytda ham Turin klubi yo‘l topdi. Aynan shuning uchun ham bu Superkubok yillar o‘tib ham esga olinadi.

Chindan ham, o‘sha kuni Pekinda Juventus bu kubokni yutishga qanchalik “haqli” edi? Yoki bu o‘yin klub xarakterining eng toza ko‘rinishlaridan biri bo‘lib qoldimi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling