Osiyo futboli: umid va muvaffaqiyatsizliklar
Bu yoz yozda Osiyo uchun hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Shunday tuyulgandi.
2026-yilgi jahon chempionati Janubiy Koreyaning Chexiya ustidan chaqnagan g‘alabasi bilan ochildi. To‘rt kun davomida Osiyo Futbol Konfederatsiyasi vakillari mag‘lub bo‘lmadi, asosan duranglar bilan bo‘lsa-da, turnirga mahkam yopishib olishdi. Umid uyg‘ondi, stadionlarda osiyolik muxlislarning ovozi balandlashdi.
Oltinchi kun kelganda esa omad yuz o‘girdi. Va mag‘lubiyatlar yomg‘ir bo‘lib yog‘ildi.
Kengaygan mundial, toraygan imkoniyat
Kengaytirilgan format Osiyoga tarixiy imkoniyat berdi: AFC’dan rekord darajada — to‘qqiz terma jamoa final bosqichiga chiqdi. Ammo guruh bosqichi yakuniga kelib, ularning yettitasi allaqachon uyiga jo‘nab bo‘lgandi: Janubiy Koreya, Eron, Iroq, Iordaniya, Qatar, Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston. Oxirgi ikkita vakil — Avstraliya va Yaponiya ham 1/32 finalda taslim bo‘ldi.
Natijada AFC bu mundialda tarkibidagi barcha jamoalari barvaqt safdan chiqqan ilk yirik konfederatsiyaga aylandi. Okeaniya allaqachon chetda edi, lekin u yerda faqat bitta vakil — Yangi Zelandiya bor edi, xolos.
Bu faqat alohida mamlakatlar uchun zarba emasdi. Bu butun qit’a futbolining o‘ziga berilgan sovuq tashxis bo‘ldi. Bugun Osiyodan Yevropa klublarida to‘p surayotgan futbolchilar ko‘paygan, qit’ada o‘yin uchun sarflanayotgan pul va mehnat hajmi oshgan. Ammo eng katta sahna — jahon chempionati parda ochganida, AFC vakillari 29 o‘yindan atigi uchta g‘alabani siqib chiqara oldi, xolos.
Olti mundial ketma-ket. Shuncha musobaqa davomida Osiyodan birorta terma jamoa pley-offda g‘alaba qozona olmadi.
Avstraliyada yashovchi, The Asian Game onlayn nashri hammuassisi Pol Uilyams buni qisqa, ammo aniq ta’riflaydi: Osiyo futboli ma’lum darajada raqobatbardosh bo‘la olayapti, lekin baribir qolgan dunyo bilan o‘rtada ko‘prik qurilmagan bo‘shliq bor.
Savol tug‘iladi: nima to‘sqinlik qilmoqda? Yo bo‘lmasa, Osiyoning ham navbati kelishi, Yevropa, Janubiy Amerika va yaqinda Afrika ko‘rgan lahzani tatib ko‘rishi faqat vaqt masalasimi?
Janubiy Koreya: umid va qulash
AFC vakillari ichida eng katta xafagarchilik, tabiiyki, Janubiy Koreya bilan bog‘liq. Guruhida ikkinchi eng yuqori reytingga ega jamoa sifatida ular turnirni yorqin boshlashdi, ammo davom ettira olishmadi. Taeguk Warriors dastlabki g‘alabadan so‘ng asta-sekin parokanda bo‘lib bordi, Meksika va Janubiy Afrika bilan o‘yinlarda na tartib, na aniq reja ko‘rsatdi.
Seulda faoliyat yurituvchi jurnalist, Football-Asian.com asoschisi Xan June bu mag‘lubiyatni birgina omilga bog‘lab bo‘lmasligini aytadi. Uning fikricha, terma jamoa bir butun bo‘lib shakllanolmadi, taktik va strategik qarorlar zaif bo‘ldi. Murabbiy xato qildi, futbolchilar xato qildi, tashkilot va boshqaruv ham xato qildi.
Tezkor chiqib ketish mamlakat futbolini ichkaridan larzaga keltirdi. Murabbiy Hong Myung-bo tayinlanishida qarindoshlik va tanish-bilishchilik bo‘lgan, degan ayblovlar atrofida g‘azab to‘lqini ko‘tarildi. Prezident Li Jae Myung voqeani tekshirishni talab qildi. Hong ham, Koreya Futbol Assotsiatsiyasi rahbari Chung Mong-gyu ham iste’foga chiqdi.
Katta sarmoya, kichik natija
Qatar va Saudiya Arabistoni ham kutganiga yetmadi. Ikkala mamlakat ham yillardan beri futbolga ulkan mablag‘ yo‘naltirib keladi, infratuzilma, liga, yulduz futbolchilar — hammasi bor. Ammo jahon chempionatida bu sarmoyaning natijasi turnir jadvalida aks etmay qoldi.
Debyutantlar Iordaniya va O‘zbekiston hech bir o‘yinda g‘alaba qozona olmadi, lekin ularning mundiali butunlay rangsiz ham bo‘lib ketmadi. Iordaniya Argentinaga, O‘zbekiston Kolumbiyaga gol urdi — bu lahzalar tarixga yozildi, muxlislar xotirasida qoldi. Lekin bu faqat epizodlar edi, uzoq yurish emas.
Ba’zi jamoalar uchun qur’a ham shafqatsiz bo‘ldi. 40 yildan so‘ng mundialga qaytgan Iroq Senegal, Fransiya va Norvegiya bilan bir guruhga tushdi — turnirdagi eng og‘ir to‘dalardan biri. Yaponiya 1/32 finalga chiqqach, taqdir uni ikkita gigant — Marokash yoki Braziliyadan biriga duch qilishini allaqachon yozib qo‘ygandi. Oxir-oqibat, yaponlar Braziliyaga yutqazdi.
Avstraliya esa Misr bilan durangdan so‘ng taqdirni penaltilarga topshirdi. O‘sha seriya ularning butun kampaniyasini belgilab berdi.
Eron: urush soyasidagi terma jamoa
Eron uchun esa bu mundial sportdan ko‘ra ko‘proq geosiyosat bilan qorishib ketdi. AQSh bilan urush boshlanganidan so‘ng mamlakat ichki chempionati to‘xtab qoldi. Oylar davomida futbolchilar raqobatbardosh o‘yin amaliyotisiz qoldi.
Turnir boshlanganda esa AQShning urush bilan bog‘liq sayohat cheklovlari Eronga yangi to‘siqlar qo‘ydi. Terma jamoa o‘z bazasi joylashgan Meksikodan AQShga uchib kelib-ketishga majbur bo‘ldi. Qo‘llab-quvvatlovchi shtabning ko‘plab a’zolariga viza berilmadi, ular jamoa bilan birga bo‘la olmadi.
Yaponiyada yashovchi, Asian Football Show podkastining eronlik-kanadalik hammuallifi Arya Nourizadeh Eronni turnirga eng kam tayyorlangan jamoa sifatida ko‘radi. Baribir, uchta o‘yin ham durang bilan tugadi — bu maydondagi kuchni ko‘rsatadi. Lekin bu ham yetmadi. Pley-off eshigi ochilmadi.
Sevgisi ko‘p, tizimi notekis
Osiyoning jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsizliklarini maydondagi ehtiros yetishmasligi bilan tushuntirib bo‘lmaydi. Singapurdan tortib Indoneziyagacha, futbol bu qit’ada asrga yaqin tarixga ega, ko‘p joylarda u Yevropa mustamlakachiligi davrida shakllangan.
Ayniqsa, Fors ko‘rfazi mamlakatlarida. Bugun bu hudud futbol bozorining eng tez o‘sayotgan mintaqalaridan biri sanaladi. Qatar poytaxtidagi universitetda dars beradigan tarixchi, Football in the Middle East: State, Society, and the Beautiful Game kitobi muharriri Abdulla Al-Arian futbolni milliy o‘zlik va mustaqillik kurashlari bilan chambarchas bog‘laydi. O‘yin o‘tgan asr davomida ommaviy madaniyatning ajralmas qismiga aylangan.
Ammo nemis tadqiqotchisi Ben Vaynbergning ta’kidlashicha, futbol ildizlari chuqur bo‘lsa-da, ko‘plab Osiyo mamlakatlarida sportning professional bosqichga o‘tishi juda kech boshlandi. Yevropa va Janubiy Amerika esa orada avlodma-avlod elita murabbiylik, kuchli musobaqalar va futbol madaniyatini jamlab bordi.
AFC 1954-yilda tashkil topgan. O‘shandan buyon konfederatsiya oddiy musobqa tashkilotchisidan mintaqaviy rivojlanish bo‘yicha faol o‘yinchiga aylanishga urinmoqda. Ammo uning tarkibida 47 a’zo bor — Xitoydan Avstraliyagacha, Livandan Yaponiyagacha. Iqtisodiy, siyosiy va futbol sharoitlari o‘rtasidagi tafovutlar ulkan.
Shunday hududda yagona strategiya yuritish murakkab. AFC oldida doimiy savol turadi: resurslarni hamma bo‘ylab teng yoyish kerakmi yoki eng katta salohiyatga ega bir nechta mamlakatni alohida qo‘llab-quvvatlagan ma’qulmi? Birinchi yo‘l umumiy saviyani ko‘tarishi mumkin, lekin elita dasturlar uchun mablag‘ni kamaytiradi. Ikkinchi yo‘l esa qolganlarni orqada qoldirishi ehtimoli bor.
Baribir, oxir-oqibat futbolchini ham, murabbiyni ham milliy assotsiatsiyalar tayyorlaydi. Demak, natijaning katta qismi ichki tizimga borib taqaladi.
Tashqariga chiqmagan jamoa ichkarida qoladi
Bir narsa aniq: jahon chempionatida yutuq uchun Osiyo jamoalariga Osiyodan tashqaridagi tajriba zarur. Bu ham individual futbolchilar, ham terma jamoalar uchun hal qiluvchi omil.
Osiyolik o‘yinchilar Yevropa ligalarida tobora ko‘proq ko‘rinmoqda. Ammo The Asian Game vakili Uilyamsning fikricha, bu yetarli emas. Eng yuqori darajadagi ligalarda, eng kuchli raqiblar fonida muntazam o‘ynash — futbolchini ham, uning mentalitetini ham boshqa darajaga olib chiqadi.
Nourizadeh esa Osiyo ichida ham o‘zaro raqobatni ko‘paytirish tarafdori. Hozirgi asosiy turnir — har to‘rt yilda bir o‘tkaziladigan Osiyo Kubogi, unda 24 ta eng yaxshi terma jamoa qatnashadi. Taklif etilayotgan Nations League formatida esa barcha 47 a’zo ishtirok etishi mumkin. Bu kuchsizroq terma jamoalarga ham yirik raqiblar bilan tez-tez to‘qnash kelish imkonini beradi.
Osiyo qachon kubokni ko‘taradi?
AFC bugun tarixdagi eng kuchli holatida, deydi ko‘plab mutaxassislar. Jamoalar salohiyati oshmoqda, infratuzilma yaxshilanmoqda. Lekin dunyoning boshqa burchaklarida ham xuddi shunday jarayon ketmoqda. Sifat chegarasi doimiy ravishda yuqoriga surilyapti. Moslashmagan jamoa ortda qoladi.
Hozircha eng katta va eng aniq va’da Yaponiyaga tegishli. Bu mamlakat 2050-yilgacha jahon chempionatida g‘olib chiqishni maqsad qilgan. Hali pley-off bosqichida birorta g‘alaba yo‘q, ammo guruh bosqichida Germaniya va Ispaniya kabi gigantlarni mag‘lub etishdi — bu tasodif emas, tizimli ishning mevasi.
1992-yilda Yaponiya futbol uchun 100 yillik konsepsiya qabul qildi. Professional klublar soni ko‘paytirildi, yoshlar akademiyalariga va elita murabbiylarni tayyorlashga katta mablag‘ yo‘naltirildi. Pol Uilyams bu modelni boshqa Osiyo mamlakatlari uchun ham yo‘l xaritasi sifatida ko‘radi. Sehrli tugma yo‘q. Poydevor, murabbiylik va sabr bor, xolos.
Yevropa va Janubiy Amerikadan tashqaridagi birinchi jahon chempioni qachon paydo bo‘lishini hech kim bilmaydi. Balki Afrika bo‘lar, balki Osiyo. Ammo bir narsa aniq: bu sodir bo‘lganda futbol tarixida yangi bob ochiladi.
Savol shuki, bu yangi bobda Osiyo qaysi sahifada turadi — chetda kuzatuvchi sifatida emas, balki sahnaning markazida, kubokni ko‘tarayotgan jamoa sifatida bo‘la oladimi?






