NBA jarohatlari: sabablari va oldini olish usullari

Hech kim jarohat xohlamaydi. Na yulduz, na murabbiy shtabi, na klub, na liga, na muxlislar.
Lekin jarohat baribir topadi. Har mavsum, har hafta, ba’zan esa bir kechada.
NBA esa bu haqiqat bilan yashashga majbur. Yillar davomida liga tibbiyot xodimlari, sport olimlari, atletik tayyorgarlik murabbiylari va sport tibbiyoti mutaxassislarini safarbar qilib, jarohatlarni o‘rganishga, ularning ildizini topishga urinib keladi. Maqsad bitta: parketdagi iste’dodni imkon qadar uzoqroq sog‘lom saqlash.
“Har kuni kuzatyapmiz”
NBA sport tibbiyoti direktori doktor John DiFiori bu mavzuni ochiq tan oladi. Uning aytishicha, jarohatlarning oldini olish bugungi professional sportdagi eng katta sinovlardan biri bo‘lib turibdi. Liga esa bu masalaga shunchaki “siyosiy” shior sifatida emas, amaliy front sifatida qaraydi.
Uning ta’kidlashicha, mavsum davomida jarohatlar bo‘yicha monitoring har kuni olib boriladi. Statistik ma’lumotlar, trendlar, noodatiy ketma-ketliklar – hammasi tekshiriladi. Mavsum boshida namuna hajmi kichik bo‘lishiga qaramay, NBA “hammasi joyida” deb beparvo ham bo‘lmaydi, “osmon qulayapti” degan vahimaga ham berilmaydi. Shubha tug‘ildimi – darhol tekshiruv, tahlil, ehtimoliy aralashuv.
Bu mavsumning dastlabki uch haftasida bir nechta yulduz o‘yinchilarning g‘alati va ko‘zga tashlanadigan jarohatlari muhokama markazida bo‘ldi. Lekin raqamlar boshqa manzarani chizadi. 22-noyabr holatiga ko‘ra, liga ma’lumotlari shuni ko‘rsatmoqda:
- yulduz o‘yinchilar o‘yinlarning 76 foizida maydonga tushmoqda (o‘tgan mavsum – 64 foiz);
- yulduzlar orasida o‘yin o‘tkazib yuborishga olib keladigan jarohatlar soni mavsumdan-mavsumga 15 foizga kamaygan;
- asosiy tarkib darajasidagi o‘yinchilar orasida bu ko‘rsatkich 18 foizga tushgan.
DiFiori buni shunday izohlaydi: mavsumning ayni shu bosqichida liga so‘nggi yillarda kuzatilgan darajadan keskin farq qilmayapti.
Bitta sabab emas, butun tizim
DiFiori ham, NBA o‘yinchilar salomatligi bo‘yicha katta vitse-prezidenti Drew Galbraith ham jarohatlar haqida gap ketganda bitta so‘zga qayta-qayta murojaat qiladi: “ko‘p omilli”. Ya’ni, bitta omilni “jinoyatchi” qilib ko‘rsatish oson, lekin noto‘g‘ri. O‘yin uslubi, yuklama, dam olish, o‘tmishdagi jarohatlar, yoshligidan boshlab o‘ynalgan basketbol hajmi – barchasi bitta zanjirning bo‘g‘inlari.
Maydon kengaydi, tezlik oshdi
Bugungi basketbol kechagi emas. Ayniqsa, bo‘shliq va tezlik nuqtai nazaridan. Galbraithning so‘zlariga ko‘ra, liga Musobaqalar qo‘mitasi bilan birga o‘yin uslubini o‘rganib, kechagi yuqori temp davrlari – masalan, 1980-yillar oxiri – bilan bugungi kunni taqqoslagan.
Bugungi o‘yin maydonga yoyilgan. Himoyachilar hujumchini 25–30 fut uzoqlikda, ba’zan uch chorak maydonga qadar ta’qib qiladi. Har bir tranzitsiya, har bir kesish, har bir tezlanish va to‘satdan to‘xtash – bu tanaga zarba. So‘nggi o‘n yil ichida yuqori tezlikdagi tezlanish va sekinlashishlar soni, o‘yinlardagi egaliklar, intensivlikni belgilovchi boshqa ko‘plab ko‘rsatkichlar oshgan.
Natija? So‘nggi yillarda o‘yinchilar avvalgi o‘n yilliklarga qaraganda tez-tez jarohat olyapti. O‘yin go‘zallashdi, ammo narxi ham oshdi.
Jarohatlarning ildizi ko‘pincha o‘tmishda
Yana bir nozik nuqta bor: o‘yinchi NBAga kelguniga qadar boshidan kechirgan jarohatlar. DiFiori bu mavzuga alohida urg‘u beradi. Uning fikricha, sport tibbiyoti va jarohatlar epidemiologiyasi bilan shug‘ullanuvchi ko‘pchilik mutaxassislar bitta fikrda yakdil: yangi jarohat uchun eng katta xavf omili – avvalgi jarohat.
So‘nggi o‘n yilliklarda bolalar va o‘smirlar sportidagi o‘zgarishlar – ayniqsa, yoshlar basketbolida – ligani o‘ylantirayotgan masalalardan. Juda katta musobaqa hajmi, yetarli tiklanmaslik, yuklamaning nazoratsizligi, o‘sha paytdagi jarohatlar… Bularning barchasi yillar o‘tib elita darajasidagi professionallarga qanday ta’sir qilmoqda? NBA bu savolni jiddiy o‘rganmoqda. Bu faqat liga emas, balki boshqa tashkilotlar va tadqiqotchilarni ham tashvishga solayotgan mavzu.
Inson tanasining chegarasi qayerda?
Bugungi basketbolchi – bu avvalgi avlodlarga qaraganda butunlay boshqa darajadagi atlet. Bo‘y baland, vazn kuchli, tezlik keskin, portlovchanlik maksimal. Kuch, moment, zarba – hammasi rekord darajada.
Galbraith bu kombinatsiya ham o‘ziga xos xavfni olib kelishini tan oladi, ammo hozircha aniq “aybdor qatlam” topilmaganini aytadi. Shunga qaramay, mantiq oddiy: inson tanasi imkoniyatlar chegarasini qanchalik zo‘rlasa, mayda foizlar darajasidagi yutuq ham katta narx evaziga keladi.
NBA o‘yinchilari esa imkon qadar ko‘proq o‘yin o‘tkazish, tanasini parvarish qilish, mashg‘ulotlar, dam olish, ovqatlanish, uyqu – hammasini nazorat qilishga urinadi. Lekin savol ochiq qoladi: bu chegarani qanchaga qadar surish mumkin?
Mavsum uzunligi: kamroq o‘yin – kamroq jarohatmi?
Har mavsumda takrorlanadigan bahs: o‘yinlar sonini qisqartirish kerakmi? 82 o‘riniga 70? 48 daqiqa o‘rniga 40? Yuzaki mantiq oddiy: kamroq o‘yin – kamroq xavf.
Galbraith bu borada keng ko‘lamli tahlillar o‘tkazilganini aytadi. Liga yillar davomida mavsumning har haftasidagi jarohat ko‘rsatkichlarini solishtirgan. Manzara kutilganidek emas: mavsum davomida jarohatlar darajasi deyarli o‘zgarmaydi.
Faqat ikkita istisno ko‘rinadi. All-Star tanaffusidan keyingi dastlabki uch hafta – bu davrda ko‘rsatkich biroz oshadi. Ba’zi mavsumlarda esa boshlang‘ich haftalarda yumshoq to‘qima jarohatlari yuqoriroq bo‘lgan. Sabab tushunarli: tanaffus, bir necha kun ketma-ket parketdan uzoqlashish, so‘ng keskin “gaz” bosish.
Playofflarga kelsak, tasvir o‘zgaradi: pley-offdagi jarohatlar darajasi muntazam mavsumdagidan ancha past. Temp yuqori, bosim ulkan bo‘lsa-da, tayyorgarlik darajasi, rotatsiya torayishi va o‘yinlarga yondashuv boshqacha.
Shu fon’da, doktor Brian Sutterer ham o‘z kuzatuvlarini bildirgan. U ma’lumotlar qisqaroq mavsumning yagona aniq foydasi – shunchaki jarohat olish mumkin bo‘lgan o‘yinlar sonining kamayishi ekanini ta’kidlaydi. Uning qayd etishicha, jadval zichligi, ketma-ket o‘yinlar va shunga o‘xshash omillar jarohatlarning oshishiga bevosita sabab sifatida tasdiqlanmagan. Xuddi shuningdek, “load management” va qo‘shimcha dam kunlari ham jarohatlarni kamaytirgani bo‘yicha ishonchli dalillar yo‘q.
DiFiori esa bu bahsning murakkabligini e’tirof etadi. Mavsumni qisqartirish – bu shunchaki minus beshta o‘yin emas. Har bir o‘yin, har bir egalikning qiymati oshadi, intensivlik yanada ko‘tariladi. Bu esa o‘z navbatida boshqa, oldindan ko‘rinmaydigan oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Mavsum starti: tayyorgarlik yetarlimi?
Jarohatlar aynan mavsum boshida tez-tez tilga olinayotgan bir paytda, NBA mashg‘ulotlar yig‘ini va mavsumoldi o‘yinlari formatini ham ko‘zdan kechirmoqda.
Galbraithning aytishicha, liga jamoalar shtabi bilan birga o‘yinchilarni yozgi davrdan boshlab to‘g‘ri tayyorlash, ularni qisqa mavsumoldi davridan to 82 o‘yinga tayyorlab borish bo‘yicha doimiy ishlamoqda. Bu yerda NBA o‘zini boshqa ligalar, masalan, NFL bilan taqqoslaydi: u yerda mavsum oralig‘ida qat’iy belgilangan mashg‘ulot kunlari, majburiy ishtirok etiladigan dasturlar mavjud. NBAda esa bunday tizim yo‘q, shuning uchun jamoalar, liga va o‘yinchilarning shaxsiy murabbiylari o‘rtasidagi hamkorlik hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Liga jamoalarga eng yaxshi amaliyotlar, ilmiy asoslangan dasturlar, tavsiyalarni taqdim etadi. Maqsad – qisqa mavsumoldi davrini shunchaki “ritm topish” emas, balki butun mavsum yuklamasiga tanani tayyorlash uchun haqiqiy platformaga aylantirish.
DiFiori bu yerda bitta muhim nuqtani eslatadi: gap faqat liga darajasidagi tashabbuslarda emas. Har kuni, har mavsum, har mavsumoldi davrida klub tibbiyot shtablari o‘z ichida titanik ish olib boradi. Jarohatlarning oldini olish, ro‘y bergan taqdirda esa o‘yinchini maydonga sog‘lom holatda qaytarish – ularning asosiy vazifasi.
NBA bugun jarohatlar mavzusiga hech qachon bo‘lmagandek chuqur sho‘ng‘igan. Savol esa hanuz o‘sha: inson tanasi va zamonaviy basketbol tezligining chorrahasi qayerda to‘qnashadi – va bu chiziqni yana qanchaga surish mumkin?
