Mourinho va Diomande: Sabrlik Reja
Joze Mourinho yangi yulduz bilan shoshilmayapti. U bu orqali bir vaqtning o‘zida ikki maqsadga erishyapti: Diomande’ga moslashish uchun nafas olish imkonini beryapti va allaqachon o‘z o‘rnini isbotlagan futbolchilarga nisbatan adolatni saqlayapti.
Arda Guler va Brahim Diaz bunga yaqqol misol. Ular yozgi tayyorgarlik davrini zo‘r o‘tkazdi, yillab zaxiradan chiqib, imkoniyatdan foydalanib, bugungi kundagi maqomiga yetib keldi. Mourinho ularning ishini bir zumda inkor etmaydi. Yangi kelgan har qanday futbolchi, hatto Diomande darajasidagi hujumchi bo‘lsa ham, bu ierarxiyani bir kunda ag‘darib tashlamaydi.
Bu borada Xabi Alonso yondashuvi keskin farq qiladi. U yangi kelgan Mastantuono’ni markazga qo‘ydi, buning evaziga Rodrygo, Diaz, hattoki Vinicius kabi tayyor yulduzlarning daqiqalari qisqardi. Natija uzoq kuttirmadi: argentinalik yosh iste’dod ortiqcha yuklama ostida yonib ketdi, doimiy asosiy tarkib futbolchisiga aylanishga hali tayyor emasligi ko‘rindi. Shundan keyin kiyinish xonasidagi muvozanat ham qo‘ldan ketdi.
Mourinho esa aynan shu xatoni takrorlamayapti. Uning rejasi Diomande’ni himoya qiladi. Avval mashg‘ulotlar, keyin sekin-asta o‘yin daqiqalari, so‘nggina asosiy tarkib. Bosimni bo‘g‘ib tashlaydigan shov-shuvsiz, ammo qat’iy yo‘l.
Mashg‘ulotlar – bu rejaning markazi. Mourinho Diomande’ni jamoa mexanikasiga qayta-qayta soladi, harakatlanish yo‘nalishlarini, pressing lahzalarini, kombinatsion hujumlarni takrorlab o‘rgatadi. Unga maydonda nafaqat gol uradigan, balki tizimning bir bo‘lagiga aylangan hujumchi kerak.
Eng muhimi, futbolchining o‘zi buni qabul qilgan. Diomande vaziyatni tushungan, murabbiyiga ishonadi, yuzida tabassum, tana tilida shoshilish yo‘q. Bu bo‘sh keladigan yigit emas. O‘tgan mavsumda u Leipzig safida Bundesliga’da 34 o‘yindan 33 tasida maydonga tushdi, ularning 28 tasida asosiy tarkibda boshladi, 12 ta gol urdi va 8 ta golli uzatma berdi. Bu raqamlar tasodif emas, yuqori darajadagi hujumchining vizit kartasi.
Shunday bo‘lsa-da, Mourinho uchun o‘tmish emas, kelajak muhimroq. U Diomande’ni darhol yulduzga aylantirish o‘rniga, to‘g‘ri vaqtda portlashga tayyor bo‘lgan qurol sifatida shakllantiryapti. Agar hammasi reja bo‘yicha ketsa, u asosiy tarkibga o‘z yo‘lini o‘zi ochadi – bosimni emas, o‘z o‘yinini maydonga olib chiqib.
Savol endi bitta: bu sabr bilan qurilayotgan reja qachon va qaysi katta sahnada o‘z mevasini beradi?







