Los Angeles Lakers: Mavsumni 15–3 bilan boshladi, chempionlik imkoniyatlari qanday?

Los Angeles Lakers mavsumni 15–3 bilan boshladi. Statistik kitoblar bunday startni ko‘rsa, odatda bitta xulosa chiqaradi: bu jamoa iyun oyida ham maydonda bo‘ladi.
ESPN Insights ma’lumotiga ko‘ra, 21-asrda Lakers aynan shunday start olgan besh mavsumning barchasida NBA Finaliga yetib borgan. To‘rttasida esa kubokni ham ko‘targan: 2001–02, 2008–09, 2009–10 va 2019–20 yillarda. Yagona og‘riqli istisno – 2003–04, Chauncey Billups boshchiligidagi Detroit Pistons ularni Finalda to‘xtatgan mavsum.
Endi esa bu ssenariy oltinchi marta takrorlanmoqda. “Bubble”dan keyingi ilk bor.
Tarix yonida, bukmekerlar esa qarshi
Raqamlar Lakers’ni Finalga olib borayotgan bo‘lsa-da, bozor bunga ishonmayapti. NBA Cup doirasidagi San Antonio Spurs bilan juma kungi o‘yin arafasida Los Angeles chempionlik uchun faqat sakkizinchi favorit sifatida baholanmoqda.
Ularning oldida kimlar turibdi? Spurs, Philadelphia 76ers, Oklahoma City Thunder, Boston Celtics, New York Knicks, Houston Rockets va Minnesota Timberwolves. Shuncha tarix, shuncha chempionlik tajribasi — baribir sakkizinchi qatorda.
Buning asosiy sababi aniq: taqvim. Lakers hozircha liga bo‘yicha ikkinchi eng oson dastlabki jadvaldan foyda ko‘rgan jamoa sifatida ko‘rilmoqda. Ular hali g‘arbning kuchli oltitaligidan deyarli hech kimga duch kelgani yo‘q. Thunder, Timberwolves, Rockets, Grizzlies, Nuggets – hanuz raqib sifatida ko‘rinmadi. Sharqning yirik markazlari – 76ers, Knicks, Celtics bilan ham uchrashuv bo‘lmagan.
Shu sabab skautlar bu startni “yumshoq” deb baholayapti va Lakers’ni haqiqiy chempionlik da’vogarlari qatoriga qo‘shishga shoshilmayapti.
“Hali erta” – ekspertlarning pozitsiyasi
ESPN insayderi Tim MacMahon ham ehtiyotkor tomonda. Uning fikricha, Lakers’ni hozircha chempionlik uchun asosiy nomzodlar qatoriga qo‘shish “erta”.
“Keyingi bir necha o‘yinda Lakers haqida juda ko‘p narsani bilib olamiz”, – deydi u ESPN’ning “Get Up” dasturida. Oldinda Spurs, Rockets va Grizzlies bilan safardagi uchrashuvlar turibdi. Aynan shu uchlik, uning nazarida, jamoaning hozirgi pozitsiyasini aniqroq ko‘rsatib beradi.
Agar Lakers shu safardan ishonchli natija bilan qaytsa, MacMahon fikricha, ularni liga eng kuchli jamoalari qatoriga qo‘shish masalasini qayta ko‘rib chiqish vaqti keladi. Ammo hozircha u “eng zo‘rlar” davrasiga kirish uchun asos yetarli emas, degan pozitsiyada.
Spurs uchun sinov, Lakers uchun narrativni o‘zgartirish imkoniyati
NBA Cup guruh bosqichidagi Spurs bilan duel – oddiy noyabr o‘yini emas. Bu uchrashuv Lakers uchun qarashlarni o‘zgartirish imkoniyati, Spurs uchun esa o‘zlarini elita sifatida ko‘rsatish maydoni.
Spurs sharhlovchisi Sean Elliott esa Lakers’ga nisbatan yanada keskinroq. U Los Angeles’ni chempionlik poygasidan butunlay chiqarib tashlagan.
“Lakers chempion bo‘lmaydi. Bo‘lmaydi”, – deydi u Lakers – Spurs o‘yini oldidan. Uning nazarida, bu jamoa tomosha uchun yoqimli bo‘lishi mumkin, lekin hal qiluvchi poygada – yo‘q.
Elliott chempionlik uchun haqiqiy da’vogar sifatida atigi to‘rt klubni tilga oldi: Spurs, Thunder, 76ers va Knicks. Lakers bu ro‘yxatda yo‘q.
Oldinda nima kutyapti?
Tarixiy tendensiyalar bir tomonda, hozirgi shubhalar boshqa tomonda turibdi. Bir tarafda – 15–3 bilan boshlangan har bir mavsumda Final ko‘rgan Lakers. Ikkinchi tarafda – oson taqvim, past baholar va ochiqchasiga shubha qilayotgan ekspertlar.
Juma kuni Spurs ustidan g‘alaba bu shubhalarni birdaniga yo‘qotmaydi. Lekin ohangni o‘zgartirishi mumkin. Raqib sifatida yuqori baholanayotgan jamoaga qarshi g‘alaba – ayniqsa safarda – bu jamoa starti shunchaki “yumshoq jadval mahsuli” emasligini ko‘rsatadigan ilk jiddiy signal bo‘ladi.
Savol endi bitta: Lakers yana bir bor tarixiy ssenariyni takrorlay oladimi yoki bu safar raqamlar ham adashadimi?
