Lee Reeves 31 yoshida vafot etdi: Ring qahramoni va ruhiy salomatlik faoli

Irlandiyalik bokschi Lee Reeves 31 yoshida vafot etdi. Uning promouterlik kompaniyasi Queensberry uch oy davom etgan og‘ir kurashdan so‘ng dahshatli xabarni tasdiqladi.
1-avgust kuni Dublin shahridagi 3Arena zalida u bo‘sh turgan BUI Celtic yengil yarim o‘rta vazn kamari uchun Gary Cullyga qarshi ringga ko‘tarilgandi. O‘n raundlik jangning so‘nggi daqiqalarida Reeves nokautga uchradi. O‘sha kecha uning hayoti butunlay o‘zgardi.
Ringdan reanimatsiyaga
Limerikdan chiqqan chap qo‘l bokschi jang tugashi bilan zaldan nogironlar aravachasida emas, balki zambilga yotqizilgan holda olib chiqildi. U darhol shifoxonaga yetkazildi. Holati “tanqidiy, biroq barqaror” deb baholandi.
Shifokorlar uni zudlik bilan operatsiya stoliga yotqizdi. Shundan keyin Reeves tibbiy koma holatida qoldi. Uch oy davomida ringda jang qilgan yigit reanimatsiya palatasida hayot uchun kurashdi. Bu safar raqibi vaqt, jarohatlar va inson tanasining chidamlilik chegarasi bo‘ldi.
U yengolmadi.
Murabbiyning og‘ir vidolashi
Do‘sti va murabbiyi Jonathan O'Brien o‘z iztirobini yashirmadi. U ijtimoiy tarmoqlarda yurakni tilka-pora qiladigan so‘zlar bilan xayrlashdi. Reevesga “o‘g‘lim” deb murojaat qilgan O'Brien uning oxirigacha kurashganini ta’kidladi, oila a’zolariga kuch tiladi va Lee onasi hamda akasining bag‘rida, “osmon darvozalarida” kutib olinganini yozdi.
Bu so‘zlar Limerik uchun oddiy post emas, butun bir shaharning qayg‘usini ifoda etuvchi murojaatga aylandi.
‘El Champo’ning qisqa, lekin yorqin yo‘li
Ringda Reevesni hamma bir taxallus bilan tanirdi – “El Champo”. U 2018 yilda professional boksga qadam qo‘ydi va qisqa vaqt ichida o‘z nomini eshittira oldi: 18 jangning 16 tasida g‘alaba, atigi ikkita mag‘lubiyat.
Karerasining ilk yillari Kanadada va Kolumbiyada o‘tdi. U yerda u o‘z texnikasi, harakatchanligi va xarakteri bilan ko‘zni tushdi. Keyinroq Buyuk Britaniya va Irlandiya zallarida ko‘rsatgan ishonchli chiqishlari uni Dublin jangiga, Gary Cullyga qarshi o‘sha halokatli kechaga olib keldi.
O‘nchi raundda Reeves ikki bor nokdaunga tushdi. Hakam hisobni sanab bo‘lishi bilan zaldagi shovqin o‘rnini vahimali jimjitlik egalladi. Bokschi hushsiz holda ringdan olib chiqildi. O‘sha paytda hech kim bu uning so‘nggi jangi bo‘lishini o‘ylamagandi.
Ringdan tashqaridagi kurash
Reeves faqat ringdagi zarbalari bilan emas, shaxsiy fojiasi bilan ham ko‘pchilikka ibrat bo‘ldi. Onasi Cathy o‘z joniga qasd qilganidan keyin u ruhiy salomatlik mavzusini chetlab o‘tmadi, aksincha, bu haqida ochiq gapira boshladi.
U Limerik Treaty Suicide Prevention tashkiloti elchisi sifatida yoshlar bilan ishladi, ruhiy bosim va tushkunlik haqida ogohlantirdi, yordam so‘rashdan uyilmaslikka chaqirdi.
2023 yilda u BBC tomonidan suratga olingan Survivor realiti shousida ham qatnashdi. U yerda ishtirokchilar kimsasiz orolda tirik qolish uchun kurashishardi. Reeves ekranda ham ringdagi kabi xarakter ko‘rsatdi, o‘zini tomoshabinlarga boshqa qirrasidan tanitdi.
Oxirgi raqibning og‘riqli xotiralari
Gary Cully ham sukut saqlab o‘tirmadi. U ijtimoiy tarmoqlarda Reeves bilan yillar davomida tanish bo‘lganini eslab o‘tdi.
U yoshlik chog‘larida milliy musobaqalarda Reevesni o‘zidan bir vazn yuqorida jang qilayotganini tomosha qilganini, uning uslubi va yorqin liboslaridan zavq olganini yozdi. Cully uni “kattakon xarakterga ega, haqiqiy jentlmen” deb atadi va postini qisqa, ammo og‘ir so‘zlar bilan yakunladi: “RIP brother”.
Bu so‘zlar boksning eng qorong‘i tomonini yana bir bor eslatdi: har bir jang – bu nafaqat sport, balki hayot-mamot xavfi bilan yuzma-yuz turish.
Motamga cho‘mgan shahar
Limerik shahar kengashi a’zosi va Reeves oilasining yaqin do‘sti Catherine Slattery uchun ham bu xabar zarba bo‘ldi. U shaharning kayfiyatini “juda qorong‘i tun” deb tasvirladi.
Slattery so‘zlariga ko‘ra, Reeves nafaqat ringda muvaffaqiyat qozongan sportchi, balki ruhiy salomatlik bo‘yicha faol targ‘ibotchi bo‘lgan. U yoshlar orasida bu mavzuni ko‘tarishdan cho‘chimagan, o‘z tajribasi orqali ogohlantirgan.
U Reevesni “Limerikni jon-dili bilan sevgan, har bir imkoniyatda shahrini targ‘ib qilgan yigit” sifatida esladi. Otasi Tony, opa-singillari, jiyanlari bilan faxrlanib yashaganini, oila uni qanday sevganini alohida ta’kidladi.
Slattery uchun yagona yupanch – Reevesning onasi va akasi bilan “osmon bag‘rida” qayta uchrashgani haqidagi e’tiqod. Ammo u bir fikrni ochiq aytdi: bu yo‘qotish Limerikda uzoq yillar sezilib turadi.
Og‘ir savol ochiq qoladi
“El Champ” endi yo‘q. 3Arena ringidagi o‘sha kecha uning sport hayotini ham, shaxsiy taqdirini ham chizib berdi. Ortda esa mag‘lub etilgan raqiblar, yodda qolgan janglar, ruhiy salomatlik uchun olib borilgan kurash va motamga cho‘mgan shahar qoldi.
Boks dunyosi yana bir bor shunday savol bilan yuzma-yuz turibdi: chempionlik kamariga eltadigan yo‘l inson hayotidan ham qimmat bo‘lishi kerakmi?
