UZB sport

Fernando Alonso: ota bo‘lish va poyga majburiyatlari o‘rtasidagi muvozanat

Formula 1 poygalarida hali ham chekinmayotgan, 45 yoshli Fernando Alonso bu yil hayotidagi eng keskin burilishlardan birini boshdan kechirdi. U ilk bor ota bo‘ldi. Va shu bilan birga, yuqori darajadagi poygachi sifatida bosim, sayohatlar, tun-u kun tayyorgarlikdan iborat hayotini davom ettiryapti. Aynan shu ikki olamni bir-biriga ulashish hozir uning eng og‘ir musobaqasiga aylangan.

“Eng qiyin narsa – nimanidir boy berayotganimni bilish”

Aston Martin bilan bo‘lgan eksklyuziv suhbatda Alonso shunday tan oldi: oilaviy hayot va poyga majburiyatlari o‘rtasida muvozanat topish uni charchatmoqda. U ko‘p kechalar o‘ziga bitta savolni qayta-qayta berganini aytadi: uydagi muhim lahzalarni o‘tkazib yubormayapmanmi?

Ikki karra jahon chempioni sifatida u yillar davomida o‘zini sportga butunlay bag‘ishlagan. Endi esa boshqa mas’uliyat bor. Uydagi bola, yangi ritm, yangi ustuvorliklar. Safarlarda o‘tkazilgan haftalar, paddockdagi uzluksiz hayot unga oilaviy qadriyatlarni boshqacha ko‘z bilan ko‘rishni o‘rgatdi.

Alonso ayniqsa o‘zining bosh mexanigini misol qilib keltiradi. U allaqachon bir farzandning otasi, tez orada ikkinchi marta ota bo‘lish arafasida. Alonso shu paytgacha bu odamlar qanday hayot kechirayotganini to‘liq his qilmaganini ochiq aytadi.

Mexaniklar poygachilardan ham ko‘proq yo‘lda. Ular trekka ertaroq keladi, kechroq ketadi, butun hafta davomida mashinada ishlashadi. Aynan shularni ko‘rib, Alonso o‘z o‘rnini, o‘z imkoniyatlarini boshqacha anglay boshlagan. Shuning uchun ham u endi ular bilan bir qatorda yanada ko‘proq mehnat qilishni o‘ziga burch deb biladi.

Qiyin mavsum, ammo uyda – boshqacha g‘alaba

Aston Martin uchun 2026-yil og‘ir ketyapti. Tezlik yetishmayapti, poygalarda ochko uchun muntazam kurashish imkoni kam. Alonso ko‘p yakshanbalar paddockni hafsalasi pir bo‘lgan holda tark etadi.

Ammo bu safar u tribunalar, protokollar va press-konferensiyalardan ancha uzoqda – uyda tasalli topmoqda.

Esquire bilan suhbatda u buni ochiq aytdi: uyidagi oila ko‘plab yakshanba kunlari tushkun kayfiyatini “qoplab” yuboradi. Poyga yakunidagi alam, yo‘qolgan imkoniyatlar, strategiyadagi xatolar… bularning bari eshik yopilgach, o‘g‘li bilan o‘tkazilgan vaqt fonida boshqa rangga kiradi. U endi poyga haftasidan so‘ng “o‘chirish tugmasi”ni topgan.

Aston Martin mavsum boshida og‘ir davrni boshdan kechirdi, Alonso ham buni yashirmaydi. Lekin u jamoaning javobini, ichkaridagi kayfiyatni, yaxshilanish uchun qilinayotgan urinishlarni maqtaydi. Shu fon’da uyidagi baxt, yangi tug‘ilgan Leonard bilan o‘tgan kunlar natijaga qaram bo‘lmagan boshqa bir quvonch manbaiga aylandi.

Alonso va uning rafiqasi Melissa Jiménez 2026-yil 25-mart kuni o‘g‘illari Leonardni qarshi oldi. Ikki karra chempion bu voqeani hayotidagi “katta burilish” sifatida ta’riflaydi. U 2027-yilda ham Aston Martin bilan poyga qilishga hozirlanmoqda. Demak, u hali kamida bir mavsum natijalar ortidan quvadi, lekin endi bu quvish butunlay boshqa hissiyotlar bilan kechadi.

Ikki oyligida – karting trekida

Alonso o‘g‘lini allaqachon o‘z dunyosiga, motor sportiga olib kirib bo‘ldi. U ispan radiosi efirida Leonard atigi ikki oyligida kartda aylanishgani haqida gapirib berdi.

“Biz allaqachon kartda bir aylanma qildik. U ikki oyligida, uni qo‘limga olib bir aylanma aylantirdim. U allaqachon yuzida shamolni his qildi”, – deydi Alonso.

Bu hikoya shunchaki kulgili epizod emas. Bu – Alonso uchun yangi sahifa ramzi. U o‘g‘lini baxtli bola deb ta’riflaydi va aynan oila davrasida o‘tkazilgan damlar Aston Martin bilan bog‘liq qiyinchiliklarni yengillashtirishini yana bir bor takrorlaydi.

2027-yilga kelib u Leonardni yanada faolroq tarzda poyga olamiga olib kirishni xohlaydi. “Kelasi yili men u bilan birga trassalarni, dunyo bo‘ylab safarlarni baham ko‘rmoqchiman, juda ko‘p suratlar olishni istayman”, – deydi ispaniyalik.

U hali ham butun dunyo bo‘ylab poygalarga uchib yurayotgan paytda, o‘g‘li bilan bo‘lishadigan bu lahzalar unga boshqacha ma’no beradi. Savol esa shunday: Fernando Alonso uchun navbatdagi g‘alaba qayerda tug‘aydi – podiumda yoki uyda, Leonardni quchoqlagancha?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil