Israel Adesanya: 16 yillik hamkorlikdan keyingi ajralish

Israel Adesanya o‘zining eng katta zarbalaridan birini oktagonda emas, zal eshigi oldida berdi. Sobiq UFC middleweight chempioni City Kickboxing va bosh murabbiyi Eugene Bareman bilan 16 yillik hamkorlikni tugatganini e’lon qilganida, bu nafaqat sport jamoasini, balki butun jangovar hamjamiyatni larzaga soldi.
Uzoq yillar davomida aynan shu tandemd an “Stylebender” shakllandi. Middleweight tarixidagi eng zo‘r jangchilardan biri, pound-for-pound reytinglarining doimiy yuqori pog‘onalarida turgan yulduz. Shunday bo‘lsa-da, u bugun ortga qarab, bu qaror o‘z karerasi uchun to‘g‘ri bo‘lganini ochiq tan oladi.
“Yomon ajralish”ga o‘xshash jarayon
Adesanya bu jarayonni shunchaki murabbiy almashtirish emas, balki og‘ir munosabatdan chiqib ketishga qiyoslaydi. U o‘zining YouTube kanalida gapirar ekan, qarorning naqadar hissiy yukini yashirmadi.
U yillar davomida bir jamoa bilan ishladi, investitsiya qildi, o‘sdi, chempion bo‘ldi. Bunday paytda ko‘p sportchilar singari u ham “shuncha vaqtim ketdi, shuncha mehnat qildim, bularni yo‘qqa chiqarmayman” degan ichki qarshilik bilan yashaganini eslatadi. Yillarni yo‘qotish qo‘rquvi, tanish muhitni tark etish istamaslik, hurmatsizlik va manipulyatsiyaga ko‘z yumish – u bularni “yomon ajralish”ning klassik belgilariga qiyoslaydi.
Ammo yosh o‘tgan sari Adesanya o‘zini boshqacha tutishni o‘rgandi. U aytganidek, bir payt kelib, “bintni bir harakatda yulib tashlash”ga qaror qildi. O‘rmondagi daraxtlarni emas, butun manzarani ko‘ra boshladi. Qaror og‘ir bo‘lsa ham, uni amalga oshirgach, yengillik kelganini ta’kidlaydi. U uchun bu – nihoyat aniq tasvir, ravshanlik paydo bo‘lgan lahza edi.
Zaldan uzoqlashgan oylar va ichki sezgi
Eng qiziq tomoni – bu qaror bir kunda qabul qilinmagan. Adesanya oylar davomida City Kickboxing zalidan butunlay chetga chiqdi. U o‘zi uchun vaqt oldi, jamoaning, tanish yuzlarning, eski odatlarning ta’sirisiz fikr yuritishni tanladi.
U aynan shu tanaffus unga kerak bo‘lganini aytadi. Ichki ovozini eshitish, o‘z sezgilariga qayta ishonish, qarorini birovning fikri emas, o‘z instinkti bilan bog‘lash. U zaldan uzoqda bo‘lgan oylar ichida asta-sekin bir narsani anglab bordi: bu safar u o‘zini tinglashi kerak.
Shu bois ham City Kickboxing’dan ketish qarorini qabul qilganida, u o‘zini xotirjam his qildi. Bu shunchaki hissiyot emas, uzoq kuzatuv va ichki suhbatlar natijasi edi.
Katta jamoa o‘rniga kichik doira
Bugun Adesanya butunlay boshqa muhitda tayyorgarlik ko‘rmoqda. Avvalgidek yuzlab sparring sheriklari, murabbiylar, katta tizim emas. Endi uning atrofida ancha kichik, intimroq guruh bor.
U yangi lagerda o‘zini butunlay boshqacha his qilmoqda. Shovqin-suron, doimiy harakat va talablar o‘rniga – kenglik, shaxsiy makon, o‘z ustida yanada ongli ishlash. U aynan shu “bo‘sh joy”ni qadrlayapti: gilamda erkin harakat qilish, mashg‘ulotni nafaqat majburiyat, balki zavq sifatida qabul qilish.
U yangi jamoasidagi kayfiyatni bir necha bor ta’kidlaydi: yaqinlik, o‘zaro ishonch, bir-birini chuqurroq biladigan kichik doira. U uchun bu lager faqat tayyorgarlik bazasi emas, balki yana bir bor sportni sevib qolish maydoniga aylangan.
Saudiya sinovi: yangi davrning birinchi imtihoni
Endi esa nazarlar oldinda turgan jangga qaratilgan. Adesanya UFC Saudi Arabia turnirida Shara Bulletga qarshi oktagonga ko‘tariladi. U natija bilan gapirishga odatlangan, yangi lagerning haqiqiy bahosi ham aynan shu kechada beriladi.
U 37 yoshda. Ko‘pchilik uchun bu yosh – savol belgilariga to‘la davr: yana cho‘qqiga qaytishmi yoki asta-sekin sahnadan tushishmi? Adesanya esa yangi jamoasi bilan hozircha bir narsani aniq ayta oladi – u mashg‘ulot jarayonidan yana rohat olayapti.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u har kuni zalga borishni yoqtiradi, gilamga chiqishni sog‘inadi, mashg‘ulotning o‘zini zavq deb qabul qiladi. U uchun hozir eng muhim narsa – “maza qilib bajarib, ishni bitirish”.
Endi savol bitta: ushbu “ajralish” va yangi boshlanish uning karerasidagi navbatdagi portlashga aylanadimi yoki bu katta xavfning ortidan kelgan kutilmagan burilish bo‘lib qoladimi? Javobni esa faqat oktagon beradi.
