UZB sport

Irlandiyalik bokschi Lee Reeves 31 yoshida vafot etdi

Irlandiyalik bokschi Lee Reeves 31 yoshida vafot etdi. U 1-avgust kuni ringda olgan og‘ir miya jarohatidan so‘ng aniq 107 kun yashadi.

Bu xabarni uning yaqin do‘sti Jonathan O Brien ijtimoiy tarmoqda e’lon qildi. U qisqa, ammo yurakni tilka-pora qiladigan vidolashuv so‘zlari bilan Reevesning oila a’zolariga bo‘lgan dardini ifoda etdi, onasi va akasi bilan “osmon darvozasida” uchrashishi haqida yozdi va Lee’dan singillari hamda otasiga kuch berishini so‘radi.

Reeves (16-2, 11 KO) 2023-yilda “Survivor UK” loyihasida ishtirok etib, ringdan tashqarida ham tanilgan edi. Ammo uning taqdiri aynan ringda, Dublin shahridagi 3 Arena zalida yozildi. 1-avgust kuni super yengil vazn toifasidagi jangda u Gary Cully bilan to‘qnash keldi va 10-raund, so‘nggi daqiqalarda nokautga uchradi.

Zalda shovqin bir zumda jimlikka almashdi. Reeves zudlik bilan zambilga yotqizilib, ringdan olib chiqildi va Dublin shahridagi Beaumont Hospital shifoxonasiga yetkazildi. U yerda uning ahvoli tanqidiy, ammo barqaror deb baholandi. Shifokorlar kechiktirmasdan miya jarrohligiga murojaat qilishdi, Reevesga shoshilinch operatsiya o‘tkazildi va u sun’iy koma holatiga kiritildi.

Uning tiklanish yo‘li qiyin kechdi. Infeksiyalar keyingi jarrohlik amaliyotlarini kechiktirdi. Shunga qaramay, oktyabr oyida unga kranioplastika — bosh suyagini tiklash bo‘yicha murakkab operatsiya qilindi. Shundan so‘ng Reeves oilasiga yaqinroq bo‘lishi uchun University Hospital Limerick shifoxonasiga ko‘chirildi.

Umid uchquni o‘chmagandek tuyulgan paytda, yana zarba keldi. O‘tgan hafta oxirida u yana infeksiya yuqtirib oldi. Organizm bu safar bardosh bera olmadi. Dushanba kuni Reevesning hayoti yakunlandi.

Ringda oxirigacha kurashgan, komadan so‘ng ham omon qolish uchun jonbozlik ko‘rsatgan sportchi uchun bu 107 kun ham navbatdagi raundlar edi. Oxirgi zarbani esa bu safar tana ko‘tarmadi.

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil