Grigor Dimitrovning Wimbledondagi qaytishi: kurash va hissiyotlar
O‘tgan yilning o‘sha kuni Grigor Dimitrov uchun hammasi yana bir bor boshlangandek ko‘ringandi. All England Clubning markaziy sahnalaridan biri, o‘ynab bo‘lmas darajada “oqayotgan” o‘yin, Jannik Sinnerga qarshi ikki setlik ustunlik, eski davrlarni eslatuvchi nafis va tajovuzkor tennis. Va birdaniga — uzilgan muskul, o‘rtasidan kesilgan orzu.
Uchinchi set o‘rtalarida servisdan keyin ko‘krak mushagi yirtilgan payt, 35 yoshli bolgariyalik nafaqat o‘sha o‘yinni, balki bir necha oyga cho‘ziladigan hayot bo‘lagini ham yo‘qotdi. O‘yin to‘xtadi. Turnir tugadi. Reabilitatsiya boshlandi.
Dimitrov jarohatni yengib o‘tish qanday bo‘lishini yaxshi biladi. Uning tanasi bu sportning og‘ir narxini allaqachon ko‘p marta to‘lagan. Ammo bu safar og‘riq boshqa joyda edi. U o‘tgan 12 oy ichida tanadan ko‘ra ko‘proq ong bilan olishdi.
U Wimbledondagi ochilish o‘yinidan avval jurnalistlar bilan gaplashar ekan, ichidagi kurashni yashirmadi.
“Maydonga qaytib, yana urishni boshlash fikrining o‘zi meni qo‘rqitardi, — dedi u. — Birinchi zarbalarim, hatto mashg‘ulotlar ham, ruhiy jihatdan juda og‘ir bo‘ldi. Raqib bilan emas, o‘zim bilan kurashdim: raketkani to‘liq silkita olmayman, har urishda o‘sha lahzalar ko‘z oldimga kelardi. Bu juda noqulay, juda g‘alati tuyg‘u edi.”
O‘sha Sinnerga qarshi o‘yindan keyin u ikki soat yig‘ladi. So‘ngra to‘g‘ri shifoxonaga yo‘l oldi va reabilitatsiya jarayoniga sho‘ng‘idi. Ammo bu tezkor o‘tish sodir bo‘lgan voqeani tushunish uchun yetarli bo‘lmadi.
“Bir payt kelib yana to‘pni osmonga otasan, — deya eslaydi u. — Va darrov o‘sha fikr: ‘Agar yana qattiq ursamchi…’ Ichkarida sog‘lom bo‘lmagan, tinimsiz shivir-shivir boshlanadi. Bu uzoq vaqt ketmadi va meni chinakam qiynadi.”
Pastga qulash va yana eshik ochgan Wimbledon
Dimitrov kortga faqat oktyabr oxirida, o‘sha mash’um Wimbledan qariyb to‘rt oy o‘tib qaytdi. Ikki o‘yin — va yana mavsum yakunlandi. Bu safar tana tayyor emasdi.
Yangi yil ham uni avaylamadi. Chim mavsumigacha bo‘lgan 11 turnirning to‘qqiztasida u birinchi bosqichdayoq mag‘lub bo‘ldi. Reytingi 146-o‘ringa tushib ketdi. O‘sha bir paytlar dunyo uchinchi raqamiga aylangan tennischi endi Wimbledon asosiy to‘riga kirish uchun wild cardga muhtoj edi.
Bu taklifni u sovg‘a emas, mas’uliyat sifatida qabul qildi. Bir yil avval maydonda yiqilgan joyiga qaytish imkoniyati sifatida.
Avstraliyalik Dane Sweeny ustidan birinchi bosqichdagi quruq hisobdagi g‘alaba shuning uchun ham odatiy natija emas, balki ichki zanjirlarning uzilgani, ruhiy bloklarning yemirilganini bildirardi. Ikkinchi bosqich esa bu hikoyaga butunlay boshqa tus berdi.
No.1 Court tribunalarida, yaqinda Roland-Garros yarim finaliga chiqqan, 15-raqam ostida saralangan Jakub Mensikga qarshi o‘yinda Dimitrov yurak bilan o‘ynadi. 7-6(5), 4-6, 7-5, 6-3 hisobidagi g‘alaba statistikadan ko‘ra ko‘proq narsa edi.
“Men butun faoliyatim davomida mayda jarohatlar, katta jarohatlar bilan yashadim, o‘tgan yil bo‘lgan voqeani ham qo‘shsak, — dedi u o‘yindan keyin. — Agar yana hammasini xavf ostiga qo‘yishga tayyor bo‘lmasam, bu yerda nima qilib yuribman? Agar shuni qilmasam, bu sportning eng katta sahnasida, bu yerda, Wimbledonda raqobatlashishimning ma’nosi qolmaydi.”
Ko‘z yosh yoqasida va tomoshabinlar bilan sukunat
O‘yindan keyingi kortdagi intervyu paytida Dimitrov bir lahza gapini to‘xtatib, nafasini rostlashga majbur bo‘ldi. U bu yerga qaytish uchun bosib o‘tgan ko‘rinmas yo‘l, No.1 Court tribunalaridan kelayotgan iliqlik — hammasi bir vaqtda bosim qilib yubordi.
“Rostini aytsam, aytadigan ko‘p gapim yo‘q, — dedi u mikrofonga qarab. — Faqat shunchaki yana sizlarning oldingizda tennis o‘ynayotganimdan juda baxtliman. Xolos. Juda hissiyotga berilganman. Bir oz bosib turibdi.”
U birinchi o‘yin haqida gapira turib, bir zum jim qoldi, ovozi titradi.
“Bu bugun ajoyib o‘yin bo‘ldi. Men maydonga faqat bitta niyat bilan chiqdim — kurashish. Maqsadim shu edi. G‘alaba yoki mag‘lubiyat haqida o‘ylamadim, hatto tanam haqida ham u qadar o‘ylamadim.
“Albatta, sizlar menga juda katta yordam berdingiz. Atmosfera har doimgidek zo‘r edi. O‘zimni dunyoning qayeriga bormayin, juda sevilgan, qo‘llab-quvvatlangan his qilaman. Wimbledonga kelganimda esa bu tuyg‘u yanada kuchayadi. Buni sizlar bilishingizni istayman.”
Tom yopildi, xotiralar qaytdi
O‘yinda bir lahza keldi — tom yopildi. Va bu sahna Dimitrov uchun xuddi film kadriday takrorlangandek bo‘ldi. U xavotir bilan jamoasiga qaradi va faqat bitta jumla ayta oldi: “xuddi o‘tgan yilgidek”.
“Ha, to‘rtinchi setning birinchi gemida breykka uchradim, bu yaxshi boshlanish emas, — deya tan oldi u. — Albatta, tepaga qaradim, to‘rt-besh marta qaragandirman, tom yopilishidan oldin o‘yinni tugatishga umid qildim.”
U o‘sha lahzani ta’riflar ekan, yuzida mayin tabassum paydo bo‘ldi.
“Bu deyarli déjà vu edi, lekin bunday paytda faqat kulish mumkin. O‘tmishda bo‘lgan narsa o‘tmishda qoladi. Keyin keladiganini — yaxshi bo‘ladimi, yomonmi — bag‘rimizga bosish kerak. Bugun aynan shuni qildim.”
Mensik 31 ta eys bilan bosim o‘tkazdi, lekin Dimitrov bunga 39 ta winner va 32 ta majbursiz xato bilan javob qaytardi. Statistikaga qaralsa, bu o‘yin oddiy ikkinchi bosqich bahslaridan biri bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo No.1 Courtdagi kayfiyat, o‘yin ichidagi ichki monologlar, yopilgan tom ostidagi sukunat bu kechani boshqa darajaga olib chiqdi.
Endi navbat Berrettiniga
Endi uni uchinchi bosqichda 2021 yilgi Wimbledon finalchisi Matteo Berrettini kutmoqda. O‘zi ham jarohatlar bilan yillab kurashib kelayotgan italiyalik bilan bu to‘qnashuv shunchaki taktika va servislar dueli emas, balki ikki tanish dardning uchrashuvi bo‘ladi.
Dimitrov kortni tark etar ekan, hazil aralash bir jumla tashlab ketdi:
“Agar boshqa hech narsa bo‘lmasa ham, bu juda chiroyli o‘yin bo‘ladi.”
Savol esa ochiq qoladi: u bu safar Wimbledonda faqat chiroyli o‘yin bilan cheklanadimi yoki o‘tgan yilgi og‘riqni haqiqiy sport ertagiga aylantirishga ulgura oladimi?






