Futbolni larzaga keltirgan hafta: Fifa va investorlar o'rtasidagi jang
Bir haftaning o‘zida futbol olami ostin-ustun bo‘ldi. Oddiy transfer mish-mishlari yoki hakamlik mojarosi emas — bu safar gap Jahon chempionati yuragi, uning tijoriy yuritilishi va kim uni boshqarishi haqida ketmoqda.
Maxfiy reja oshkor bo‘ldi
Dushanba emas, seshanba tushdan keyin hamma narsa o‘zgardi. Xabarlar tarqaldi: Fifa Jahon chempionati va boshqa yirik turnirlarning tijoriy huquqlarini boshqaradigan alohida kompaniya tuzmoqchi, bu tuzilmaning ulushini esa investorlar qo‘liga berish rejalashtirilgan. Fifa Kengashi a’zolarining o‘zi ham bu haqida oldindan xabardor bo‘lmagani ma’lum bo‘ldi.
Eng hayratlisi, Times ilk bor oshkor qilgan bu hikoya Fifa prezidenti Gianni Infantino uchun ham kutilmagan bo‘ldi. Fifa rejasini yana bir muddat yopiq saqlamoqchi edi, ammo global matbuot bosimi ularni chora ko‘rishga majbur qildi. Tashkilot shoshilinch bayonotlar, tushuntirishlar, “bu faqat taklif” degan izohlar bilan mudofaaga o‘tdi.
“Jahon chempionati sotilyapti” degan qo‘rquv
Reja jamoatchilikka chiqqan zahoti signal chiroqlari yondi. Birinchi savol juda sodda edi: Fifa Jahon chempionatini “sotyaptimi”?
Yangi tuzilma — Fifa Forward Enterprise (FFE) — aslida nima qilishi kerak? Guardian qo‘liga tushgan JP Morgan taqdimotiga ko‘ra, asosiy maqsad aniq: turnirlar sonini ko‘paytirish, tashqi kapital va qarz mablag‘larini jalb qilish, “yuqori daromadli” hamkorliklar va musobaqalarga ustuvorlik berish. Bu esa boshqa barcha turnir tashkilotchilarining yuragiga pichoq urish bilan barobar edi.
Rejaning shakllanish usuli ham og‘riqli bo‘ldi: hech qanday maslahatlashuvsiz, qisqa muddatli ishga tushirish rejasi, yopiq muzokaralar. Futbol boshqaruv tizimida o‘zini sherik deb biladigan ko‘plab uyushmalar uchun bu haqoratdek tuyuldi.
Fifa hujumga o‘tadi
Oqishlar kuchaygan sari Fifa mudofaadan ko‘ra hujumni tanladi. Rasmiy bayonotlarda FFE orqali 211 a’zo assotsiatsiya uchun qo‘shimcha 10 milliard dollar mablag‘ ochilishi aytildi. Hammasi “ixtiyoriy ishtirok” asosida, deya ta’kidlandi.
Investitsion guruhga boshchilik qilayotgan shaxs — AQSh prezidenti Donald Trump kuyovining ukasi Joshua Kushner. Fifa bu guruh faqat “minoritar ulush” olishini, boshqaruvga aralashmasligini uqtirdi.
Gianni Infantino esa Instagram sahifalarida FFE’ni shunchaki “taklif” deb atadi, atrofdagi shov-shuvni “demokratik maslahatlashuv jarayoni”ning bir qismi sifatida ko‘rsatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tuzilma “hozirgacha ochilmagan iqtisodiy qiymatni ochadi”, “erkaklar, ayollar va yoshlar futbolida dunyoning har bir burchagidagi salohiyatni ishga soladi”. Muddatlar va rejalarda esa hech qanday o‘zgarish bo‘lishi haqida gap bo‘lmadi.
Qarshilik fronti kengaymoqda
Ammo bu safar Fifa va uning prezidentiga qarshi norozilik odatdagidan ancha keskin bo‘ldi. So‘nggi yillardagi qator mojarolar — osmonga chiqib ketgan Jahon chempionati chiptalari narxi, Fifa Peace Prize tashkil etilishi va uning Donald Trump’ga berilishi — bunchalik birlashgan javob tug‘dirmagan edi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Andy Burnham va Angliya futbol assotsiatsiyasi ochiqchasiga FFE’ni tanqid qildi. Uefa esa Yevropa futbolini birlashtirgan 55 a’zo uyushma bilan favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi va yakdillik bilan qaror qabul qildi: agar FFE amalga oshsa, barcha Fifa turnirlarini boykot qilish.
Uefa bayonoti yumshoq iboralar uchun joy qoldirmadi: “Tashqi investorlar Fifa musobaqalarida mulk ulushiga ega bo‘lgan zahoti futbol abadiy o‘zgaradi. Tijoriy daromad doimiy majburiyatga aylanadi. Investorlar kutgan foyda har kunlik bosimga aylanadi. Futbol kelajagini shakllantiradigan har bir qaror endi o‘yinning manfaatlari bilan emas, aksiyadorlarning manfaatlari bilan o‘lchanadi”.
Ertasi kuni tongga kelib Osiyo Futbol Konfederatsiyasi (AFC) va Shimoliy hamda Markaziy Amerika futbolini boshqaruvchi Concacaf ham Fifa rejasini keskin tanqid qildi. Ular boykot e’lon qilish darajasiga chiqmagan bo‘lsa-da, AFC Fifa’dan “boshqaruv va qaror qabul qilish tizimini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishni” talab qildi.
Fifa orqaga chekinmayapti
Bunday bosim ostida ko‘pchilik Fifa bir qadam bo‘lsa-da ortga tisarilishini kutdi. Aksincha bo‘ldi. Tashkilot Uefa boykotiga javoban pozitsiyasini yanada qattiqlashtirdi. Rejalardan og‘ish bo‘lmasligi aytildi, ayb esa matbuot zimmasiga yuklandi.
“Biz ochiqchasiga bildirilgan fikr va xavotirlarni hurmat qilamiz va ochiq, demokratik maslahatlashuvga sodiqligimizni tasdiqlaymiz”, deyiladi Fifa bayonotida. “Rejalashtirilgan maslahatlashuv jarayoni noto‘g‘ri media xabarlari bilan buzildi. Har bir a’zo assotsiatsiya faktlarga asoslangan holda ovoz bera olishi uchun bu jarayonni davom ettiramiz”.
Ammo bu jarayonni endi avvalgi ssenariy bo‘yicha olib borish qanchalik real? Fifa “aniqlik kiritish”ga uringanidan ko‘p o‘tmay, Infantinoning eng yaqin hamkorlaridan biri, sobiq Goldman Sachs bankiri Carlos Cordeiro lavozimidan iste’fo berdi. U bu qarorini bitimga bo‘lgan “mutlaq” qarshilik bilan izohladi.
Yana bir hujjat sirtga chiqdi: Fifa 30 iyul kuni 2030 yilgi erkaklar Jahon chempionatini 64 ta terma jamoaga kengaytirish bo‘yicha tezkor tadqiqot buyurtma qilgan. Bu — JP Morgan taqdimotida tilga olingan asosiy maqsadlardan biri bilan to‘liq mos keladi. Shundan so‘ng Buyuk Britaniya bosh vaziri Andy Burnham o‘z tanqidini yanada keskinlashtirdi va Infantinoni Fifa rahbarligiga “noto‘g‘ri odam” deb atadi.
Infantino uchun eng og‘ir sinov
Sepp Blatter qulashi ortidan 2015 yilda yuzaga kelgan inqirozdan beri Gianni Infantino bunchalik bosim ostida qolmagandi. Bu safar gap nafaqat imidj, balki futbol boshqaruvining butun arxitekturasi haqida ketmoqda.
Shu bilan birga, uning raqiblari ham deyarli barcha asosiy qurollarini ishga solib bo‘ldi: siyosiy bosim, jamoatchilik fikri, Uefa boykoti tahdidi. Infantino esa agar 106 ta mamlakatdan qiziqish xati olsa, reja baribir oldinga siljishini aytib kelmoqda. Orqaga chekinish niyatini ko‘rsatgani yo‘q.
Ba’zi taxminlarga ko‘ra, u yangi sho‘ba korxona ishga tushsa, uning bosh ijrochi direktori bo‘lishni ko‘zlamoqda. Boshqalar bu jarayonni uning Donald Trump bilan yillar davomida shakllangan yaqin aloqalarining tabiiy davomi sifatida ko‘rmoqda. Qanday bo‘lmasin, agar Infantino FFE’ni o‘tkaza olsa, global futbol butunlay yangi hududga kirib boradi. Va bu hududda qarshilik ko‘rsatish uchun yanada keskin choralar talab qilinishi aniq.
Ayollar futboli eng katta zarbani oladimi?
Yaqindagina erkaklar Jahon chempionati yakuniga yetdi. Endi, mantiqan, navbat ayollar futboliga kelishi kerak edi. Keyingi 18 oy ichida asosiy sahnani egallashi kutilayotgan turnir — Braziliyada bo‘lib o‘tadigan Ayollar Jahon chempionati.
Agar Uefa bo‘lajak yozda boykotni amalda qo‘llasa, turnir tarkibi tubdan o‘zgaradi. Odatda 32 jamoaning 11 tasi Yevropadan bo‘ladi. Ular yo‘qligida musobaqa qanday ko‘rinish oladi? Bu savolga javob berish hali erta, ammo xavotir jiddiy.
Bundan ham oldinroq sinovlar bor: bu kuzda ayollar U-17 va U-20 Jahon chempionatlari rejalashtirilgan. Boykot bo‘lsa, birinchi zarbani aynan shu turnirlar qabul qiladi. Eng achinarlisi, bu mojaro asosan erkaklar futboli atrofida aylanayotgan bo‘lsa-da, zarbaning katta qismi ayollar futboliga tushishi mumkin.
JP Morgan taqdimotida ayollar futboli atigi bir marta tilga olingani ham tasodif emasdek ko‘rinadi. Savol esa shunday: futbol kelajagini sotib olayotganlar, uning yarmini — ayollar o‘yinini — e’tiborsiz qoldirishga tayyormi?





