Dylan Tombides: Saraton bilan Kurashning Hikoyasi

Qatarda o‘tayotgan navbatdagi Fifa U-17 jahon chempionati maydonida minglab iqtidorlar kelajagini qurib yurgan bir paytda, bu turnirning ichida yana bir kuchli hikoya yashayapti. Unda gollar ham, ochkolar ham yo‘q. Unda faqat vaqtida qo‘yilgan tashxis va bir yigitning 20 yoshida uzilgan, ammo to‘xtamagan hayoti bor.
Oradan 15 yil o‘tdi. Sobiq West Ham United hujumchisi Dylan Tombides ilk bor saraton tashxisini aynan shu yosh toifasidagi mundialdan keyin eshitgan edi. Bugun esa uning nomi yana U-17 turnirida yangramoqda, bu safar raqib darvozasiga zarba emas, 15–44 yoshli yigitlar orasida eng ko‘p uchraydigan xastalik – moyak saratoniga qarshi ogohlantiruvchi signal sifatida.
Bir o‘yin, butun umrga yetadigan iz
Avstraliya yoshlar terma jamoasining sobiq forvardi Dylan Tombides West Ham tarkibida atigi bitta asosiy jamoa o‘yinida maydonga tushishga ulgurgan. Shundan keyin esa hayot uni boshqa, ancha og‘ir kurashga majbur qildi.
2014 yilda u atigi 20 yoshida saraton tufayli hayotdan ko‘z yumdi. Ammo bu yerda hikoya tugamadi. Onasi Tracey Lee va ukasi Taylor Tombides o‘sha og‘ir yo‘qotishdan so‘ng DT38 Foundationni ta’sis etishdi. Maqsad bitta edi: Dylan boshidan kechirgan xatolar va kechikkan tashxisni boshqalar takrorlamasin.
Bugun bu jamg‘arma Fifa bilan hamkorlikda ishlayapti. Bu oddiy ramziy sheriklik emas, onaning so‘zlari bilan aytganda – tog‘ cho‘qqisi.
“Fifa bilan bog‘lanish biz uchun eng yuqori nuqta,” deydi Tracey Lee. “Bu ishimizga qonuniylik, og‘irligu ishonch beradi. Va yo‘qotganimiz bilan yashashga yordam ham shunda – chunki bilamiz: biz kimningdir hayotini saqlab qolayapmiz.”
Ular buni his qilgan. Ular buni o‘qigan.
“Bizga xabarlar keladi: ‘Dylanning hikoyasini esladim, bir bo‘rtma topdim va kutmaslik kerakligini bildim. Menda moyak saratoni chiqdi, lekin hozir sog‘man. Dylan mening hayotimni saqlab qoldi’,” deydi u. “Bitta oilaning, bitta insonning hayoti o‘zgargani – biz qilayotgan ishning haqiqiy bahosi.”
48 ta jamoa, bitta ogohlantirish
Qatardagi bu turnirda ishtirok etayotgan har bir terma jamoa – jami 48 ta, taxminan 1 200 futbolchi – aynan shu mavzuda maxsus taqdimot qabul qildi. Gap oddiy tibbiy brifing haqida emas. Gap yosh futbolchining real, og‘riqli, lekin ko‘z ochadigan hikoyasi haqida ketmoqda.
Taqdimotlar boshida zaldan kulgi eshitilgan paytlar bo‘ldi. Jamoadoshlari oldida “moyak” haqida gapirish – 16–17 yoshli yigitlar uchun kutilganidek, hazil va kulgi uyg‘otdi. Lekin bu kulgi uzoqqa cho‘zilmadi.
Fifa tibbiyot direktori Dr Andrew Massey aytganidek, Dylanning hikoyasi, onaning og‘ir xotiralari, noto‘g‘ri tashxis va uch yillik mashaqqatli kimyoterapiya haqida eshitgan sari zal jiddiylashdi. Gap hazildan ogohlantirishga, kulgidan sukutga o‘tdi.
Bitta noto‘g‘ri “bu shunchaki kista”
Dylanning hikoyasi kichik, lekin hal qiluvchi qarordan boshlanadi. U o‘sha paytda West Ham safida, klub esa tushib ketmaslik uchun kurashayotgan pallada edi.
“Dylan oilaviy shifokoriga bordi,” deydi Tracey Lee. “U klub shifokorlariga borishni istamadi – ular 2011 yilda tushib ketmaslik uchun kurashayotgan edi, u esa ularning e’tiborini faqat futbolga qaratishni xohladi.”
Oilaviy shifokor uni tinchlantirdi: “Hech tashvishlanma, bu shunchaki kista, odamlar umri bilan kistalar bilan yashashadi.”
Shu so‘zlar bilan Dylan mavsumni tugatdi. West Ham bilan o‘ynadi, keyin Avstraliyaga uchib, terma jamoadagi jamoadoshlari safiga qo‘shildi. U yerda mashg‘ulotlar, so‘ng Meksikoga yo‘l.
Va aynan Meksikoda hammasi o‘zgardi.
U yerda Dylinni tasodifiy dopинг sinovi uchun tanlashdi. Natija esa taqiqlangan modda yoki o‘simta borligidan darak berdi. Shundan keyingina to‘g‘ri tashxis qo‘yildi: moyak saratoni.
Keyin esa o‘sha og‘ir yo‘l boshlandi – moyakni olib tashlash, uch yil davom etgan keskin, holdan toydiradigan kimyoterapiya.
Tracey Lee o‘sha davrni eslar ekan, eng og‘ir lahzani yashirmaydi: “Dylan bilan yonma-yon o‘tirganimni eslayman. Shifokorlar navbatdagi davolash usuli faqat 10 foiz ishlash ehtimoli borligini aytishdi. Qanday tugaganini esa bilamiz.”
Yig‘idan keyingi qo‘l siqishlar
Bugun esa o‘sha og‘riqli xotiralar Qatarda yangi ma’no kasb etmoqda. Darslar, slaydlar, tibbiy terminlardan tashqari, bu uchrashuvlar yakunida eng ko‘p esda qoladigan narsa – yosh futbolchilarning reaksiyasi.
Jamaica yoshlar terma jamoasi o‘yinchilari Dylanning onasi yoniga kelib, samimiy tarzda: “Yo‘qotishingiz uchun juda afsusdamiz,” deb aytishdi. Fransiya terma jamoasi bilan bo‘lgan uchrashuv esa quchoqlashlar va qo‘l siqishlar bilan yakunlandi.
Bu endi shunchaki majburiy tibbiy ma’ruza emas. Bu – futbol olamida saraton haqida ochiq gapirish madaniyati shakllanayotganini ko‘rsatuvchi belgi.
Minglab yosh futbolchilar professional futbolga kirish arafasida turibdi. Ular kelajakda katta klublar, katta shartnomalar, katta stadionlar haqida o‘ylashadi. Ammo DT38 Foundation va Fifa hamkorligidagi bu tashabbus ularning ongiga yana bir oddiy, lekin hal qiluvchi fikrni mixlamoqda: o‘z tanangni bil, o‘zingni tekshir, kechikma.
Dylan Tombides maydondan erta ketdi. Uning raqamlari, gollari, o‘yin soni statistik jadvalda katta joy egallamagan. Lekin bugun u minglab yosh futbolchilarga, ehtimol, hech qachon ko‘rmagan, ismini ham bilmaydigan yigitlarga eng katta sovg‘ani qoldiryapti – ikkinchi imkoniyat.
Savol endi bitta: bu hikoya eshitilgan har bir yosh futbolchi ertaga dushman darvozasiga zarba berayotganda, o‘z sog‘lig‘i bo‘yicha ham zarur “birinchi qadam”ni tashlay oladimi?
