UZB sport

Daniel Farke Leedsning sog‘lom tarkibi haqida

Daniel Farke xalqaro tanaffusdan keyingi ilk matbuot anjumaniga tetik kayfiyatda chiqdi. Eng avvalo, u Leeds safidagi asosiy xavotirni bir og‘iz gap bilan tarqatdi: terma jamoalarga ketgan 17 nafar futbolchidan hech biri jarohat bilan qaytmadi.

“Hammaning kayfiyati yaxshi. Kimdadir natijalar turlicha bo‘ldi, lekin hamma bu yerga, Leeds oilasiga qaytganidan xursand. Hozircha jarohatlar yo‘q”, — dedi u.

Sog‘lom tarkib, qaytayotgan yetakchilar

Leeds uchun bu yangilikning og‘irligi katta. Chempionat marafonining hal qiluvchi bosqichiga kirib borilayotgan bir paytda Farke deyarli to‘liq tarkib bilan ishlayapti. Terma jamoalardan charchoq bilan qaytganlar bo‘lishi mumkin, lekin shifokorlar ro‘yxatida yangi ism yo‘q.

Shu bilan birga, Anton Stach va Noah Okafor ham jarohatdan tiklanish yo‘lida mashg‘ulotlarga qo‘shilgan. To‘liq qaytish sanasi aytilmadi, ammo ularning maydonga qaytish yo‘li endi faqatgina shakl va tayyorgarlik darajasiga bog‘liq.

Trafford atrofidagi shovqin – Farke uchun yangilik emas

Angliya safida porlagan James Trafford bugun mamlakat bo‘ylab maqtovlar yomg‘iriga tutildi. Farke esa bu shovqinni xotirjam kutib oldi.

“Oxirgi 237 ta matbuot anjumanida uni maqtadim, hozir esa butun mamlakat maqtayapti, men biroz zerikdim ham, — deya kulib gapirdi u. — Darvozabonimiz yuqori saviyada o‘yin ko‘rsatishi meni ajablantirmaydi. U qo‘lqop kiyib maydonga shuning uchun chiqadi. To‘p ushlashi, seyv qilishi — bu kutilmagan hodisa emas.”

Farke Traffordning bu darajadagi o‘yinini tasodif emas, tizimli ishning natijasi sifatida ko‘rsatdi. Klub ichida unga bo‘lgan ishonch allaqachon shakllangan, hozir esa bu ishonchni butun mamlakat ko‘ryapti, xolos.

“Kulub parcha-parcha edi” – Farke o‘tgan yillarni esladi

Angliyaga qarshi o‘yinda ikki nafar Leeds futbolchisining maydonga tushgani klub uchun alohida ramziy lahza bo‘ldi. Farke bu manzarani bir necha yil avvalgi holat bilan solishtirib, keskin kontrast chizdi.

“O‘sha paytda klubni bo‘lak-bo‘lak edi, deb aytmasdim, chunki bizda baribir muxlislar bor edi, — dedi u. — Lekin deyarli yagona aktivimiz ham shu edi. Jamoamiz yo‘q edi, DNK yo‘q edi, qanday ishlashimiz, qanday futbol o‘ynashimiz haqida aniq g‘oya yo‘q edi. Championshipda edik, moliyaviy bosim esa aql bovar qilmas darajada edi.”

Uning so‘zlariga ko‘ra, maqsad birinchi navbatda klubni barqarorlashtirish, keyin esa yana yuqori darajaga qaytarish bo‘lgan. Bugun esa natija ko‘rinib turibdi: Angliya safida ikkita Leeds futbolchisi. Farke bu chegaraga to‘xtalib qolmoqchi emas.

“Bu so‘nggi oylar va so‘nggi yillarda bir nechta to‘g‘ri ish qilganimizni ko‘rsatadi. Lekin bundan ham ko‘prog‘i oldinda. Angliya safida faqat ikki nafar emas, undan ham ko‘p Leeds futbolchisi bo‘lishi mumkin”, — deya qat’iy ohangda gapirdi u.

Jayden Bogle atrofidagi jirkanch voqea va “futbol oilasi”

Tottenham ustidan 1:0 hisobida qozonilgan g‘alabadan keyin Jayden Bogle irqchilikka asoslangan haqoratlarga nishon bo‘ldi. Bu mavzu Farke uchun hissiyotli nuqtaga aylandi.

“Jamiyatning bir qismi bor — u yerda ayrim odamlarning xatti-harakati g‘alati, — dedi u. — Yaxshi tomoni shundaki, bunday paytlarda butun futbol oilasi birlashadi. Shunday bo‘ldi ham. U katta qo‘llab-quvvatlash oldi, ko‘plab ijobiy xabarlar yozishdi. U bizning yonimizda ekanini, klub uni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini biladi. Biz hammamiz Jayden Bogle yonidamiz.”

Farke bu holatni faqatgina alohida voqea sifatida emas, jamoaning ichki birdamligi sinovi sifatida ham ko‘rmoqda. Leeds bu sinovdan bir tan, bir jon bo‘lib o‘tishni tanladi.

Oldinda – “world-class” salohiyatli Chelsea

Endi navbat Chelsea ga. Farke raqibni baland baholadi, lekin ortiqcha hayrat bilan emas, aniq tahlil bilan.

“Bizni top-darajadagi futbolchilar va top-murabbiy kutyapti. Ularning tarkibida world-class salohiyat borligi sir emas. So‘nggi yillarda shuncha mablag‘ sarflashgani bejiz emas — jamoa tuzish, ayniqsa hujum chizig‘ida aql bovar qilmas individual sifat yaratish uchun”, — dedi u.

Shu bilan birga, u bitta muhim nuqtani eslatdi: katta pul va yulduzlar avtomatik tarzda raqibni “maydondan supurib tashlash”ni kafolatlamaydi.

“Bu har doim ham oson emas. Sifatli futbolchilarga ega bo‘lish — bu faqat boshlanishi. Ularni har o‘yinda raqibni maydondan chiqarib yuboradigan darajada ishlatish esa boshqa mas’uliyat. Bizning vazifamiz — ularning hayotini qiyinlashtirish”, — deya davom etdi u.

Farke Leeds qanday yo‘lni tanlashini aniq belgilab qo‘ydi: raqib kuchini inkor etmaslik, lekin unga bo‘ysunmaslik.

“Ularning kuchi va sifatidan xabardormiz. Biz ularga o‘z qudratini namoyish etishga imkon bermasligimiz kerak. Bu o‘yinni o‘z o‘yinimizga aylantirish — bizning yagona yo‘limiz”, — deya gapini yakunladi u.

Endi navbat maydonga. Leeds o‘zini qay darajada “barqarorlashgan” klub ekanini, Chelsea esa qanchalik “world-class salohiyat”ni natijaga aylantira olishini aynan shu o‘yin ko‘rsatadi.

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil