Charles Leclerc Las-Vegasdagi xatosini tan oldi

Charles Leclerc Las-Vegas tunelida qilgan xatosi uchun jamoa oldida “uyalganini” tan oldi. Biroq u bilan yonma-yon o‘tirgan boshliq Fred Vasseur bu holatni bitta so‘z bilan yopdi: “qabul qilib bo‘lmaydigan”.
Ferrari ichidagi taranglik, Meksikodan keyin Braziliyada o‘tkazilgan “tinchlik yig‘ilishi”, Las-Vegasdagi tungi shovqin-suronga qaramay, 7-burilishdagi bitta zarb bilan yana portladi.
7-burilishdagi zarba
50 aylananing 38-lapida Leclerc va jamoadoshi Lewis Hamilton 7-burilishga yondosh kirib bordi. Natija – kontakt, Hamiltonning poyga oldi guruhidan tushib qolishi va Leclercga 10 soniyalik jarima.
Stewardlar qarori tez chiqdi. Protokol bo‘yicha ayb Leclerc zimmasiga yuklandi. Ferrari esa navbatdagi katta ochkolarni shamolga sovurdi.
Leclerc poygadan so‘ng mikrofon oldiga kelar ekan, ohangida uzr ham, ichki norozilik ham bor edi.
“Jarima oldim, demak, stewardlar tomoni va, ehtimol, ko‘pchilik nazarida ayb menda. Shunday bo‘lgach, demak, bunga loyiq bo‘lganman”, – dedi u poygadan keyin.
Sky Sports F1 bilan suhbatda esa u yanada ochiqroq bo‘ldi: “Umuman olganda jamoa uchun o‘zimni ancha noqulay his qildim. Tahlil qilamiz”.
Savol-javoblar davomida Leclerc manevrni himoya qilishdan voz kechmadi. Uningcha, bu shunchaki keskin kurashlardan biri edi, xolos.
“Bu boshqa janglarga qaraganda chegarada bo‘lgan holat deb o‘ylamayman. Juda katta tavakkal qilmasdan ham o‘sha joyga kirish imkoniyati bor deb his qildim”, – dedi u yozma OAV vakillariga.
Keyin esa asosiy nuqtaga to‘xtaldi: Hamiltonning ko‘rish burchagi va ichki kerb.
“Ehtimol, o‘sha paytda Lewisning ko‘rish imkoniyatini past baholagandirman. Ichkaridagi kerb hammasini juda murakkablashtirdi. Jarimani muhokama qilgim kelmaydi, oxir-oqibat o‘sha 10 soniyani men olaman”.
Meksikodan keyin – Braziliya, endi esa Las-Vegas
Bu to‘qnashuv bo‘sh joydan paydo bo‘lgani yo‘q. Meksikodagi ichki kurash, Verstappen foydasiga ketgan poyga, so‘ngra Braziliyada Vasseur boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilish – bularning bari ichki muvozanatni tiklashga qaratilgandi.
Vasseur o‘sha uchrashuvni “yaxshi o‘tdi” deb ta’riflagan, Braziliyada esa Ferrari juftligi dastlab ehtiyotkor, hatto namuna bo‘ladigan tarzda kurashgandek ko‘ringandi. Las-Vegasda esa bitta xato butun shu ishni chippakka chiqardi.
Leclerc ham mavzudan qochmadi: “Bu juda murakkab vaziyat. Bu haqda sizlarning oldingizda gapirish ham oson emas. Qabul qilib bo‘lmaydigan holat, shuni ayta olaman. Trekda bir-birimizga yaqin kelganimizda har safar vaziyat murakkablashadi”.
Vasseur: “Bu jamoaga hurmatsizlik”
Bosh murabbiy Fred Vasseur esa diplomatiyani chetga surdi. Sky Sport Italia bilan suhbatda u ohangini yashirmadi.
“Bu, albatta, qabul qilib bo‘lmaydigan holat”, – dedi u. – “Charles aniq xato qildi. Bu jamoani juda qattiq jazoladi va mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi. Bugun… rostini aytsam, juda hafsalam pir bo‘lgan. Meksikodan keyin xabar juda aniq yetkazilgandi”.
U Braziliyadagi uchrashuvni, poygaoldi brifinglarni eslatdi – hammasida bitta fikr: jamoa manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yish.
“Braziliyada barchamiz birga gaplashdik, bugun esa ular birga poyga qilayotganda jamoani o‘ylashlari kerakligi yana bir bor aytildi. Natija esa mana shu. Bu hammamiz uchun nihoyatda asabiylashtiruvchi holat”.
Vasseur buni nafaqat natijaga, balki butun Ferrari tizimiga zarba deb baholadi.
“Bu jamoaga, homiylarga hurmatsizlik. Poyga paytida ham Charlesga jamoani o‘ylash kerakligini aytdik”, – dedi u.
So‘ngra boshqa juftliklarni misol keltirdi: “Boshqa jamoalarda poygachilar poyga davomida bir-birini 20 martadan oshib o‘tishdi. Antonelli–Russell, Piastri–Norris, hattoki Isack Hadjar ham Max Verstappenni ortda qoldirdi. Mening qanchalik hafsalam pir bo‘lganini tasavvur ham qila olmaysiz”.
Vasseur ertasi kuni poygachilar bilan alohida suhbat o‘tkazishini ma’lum qildi.
“Charles bu vaziyatni hazm qiladi. Poygadan ikki daqiqa o‘tib ular bilan buni muhokama qilish to‘g‘ri emas. U bilan ko‘rishdim, kayfiyati tushgan, kerakli gaplarni aytdim. Ertaga yana gaplashaman”.
Qoidalarni o‘zgartirish kerakmi, degan savolga esa u qisqa javob berdi: masala hujjatda emas, xulqda.
“Bu qoidalar masalasi emas. Faqat bitta narsa bor – jamoadoshingni hurmat qilish. Bunday poygada oldingdagi mashinani oshib o‘tishing kerak, orqasida qolib bo‘lmaydi, bu boshqarib bo‘lmaydigan narsa. Lekin jamoadoshing bo‘lsa, kamroq tavakkal qilasan, yonma-yon kirib, kerak bo‘lsa, yana orqaga qaytasan. Buni qog‘ozga yozib bo‘lmaydi. Bugungi poyga uchun hech kim ssenariy tuza olmasdi, bunday poygani hech kim tasavvur qilmagan bo‘lardi. Ular shunchaki professional bo‘lishlari kerak edi. Bugun bu bo‘lmadi”.
Vasseur bu to‘qnashuvni ikki poygachi o‘rtasidagi “taranglik eskalatsiyasi” natijasi sifatida ko‘rmoqda.
Hamilton bu safar jim qoldi
Meksikodagi to‘qnashuvdan so‘ng Hamilton Leclercning poyga olib borish uslubini ochiq tanqid qilgandi. Las-Vegasdagi zarbadan keyin esa u ehtiyotkor yo‘lni tanladi.
“To‘qnashuv ssenariysi haqida gapirmayman”, – dedi u savol berilganida.
Ferrari ichida qat’iy ichki qoidalar kerakmi, degan savolga javob ham qisqa bo‘ldi: “Bu Ferrari hal qiladigan narsa. Men qo‘limdan kelgan hamma narsani qildim va aytdim”.
U uchun bu kecha ikki karra achchiq bo‘ldi. Norris bilan kurashayotib trekni kesib o‘tgani uchun 10 soniyalik jarima olib, shundan keyin kuchli qaytish amalga oshirdi, yetakchilar guruhiga qaytdi, lekin jamoadoshining zarbasi bilan yana orqaga tushdi.
“Faqatgina jamoa uchun achinaman”, – dedi u. Ferrari Las-Vegas chiroqlari ostida katta ochkolardan ayrildi. Savol esa ochiq qolmoqda: bu ichki portlash mavsum yakuniga qadar yana qancha ochkoga tushadi?
