Carrick-ball: Trondheimdagi 5:0 g‘alaba
Manchester United Norvegiyaning Rosenborg jamoasini safarda 5:0 hisobida yanchib, mavsumoldi mashg‘ulotlaridagi ilk g‘alabasini zo‘r uslubda qo‘lga kiritdi. Olti kun avvalgi Wrexhamga qarshi mag‘lubiyatdan keyin bu nafaqat hisob, balki kayfiyat, ritm va, eng muhimi, uslubdagi burilish edi.
Michael Carrick uchun bu oddiy o‘rtoqlik o‘yini emasdi. Bu – uning doimiy bosh murabbiy sifatida ilk to‘liq yozgi sinovlaridan biri. Trondheimda ko‘ringan narsa shunchaki yirik g‘alaba emas, balki "Carrick-ball"ning keyingi bosqichi bo‘ldi.
Tezkor hujumdan to‘pni nazorat qilishga: "Carrick-ball" o‘zgarishi
Carrick jamoani vaqtincha qabul qilib olgan paytdan beri Unitedning qayta tiklanishi asosan o‘tish fazalariga, tezkor qarshi hujumlarga tayanib kelgandi. Bryan Mbeumo, Patrick Dorgu kabi chaqqon qanotlar, markazda Bruno Fernandes va Matheus Cunha – hammasi bir maqsadga xizmat qilardi: raqibni tezda ushlash va yakuniy zarbaga chiqish.
Statistika ham buni tasdiqlagan: Carrickning birinchi o‘yinidan mavsum oxirigacha United har bir uchrashuvda tezkor hujumlar soni bo‘yicha uchinchi, har 90 daqiqada tezkor hujumdan kiritilgan gollar bo‘yicha birinchi o‘rinda bo‘yldi. Kutilayotgan gollar ko‘rsatkichida ham yuqori pog‘onada edi.
Ammo boshqa tomoni bor edi: to‘pni nazorat qilishda qiynalish. Egalik bo‘yicha 13-o‘rin, to‘pni ushlab turish davomiyligi bo‘yicha 11-o‘rin. Sir Alex Ferguson davridan keyingi eng katta muammolardan biri – past blokda o‘ynaydigan raqiblarga qarshi o‘yin qurish – haligacha to‘liq yechimini topmagandi.
Rosenborg, albatta, Premyer-liga darajasidagi raqib emas. Lekin ular allaqachon chempionatda 13 ta o‘yin o‘tkazib bo‘lgan, jismonan tayyor, o‘yinga kirishib ketgan jamoa. Mantiqan olganda, to‘pni ko‘proq ushlab turish, tempni belgilash imkoniyati ularda bo‘lishi kerak edi. Qog‘ozda shunday ko‘rinadi.
Maydonda esa boshqacha bo‘ldi.
Fernandes ham, Cunha ham yo‘qligiga qaramay, United to‘p bilan o‘zini bemalol his qildi. Ba’zi paytlarda Rosenborgni bo‘laklarga ajratib tashlashdi. Old chiziqda Joshua Zirkzee to‘pni ushlab turish, hujumni boshlash va sheriklarini o‘yinga kiritishda markaziy figura bo‘lib chiqdi.
Bu, albatta, United endi tezkor o‘tishlardan voz kechdi, degani emas. Ikkinchi va to‘rtinchi gollar aynan o‘sha eski qurolning hanuz o‘tkirligini eslatdi. Lekin endi manzara o‘zgargan: Carrick doimiy lavozimga to‘liq kirishgan sari uslubni ham chuqurlashtiryapti. Aynan shuning uchun Youri Tielemans transferi uning rejalarida qanchalik muhim bo‘lgani endi yanada ravshanlashmoqda.
Zirkzee shou ko‘rsatdi. Lekin u qanchalik muhim bo‘lib qoladi?
Trondheim kechasi bitta ism atrofida aylangandek bo‘ldi: Joshua Zirkzee. Rasmiy bo‘lmasa-da, eng yaxshi o‘yinchi unvoni aynan unga tegishli edi.
2024 yilda kelganidan beri Old Trafforddagi munosabat sovuqroq edi. U klassik "to‘qqiz" emas, Fernandesni o‘rindig‘iga o‘tqazib qo‘yadigan darajadagi "o‘n" ham emas. Ba’zan texnikasi bilan Dimitar Berbatovni eslatadi, lekin bu faqat alanga bo‘lib chaqnab, tez so‘nib qoladigan lahzalar edi.
Norvegiyada esa u aynan qanday bo‘lishi kerak bo‘lsa, shunday bo‘ldi. To‘pni singdiradigan, yarim burilishda tez qaror qabul qiladigan, sheriklarini o‘yinga kiritadigan hujumchi. 60 daqiqada ikki golga bevosita ta’sir: birinchi golga golli uzatma, ikkinchisida esa o‘zi yakuniy zarba berdi.
O‘zining goli esa – alohida bob. Zirkzee avvaliga zaxiradan tushgan Harry Amass bilan nafis "devorcha" o‘ynadi. Keyin ikki himoyachini bir harakat bilan aldab o‘tdi. Darvozabon bilan yuzma-yuz chiqqach, xuddi o‘sha nayrangni yana takrorladi va bo‘sh qolgan darvozaga to‘pni sokinlik bilan joylashtirdi.
Bu – sof sehr edi. O‘yinidagi zo‘r kecha uchun chiroyli nuqta.
Tribunadagi va uyda tomosha qilayotgan muxlislar shunday lahzadan keyin bir ovozda talab qiladi: Zirkzee keyingi mavsumda ko‘proq o‘ynashi kerak, deb. Savol esa boshqa: haqiqatdan ham shunday bo‘ladimi?
Javob hozircha unchalik yoqimli emas. Trondheimdagi o‘yin tempi unga juda mos tushdi. Bu esa Angliya chempionatidagi yuqori tezlik va intensivlikka moslasha olishi haqidagi shubhalarni yo‘qotmaydi. Old chiziqda Benjamin Sesko hali ham asosiy nomzod bo‘lib turibdi. Zirkzee ko‘rsatgan o‘yin esa, ehtimol, Carrick Sloveniyalik hujumchini sog‘aygach qanday rolga qo‘yishni rejalashtirayotganining kichik "treyleri" bo‘lishi mumkin.
Carrington bolalari: Trondheim sahnasida porlaganlar
United akademiyasi haqida gap ketganda, tarix o‘zi gapiradi. Trondheimda esa shu tarixning navbatdagi sahifalari yozildi.
Shea Lacey "o‘nlik" pozitsiyasida o‘yinni boshladi va asta-sekin uchrashuvni o‘ziga bo‘ysundira boshladi. 19 yoshli iste’dod avval ham birinchi jamoada ko‘rinish bergan, Burnleyga qarshi 2:2 o‘yinda deyarli supergol urayozgandi. Bu safar esa unga markaziy rol berildi va u bunga munosib javob qaytardi: ochilish golini sovuqqonlik bilan yakunladi. Muxlislar tomonidan "o‘yin odami" deb saylangani bejiz emas.
So‘nggi 12 oy ichida uning atrofidagi shov-shuv biroz susaygandek edi. Bir paytlar u akademiyaning bosh yulduzi sifatida tilga olinardi. Ammo Trondheimdagi o‘yin yana bir bor ko‘rsatdi: unda hali ham birinchi jamoa uchun jiddiy futbolchiga aylanish salohiyati bor.
Tanaffusdan keyin maydonga tushgan Harry Amass ham o‘z hikoyasini qayta yoza boshladi. O‘tgan mavsum ikkinchi yarmida Sheffield Wednesday safida yaxshi startdan keyin jarohatlar uning rivojlanishiga to‘sqinlik qilgandi. Rosenborgga qarshi esa u chap qanot himoyachisi sifatida nafaqat gol urdi, balki xavfli zonalarga kirish instinktini, to‘p bilan hushyorligini va qanotda ishonchli himoyasini namoyish etdi. United chap qanot himoyasiga yana bitta futbolchi qidirmoqda, lekin savol ochiq: Amass Luke Shawning doimiy o‘rinbosari bo‘lish imkoniga loyiq emasmi?
Jacob Devaney va Ethan Williams uchun gol – bu nafaqat hisobdagi raqam, balki butun umr eslab yuriladigan lahza. Ular bu haqida yillar davomida gapira oladi. Ammo bu kechadagi haqiqiy "yashirin qahramon" – Jaydan Kamason bo‘ldi.
19 yoshli o‘ng qanot himoyachisi ba’zan pozitsiyada adashdi, bu yosh futbolchi uchun tabiiy xato. Lekin to‘p bilan – mutlaqo boshqa surat. U ikki golli uzatma berdi, ikkalasida ham pastdan, o‘tkir uzatma bilan raqib jarima maydonini yorib o‘tdi. Driblingi esa qanot hujumchisinikiga o‘xshab ketdi, himoyachinikiga emas. Eng muhim jihati: Carrick uni boshqa ko‘plab yoshlar bilan solishtirganda maydonda ko‘proq ushlab turdi. Bu ishonch tasodifiy emas.
JJ Gabriel: skameykada qolgan sarlavha
15 yoshda siz nima qilayotgandingiz? Ko‘pchilik uchun bu maktab, do‘stlar, maydonda oddiy o‘yinlar davri. JJ Gabriel esa allaqachon Manchester United safida sarlavhalarga chiqib ulgurgan.
Uning safarga kiritilganiyoq muxlislar orasida qiziqish uyg‘otdi. Hammaning o‘yida bitta savol: maydonga tushadimi? Bu shov-shuv nimaga arziydi?
Trondheim kechasi esa u faqat yorqin rangli bib kiygan holda skameykada o‘tirdi. Bir daqiqa ham o‘ynamadi. Ko‘pchilik uchun bu hafsalani pir qiladigan manzara bo‘lishi mumkin.
Bu, albatta, yozgi o‘yinlarda kutishlarni pasaytirish kerakligi haqida signal berayotgandek tuyuladi. Lekin masala unchalik sodda emas. O‘yindan oldin Carrick uning keyingi o‘rtoqlik uchrashuvlarida daqiqalar olishi mumkinligini ishora qilib o‘tgan.
Demak, Trondheim JJ Gabriel uchun emas, Carringtonning boshqa bolalari uchun sahna bo‘ldi. Uning navbati hali oldinda. Savol shunda: u sahnaga chiqqanda, bugun Lacey, Amass yoki Kamason qilganidek, imkoniyatni shu darajada qo‘ldan boy bermay oladimi?






