Jamie Carragher va Florian Wirtz: 115 million funtlik futbolchidan 40 millionlik kengaytiruvchi

Avgust oyida Jamie Carragher Florian Wirtz haqida gapirar ekan, uni “115 million funtlik o‘yin taqdirini hal qiluvchi emas, 40 million funtlik kengaytiruvchi futbolchiga ko‘proq o‘xshaydi”, deb ta’riflagandi. O‘sha paytda bu so‘zlar biroz bo‘rttirilgandek tuyulgan bo‘lsa-da, tanqidning tagida asos bor edi.
Wirtzning “Liverpool”dagi birinchi mavsumi achchiq xotira bo‘lib qoldi. U Yevropaning eng yuqori baholangan iqtidorlaridan biri sifatida kelgan, “Bayer Leverkusen” bilan mag‘lubiyatsiz Bundesligani yutgan, “Bayern Munich” esa odatdagidek eng yaxshi nemis futbolchisini qo‘ldan boy bermaslikka jiddiy urinayotgan edi.
Natija-chi? 49 o‘yinda 17 golli ishtirok. Raqamlar yomon emasdek ko‘rinadi, lekin muammo raqamlarda emasdi. U maydonda begona ko‘rinar, sust, yo‘qolib qolgan futbolchiga o‘xshardi. Jismoniy jihatdan yetarli darajada kuchli emasligi haqida savollar ko‘paydi, hatto uning asl pozitsiyasi bo‘yicha ham bahslar boshlandi: u chap qanotdami yoki “o‘nlik”mi? Arne Slot — ish o‘rni bevosita Wirtzning ish berishi bilan bog‘liq murabbiy — bu jumboqni yecha olmadi.
Sabablar topish oson edi. Wirtz Diogo Jota yo‘qotishidan larzaga kelgan kiyinish xonasiga qadam qo‘ydi. Bunday ruhiy bo‘shliqni statistika bilan o‘lchab bo‘lmaydi. U atigi 22 yoshda, ilk bor chet elda to‘p surmoqda. Ustiga-ustak, 100 million funtdan yuqori transferlar bosimi butunlay boshqa daraja. Bu toifada sotilgan 16 futbolchidan atigi ikkitasi shubhasiz muvaffaqiyatli deb aytiladi, xolos.
Yana mashhur “Bundesliga solig‘i” bor — bu chempionatdan Angliyaga kelgan ko‘pchilik futbolchi qiynaladi. Jadon Sancho “Borussia Dortmund” safida 89 golli ishtirok qayd etib, “Manchester United”da baribir muvaffaqiyatsizlik ramziga aylandi. Erling Haaland esa bundan mustasno, lekin u allaqachon odatdagi inson mezonidan tashqarida turadigan hodisa.
Shunday fon ostida Wirtzga yozgi tanaffus, dam olish, bosimdan chiqib olish zarur edi. Lekin u Germaniyaga Jahon chempionligini olib berish vazifasi bilan mundialga bordi. Yoshi kichik, lekin allaqachon mamlakatning asosiy umidi — ko‘proq boshqa nomzod yo‘qligi tufayli. Natijada Paragvayga qarshi 1/16 finaldagi mag‘lubiyatdan so‘ng tanqidlarning asosiy nishoni ham aynan u bo‘ldi.
Shu holatda yangi mavsumga kirib kelish — ruhiy jihatdan og‘ir vazifa. Biroq yozda sodir bo‘lgan ikkita o‘zgarish Wirtzni butunlay o‘zgartirdi: “Liverpool” boshiga Andoni Iraola keldi, Germaniya terma jamoasiga esa Jurgen Klopp tayinlandi. Go‘yo Iraola Wirtz motorining barcha detallari to‘g‘ri joyini topib, Klopp esa unga eng sifatli yoqilg‘i quyib bergandek.
Iraola uslubi va Wirtzning uyg‘onishi
Iraola Wirtz uchun Slotga qaraganda ancha tabiiy murabbiy bo‘lib chiqdi. Gollandiyalik murabbiy nazoratni, to‘pni ushlab turishni, xavfni minimalga tushirishni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Iraola esa 2024 yilda Guardian’ga bergan intervyusida: “To‘p ortida 10 nafar futbolchim bo‘lsa, o‘zimni qulay his qilmayman”, degandi. U Slotdan ko‘ra Klopp maktabiga yaqinroq.
O‘tgan mavsum “Bournemouth” bilan u raqib jarima maydoniga yaqin hududda to‘pni qaytarib olish bo‘yicha ligada peshqadamlar qatoriga chiqdi. Faqat “Chelsea” ko‘proq to‘pni ilib olgan, “Cherries” esa eng ko‘p gol urgan sakkiz jamoa ichiga kirgan. Wirtzga o‘xshash rolni bajaradigan Junior Kroupi aynan Iraola qo‘l ostida ochilib ketdi.
Murabbiy sobiq shogirdlarining gaplaridan ham ko‘p narsa ayon. Masalan, James Hill Iraolani “mutlaqo ajoyib” deb atab, “har bir o‘yinga uch ochko olishga borayotganimizga ishonch beradi”, degan edi. Bu oldinga intiluvchi, agressiv futbol. Wirtzga aynan shunday maydon, shunday ritm kerak edi. Strukturani Iraola berdi, ishonchni esa Klopp mustahkamladi.
Kloppning ishonchi va xalqaro burilish
Klopp Germaniya terma jamoasiga kelgan ilk kunlardan Wirtzni alohida tilga ola boshladi. U Wirtzni maydonda birinchi marta ko‘rganida “hayratda qolganini”, uni “favqulodda futbolchi” deb hisoblashini aytib o‘tdi. Bunday baho nafaqat maqtov, balki yelkalardan yukni ham yengillashtiradi: sen maydonga chiqib, o‘zing bo‘lishing mumkin.
Wirtz bu mavsum yaxshi start oldi, lekin aynan ilk xalqaro tanaffusdan keyin u butunlay boshqa darajaga ko‘tarildi. Tanaffusdan so‘nggi ilk o‘yinda “Liverpool” 0:3 hisobida “Manchester City”ga yutqazdi, bunda Ryan Gravenberch olgan qizil kartochka o‘yinni tubdan o‘zgartirdi. Shundan keyin esa jamoa faqat bir marta mag‘lub bo‘ldi, yagona yo‘qotish “Arsenal”ga qarshi bo‘ldi.
“Crystal Palace”ga qarshi bahsda Wirtz butun uchrashuvni boshqardi — gol urdi, golli uzatma berdi, hujumlarning markazida bo‘ldi. “Manchester United”ga qarshi o‘yinda ham xuddi shunday: u nafaqat golga hissa qo‘shdi, balki sheriklari imkoniyatlarni yaxshiroq yakunlaganida yana bir necha assist yozdirishi mumkin edi. Uchrashuv davomida 10 ta golli vaziyat yaratdi — bu daraja nafaqat samarali, balki kam uchraydigan ijodkorlik.
Hozir Wirtz “Liverpool” libosidagi eng yaxshi ko‘rinishiga yaqinlashmoqda. Bu, ayniqsa, bugungi haddan tashqari atletikaga suyanadigan Premyer-ligada neytrallar uchun ham yoqimli manzara.
Bir yil avval hamma kulib, “bizniki bo‘lmagan jamoaning qimmatga tushgan xatosi” deb qarardi. Endi esa Wirtzga boshqa ko‘z bilan qarash vaqti keldi: u texnik mahorati bilan 2010-yillarning eng yaxshi markaziy yarim himoyachilari orasida bemalol joy olishi mumkin bo‘lgan futbolchi sifatida shakllanmoqda.
Noyob tur: kuch emas, fikr bilan yutadigan futbolchi
Bunday tipdagi futbolchilar tobora kamayib bormoqda. Ayniqsa Premyer-ligada, bu yerda jismoniy qudrat ko‘pincha texnikadan kam baholanmaydi. To‘p bilan Wirtz darajasiga yaqin yana kim bor? Jarima maydoniga kechikib yetib kelib gol urish — sarlavhalar uchun zo‘r. YouTube videolarining nomiga ham. Lekin o‘yinni boshqaradigan, ritmni belgilaydigan futbolchi uzoq muddatda ancha katta ta’sir ko‘rsatadi.
Wirtz Xavi emas. U Iniesta ham emas. Lekin u bu ikki nomga Frank Lampard yoki Steven Gerrardga qaraganda ancha yaqin. U maydon markazida to‘pni yonma-yon uzatib, faqat tempni ushlab turadigan tip emas. U to‘pni olishi bilanoq oldinga qaraydi. Agar Pep Guardiola boshchiligidagi “Barcelona” raqibni minglab paslar bilan asta-sekin bo‘g‘ib qo‘ygan bo‘lsa, Wirtz raqib mudofaasini hushyorlikni yo‘qotgan paytda bir zarbali o‘tkir pas bilan “o‘ldirish”ni xohlaydi.
U bu mavsum 15 ta gol urmasligi mumkin. Ehtimol, butun karerasida ham bu raqamga yetmas. Lekin u maydonda qilayotgan, statistikaga osongina sig‘maydigan ishlar kam emas va ular ham shunchalik muhim.
Ha, “Crystal Palace” va “Manchester United”ga qarshi yulduzga aylanish seni avtomatik tarzda 115 million funtga arzigan futbolchi qilib qo‘ymaydi. Ha, Wirtz bu mavsum “Liverpool”ning eng katta ikki o‘yinida yo‘qolib qoldi. Ammo so‘nggi haftalardagi o‘yinlari u bu hikoyani o‘zgartirishga qodir ekanini ko‘rsatmoqda.
Savol bitta: u bu ritmni butun mavsum davomida ushlab tura oladimi? Hozircha esa bitta maslahat bor — Wirtzni hozirgi holatida tomosha qiling. Va zavqlaning. Shu paytning o‘zida.
