UZB sport

Brenda Patea yangi da’vo kiritdi: Alexander Zverevga qarshi Germaniyada

Dunyo reytingida birinchi raqamli tennischi Alexander Zverev maydondan tashqarida yana keskin huquqiy kurash markazida qoldi. Uning sobiq rafiqasi Brenda Patea Germaniyada unga qarshi navbatdagi da’voni kiritdi. Hujjatlar tennischining advokatlariga bevosita Turin shahrida o‘tayotgan ATP Finals davomida, chorshanba kuni topshirildi.

Patea da’vosi – intervyu atrofida

Mojaroga sabab bo‘layotgani – Pateaning so‘zlariga ko‘ra, Zverev bu yil boshida fransuz sport nashri L’Equipe bilan intervyu chog‘ida aytgan gaplari. Patea da’vosida tennischi o‘sha suhbatda unga qo‘yilgan ayblovlar “asossiz deb topilgani” va uning “aybsizligi isbotlangani” haqida gapirganini ta’kidlaydi.

Pateaning advokati Michael Scheele bu so‘zlar oqibatida mijoziga qarshi tanqid to‘lqini ko‘tarilganini aytmoqda. Uning fikricha, bu Pateaning influencer sifatidagi ishiga zarar yetkazdi, obro‘sini toptadi va uning sha’niga tajovuz bo‘ldi. Eng muhim nuqta – Scheele tuzilgan suddan tashqari kelishuv ikkala tomonga ham jamoatchilik oldida bu ish haqida gapirishni man etganini eslatadi.

Patea suddan Zverevga bunday bayonotlarni takrorlashni qat’iyan taqiqlashni so‘ramoqda. Agar tennischi taqiqni buzsa, har bir holat uchun 250 ming yevrogacha jarima qo‘llashni talab qilmoqda.

Himoya pozitsiyasi va avvalgi ish

Zverevning Berlindagi vakillari – advokatlar Christian Schertz va Anna Sophie Heuchemer – da’vo kelib tushganini tasdiqlashdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, mijozlari o‘zini faol himoya qiladi va unga nisbat berilayotgan jumla, agar aynan shu shaklda aytilgan bo‘lsa ham, Germaniya konstitutsiyasi bilan kafolatlangan “qiymat hukmi”, ya’ni fikr bildirish erkinligi doirasida qoladi. Ular shuningdek, hech qanday shartnoma buzilmaganini ta’kidlayishmoqda.

Bu mojaro ilk bor paydo bo‘layotgani yo‘q. 2020 yil may oyida Berlin shahrida bo‘lib o‘tgan janjal chog‘ida Zverev Pateaga tan jarohati yetkazganlikda ayblangandi. Tennischi o‘shanda ham o‘zini aybsiz deb bilishini aytgan.

2024 yilda Berlin tuman sudi bu ishni kelishuv asosida yopdi. Sud hukm chiqarmadi, kelishuv shartlariga ko‘ra Zverev aybini tan olishga majbur bo‘lmadi. U davlat va xayriya tashkilotlariga ma’lum miqdorda to‘lov qilishga rozi bo‘ldi.

Endi esa, Turin kortlarida yirik titul uchun kurash ketayotgan pallada, Zverev yana sud zalida o‘z nomini himoya qilishga majbur bo‘lmoqda. Tennischining o‘zi hozircha yangi da’vo yuzasidan biror izoh bergani yo‘q. Savol ochiq: uning kortdagi zo‘r formasi bu safar ham maydondan tashqaridagi bosimni yenga oladimi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil