Braziliyada Harbiy Oktagon: Lutando pela Tropa Loyihasi

Braziliya harbiy sport sahnasida yangi sahifa ochilmoqda. “Fighting for the Troops” (“Lutando pela Tropa”) nomli loyiha mamlakat tarixidagi ilk harbiy havaskor MMA jamoasini saralashni maqsad qilgan. Maydon esa bu safar kazarma emas, realiti-shou formatidagi kurash bo‘ladi.
Rio-de-Janeyroda joylashgan Braziliya Dengiz Piyodalari Bosh Qo‘mondonligi binosida taqdim etilgan tashabbus Formando Campeoes instituti va Gringo Fight Championship hamkorligida, Braziliya harbiy-dengiz kuchlari ko‘magida yo‘lga qo‘yilgan. Maqsad aniq: 24 nafar jangchini tayyorlab, 2027 yilda AQShda o‘tkaziladigan Harbiy Jahon o‘yinlarida Braziliya sharafini himoya qilish.
Bu oddiy tanlov emas. Har bir jangchi kameralar ostida, qoidalar qat’iy, raqobat keskin sharoitda o‘zini ko‘rsatishi kerak bo‘ladi. Harbiy intizom va MMAning shafqatsiz ritmi bir maydonda to‘qnashadi.
Loyihaning sportiy yuragi esa tajribaga to‘la. Oktagonda o‘z nomini allaqachon qoldirgan Pedro Rizzo va Antonio Rogerio Nogueira 24 nafar ishtirokchini boshqaradi, ularni saralash va tayyorlash jarayoniga yetakchilik qiladi. Ularning tajribasi – bu loyihaning eng katta quroli.
Endi savol bitta: bu realiti-shoudan chiqqan jangchilar 2027 yilga borib, harbiylar uchun mo‘ljallangan eng katta sahnada – Harbiy Jahon o‘yinlarida – Braziliyani qanday darajada himoya qila oladi?
