Boston Celtics: Nima bo‘layapti?

To‘rtinchi o‘yin ketma-ket yutqazildi. Savol esa bir xil: bu jamoaga nima bo‘ldi?
“Boston Celtics” ketma-ket ikki kun ichida, qog‘ozda deyarli imkoniyati bo‘lmagan raqiblarga qarshi, yurakni ezadigan, hatto uyatli deyish mumkin bo‘lgan mag‘lubiyatlarni boshdan kechirdi va seriya to‘rt o‘yinga cho‘zildi. Oxirgisi yakshanba kuni “Chase Center”da: 87:86 hisobida “Golden State Warriors”ga yutqazish. Eng achinarlisi, bu “Warriors” ham to‘liq emasdi — parketda na Stephen Curry, na Jimmy Butler, na Kristaps Porzingis bor edi.
Shunday fon fonida savol keskinlashadi: xavotir qo‘ng‘irog‘ini chalish vaqti keldimi yoki bu shunchaki mavsum o‘rtasidagi sovuq to‘lqin xolos?
Mazzulla bosim ostida, lekin vahimaga tushgani yo‘q
Bunday paytda nigohlar odatda bir nuqtaga qadaladi — bosh murabbiyga. “Celtics” atrofida Joe Mazzulla iste’fosini talab qilayotgan ommaviy shiorlar hali eshitilmayapti, ammo sabr kosasi to‘lib borayotgani sezilib turibdi.
Mazzulla esa hozircha tinch ohangni ushlab turishga urinmoqda. U o‘yindan keyin jurnalistlar oldida buni yashirmadi, lekin hammasini ham qora rangga bo‘yashga shoshilmadi.
“Agar mavsum bugun tugaganida edi, ancha xavotirlangan bo‘lardim, lekin oldinda yana 63 ta o‘yin bor”, — dedi u. “Agar biz yaxshi zarbalar olayotgan bo‘lsak — ko‘p hollarda shunday — va tahlil qilib, bu zarbalardan qoniqsak, mavsum davomida ularning o‘z yo‘liga tushishiga ishonishimiz kerak.”
Murabbiy gapidan bir narsa aniq: u tizimga ishonmoqda. Ammo natija tablodagi raqamlarda o‘lchanadi, nazariyada emas.
Uchliklar cho‘kdi, hujum muzlab qoldi
So‘nggi to‘rt o‘yinda “Boston”ni eng ko‘zga tashlanadigan nuqsoni — otish samaradorligi. Ayniqsa, perimetrdan.
Shanba kuni “Sacramento Kings”ga qarshi o‘yinda jamoa klub tarixidagi antirekordni yangiladi: 45 ta uch ochkolik urinish nishonga yetib bormadi. Bu allaqachon xavf signali edi. Yakshanba kuni “Warriors”ga qarshi raqamlar unchalik dahshatli bo‘lmagandek ko‘rinsa-da, manzara o‘zgarmadi: 14/47 uchlik, umumiy maydondan atigi 39 foiz.
Mazzulla ham bu og‘riqli nuqtani yashirmadi.
“Ba’zi paytlar raqibni aynan biz xohlagan zarbaga majbur qilamiz, lekin o‘zimiz o‘sha vaziyatdan foydalana olmaymiz”, — dedi u. “Ha, hammasi bog‘liq: samarasiz hujum va himoyada posessiyani ribaund bilan yakunlay olmasligimiz. To‘rt o‘yinda uzluksiz davom etayotgan ikkita asosiy tendensiya shu.”
Ya’ni, muammo faqat otishda emas. Jamoa ko‘p hollarda to‘g‘ri qaror qabul qilmayapti, to‘g‘ri qaror qabul qilganida ham, epchil ijro yetishmayapti. Raqib esa har bir ikkinchi imkoniyatni jazoga aylantirmoqda.
Derrick White: ishonchli veteran yo‘qolib qoldimi?
Bu inqiroz fonida alohida bir ism yanada ko‘proq tilga olinayapti. Derrick White.
32 yoshli himoyachi, 2022 yilda “San Antonio Spurs”dan kelganidan beri, “Celtics”ning ikki marta NBA finaliga chiqqan safarlarida muhim bo‘g‘in bo‘lgan. Lekin so‘nggi mavsum boshidan beri uning otishidagi pasayish endi ko‘zga tashlanmay qolmayapti — u jamoaning zaif nuqtasiga aylanmoqda.
Statistikalar ham buni tasdiqlaydi. Keith Smith (Spotrac) ijtimoiy tarmoqda shunday yozdi: White hozirgi mavsumda umumiy 40,1 foiz, uchliklardan esa atigi 28,8 foiz bilan otmoqda. Bu o‘tgan mavsumdagi 39,4 foizlik umumiy va 32,7 foizlik uchlik ko‘rsatkichlaridan ham yomon. Undan oldingi uch to‘liq mavsumda esa u 45,4 foiz umumiy va 38,7 foiz uchlik aniq otgan.
Bu oddiy pasayish emas, keskin qulshash.
“Celtics” muxlislari buni har bir o‘yinda yanada og‘irroq his qilyapti. Jurnalist Bobby Manning ma’lumotiga ko‘ra, White oxirgi uch o‘yinda uchliklardan atigi 1/17 bilan o‘ynamoqda. Bu shunchaki “yomon kecha” emas, xavfli seriya.
“Warriors”ga qarshi o‘yinda ham uning azobi davom etdi: 14 ochko, lekin 6/21 otish. Raqamlar hammasini aytib turibdi.
White o‘zi esa vaziyatni ochiq tan oldi: “Hozir butun jamoa bo‘ylab bir turdagi ‘funk’damiz, birga qolib, bundan chiqish yo‘lini topishimiz kerak. O‘zimizga achinishga haqqimiz yo‘q. Barmoq bilan ko‘rsatib bo‘lmaydi. Buni birgalikda hal qilishimiz kerak.”
Bu gaplar mas’uliyatni bo‘lishishga urinish emas, balki kiyinish xonasidagi kayfiyatni aniq aks ettiradi: bu individual inqiroz emas, jamoaviy turg‘unlik.
To‘rt mag‘lubiyat — ogohlantiruvmi yoki xavfli trendmi?
Oldinda hali 63 ta o‘yin bor. Bu Mazzulla tilidan tushmayotgan raqam. Ha, bu vaqt ichida ko‘p narsa o‘zgarishi mumkin. Otishlar o‘z yo‘liga tushadi, rotatsiya moslashadi, ritm qaytadi.
Lekin to‘rt o‘yin ketma-ket yutqazish, ayniqsa zaiflashtirilgan “Warriors”ga bunday achchiq tarzda imkoniyatni boy berish — bu shunchaki “yomon hafta” deb o‘tib ketib bo‘lmaydigan darajadagi zarba.
Savol endi boshqacha eshitiladi: “Boston Celtics” bu seriyani vaqtinchalik charchoq sifatida ortda qoldiradimi yoki bu mavsum hikoyasining xavotirli kirish qismi bo‘lib qoladimi?
