Andrej Stojaković Cameron Indoor’da tarix yozdi

Cameron Indoor odatdagidek qaynardi. Lekin bu safar shovqin Duke’ni emas, mehmonlarni kuchaytirdi. Kechaning egasi bitta odam bo‘ldi – Andrej Stojaković.
Ikkinchi bo‘lim boshida atigi uch daqiqa o‘tgandi. Duke’ning ikkinchi kurs forvardi Dame Sarr qo‘lini ko‘tarib, “Cameron Crazies”ni yana ham balandroq qichqirishga undadi, kayfiyatni ko‘tardi. Keyin esa Illinois birinchi kurs himoyachisi Quentin Coleman’ni itarib yubordi. Coleman zarbani mohirona “sotdi”, hakamlar esa to‘p o‘yinga kiritilmagan paytda texnik xato belgiladi.
Shu bilan kecha butunlay boshqa yo‘nalishga burildi.
Andrej Stojaković sokin qadam tashlab chiziq yoniga keldi va ikki jarima to‘pini ham aniq amalga oshirdi. U allaqachon o‘yinni o‘z qo‘liga olgan, 20 ochkolik birinchi bo‘lim ortda qolgan, lekin u to‘xtashga shoshilmadi. Texnik xato tufayli to‘p Illinois’da qoldi, Stojaković o‘z zarbasini o‘zi qaytarib olib, qo‘shimcha foul bilan birga “and-1”ni ham joyiga qo‘ydi.
U qo‘llarini pastga qarab silkitdi: tinchlaning, hammasi nazoratda. Nazoratda edi – ham u, ham No.10 Illinois Fighting Illini (4–1). Ular No.5 Duke (3–2)ni deyarli butun kecha davomida ustunlik bilan yengib, I diviziondagi eng uzun faol uy g‘alabalari seriyasini buzib tashlashdi.
Hisob – 99:78. Duke’ning Cameron Indoor’dagi 35 o‘yinlik g‘alabalar ketma-ketligi shu yerda to‘xtadi.
Tarixiy tun: Peja o‘g‘li rekordni yangiladi
Uch karra NBA All-Star Peja Stojakovićning o‘g‘li Andrej bu arenaga tarix yozish uchun kelgandek edi. U 46 ochko urdi – Cameron Indoor tarixida mehmon jamoa o‘yinchisi tomonidan kiritilgan eng yuqori natija. Bu rekord 1957 yildan beri South Carolina vakili Grady Wallace’ga tegishli bo‘lib, u 43 ochko bilan yetakchilik qilib kelayotgandi.
Coleman ham soyada qolmadi – allaqachon NBA Draft lotereya nomzodi sifatida ko‘rilayotgan bu birinchi kurs yulduzi 27 ochko bilan yakunladi. Brad Underwood jamoasi o‘tgan hafta No.16 Texas Tech’ga yutqazganidan keyin, bu safar shubha qoldirmaydigan darajada javob qaytardi.
Duke esa endi mavsum boshidayoq ikki mag‘lubiyat bilan turibdi
O‘tgan mavsumda Jon Scheyer jamoasi butun muntazam mavsum davomida atigi ikkita o‘yinda yutqazganini inobatga olsak, bu raqam boshqacha ko‘rinadi.
Yulduzlar yetishmaydi, lekin Stojaković yetadi
Illinois boshlang‘ich beshligida tajriba kam edi: ikkinchi kurs forvard David Mirkovic va yakunlovchi kurs forvard Jake Davis jarohat sabab safdan tashqarida. Mirkovic yozgi oyog‘i operatsiyasi va mavsumoldi appendektomiyadan keyin hali forma yig‘yapti. Davis esa yaqinda jarrohlik amaliyotini talab qilgan yelka chiqishi bilan shug‘ullanmoqda.
Shunday bo‘lsa-da, bir paytlar hisob shunday edi: Stojaković – 4/4, qolgan butun Illinois – 2/14. U dastlabki besh zarbasini ham aniq bajarib, jamoasining dastlabki 31 ochkosidan 19 tasini o‘zi kiritdi. U ichkariga kesib kirar, himoyani cho‘zib yuborar, kontakt orqali ham yakunlardi. Duke himoyasi esa faqat tomosha qilardi.
Duke o‘yin boshida ustunlikni qo‘lga olgandek bo‘ldi. Ikkinchi kurs himoyachi Cayden Boozer to‘pni o‘g‘irlab, tezkor hujumni boshlab berdi, ritmni tezlashtirdi, ajoyib aylanish fintidan so‘ng orqa tomonga pas uzatdi – 17 yoshli birinchi kurs markaziy o‘yinchi Joaquim Boumtje Boumtje kuchli dank bilan arenani portlatdi.
Ammo tashqi chiziqdagi otishlar Duke’ni yarim bo‘lim davomida ham tark etdi. Yakunlovchi kurs himoyachilar Caleb Foster va John Blackwell to‘rt marta uch ochkolikni aniq bajargan bo‘lsa ham, jamoa umumiy hisobda birinchi bo‘limda 20 ta tashqi zarbadan atigi 5 tasini kiritdi. Umuman olganda esa 31 zarbadan 9 tasi nishonga yetdi.
Ustiga-ustak, sakkizta yo‘qotilgan to‘p. Scheyer jamoasi savat ostida ham yutqazdi – Illinois hujumiy ribaundlarda bo‘sh joy qoldirmadi, bo‘sh to‘plarni yig‘ib, qayta hujumlar bilan jazoladi. Bo‘yoq zonasi esa Illini’ning maydoni bo‘lib qoldi.
Bir zarba – va oqim butunlay o‘zgaradi
Aynan shu yerda Stojaković hujumni boshqarib, 15:2 lik hal qiluvchi zarbani boshlab berdi. Hisob 34:24 Illinois foydasiga o‘zgargach, Scheyer majbur bo‘lib, taxminan tanaffusga olti daqiqa qolganda taym-aut oldi.
Bu keskin bo‘lakda Coleman ham yetakchilikni o‘z zimmasiga oldi. Duke junior markazi Patrick Ngongba II kuchli alley-oop dank bilan Cameron’ni yana portlatgan edi, javoban Coleman burchakdan uchlikni “shap” ettirdi, keyin esa boshqa tomonda hujumdagi qo‘pol hujumni qabul qilib, foul oldi.
Scheyer bu qarordan qattiq norozi bo‘ldi va texnik xato oldi. Chiziqda yana Stojaković – jarimalarni aniq amalga oshirdi, keyngi hujumda esa layapni joyiga qo‘ydi. Shundan keyin Underwood jamoasi ortga qaramadi.
Duke birinchi bo‘limning so‘nggi besh daqiqasida faqat bitta maydon zarbasini kiritdi. Illinois tanaffusga 42:32 hisobida ustun kirib bordi. Illini ustunligining ramzi bo‘lgan bir epizod: beshinchi kurs markazi Zvonimir Ivisic Boozer’ning floaterini bloklab, keyingi hujumda “give-and-go” kombinatsiyasini kuchli dank bilan yakunladi.
Ikkinchi bo‘limdagi dastlabki 22 ochkoning barchasini ham Stojaković va Coleman bo‘lib olishdi
Bu ikki ism Duke’ning barcha umidini birma-bir so‘ndirdi.
Sarr’ning texnikasi, Duke umidini bo‘g‘gan lahza
Tanaffusdan keyin Duke maydonga boshqa kayfiyatda qaytdi. Intensivlik oshdi, himoyada bosim kuchaydi. Lekin Sarr olgan texnik xato Illini uchun yana bir turtki bo‘ldi. O‘sha epizod ortidan Illinois 7:0 lik zarba berdi va Cameron’dagi havoni yana sovutdi.
Duke oxirgi bo‘lim o‘rtalarida kichik qaytish umidini uyg‘otdi. 23 ochkolik farq 12 taga qisqardi. Zaxiradan chiqqan yakunlovchi kurs forvardi Drew Scharnowski yettita muhim ochko bilan olg‘a chiqdi, uchlikni urdi, Boumtje Boumtje va birinchi kurs himoyachisi Bryson Howard ham tashqi chiziqdan nishonni topdi.
Ammo 47 ta shaxsiy foul qayd etilgan, doimiy to‘xtashlarga boy o‘yinda ritmni kim boshqarishi hal qiluvchi ahamiyatga ega edi. Stojaković va Coleman jarima chizig‘ida sovuqqonlikni saqlab, Duke’ning zarur bo‘lgan to‘lqinini bo‘g‘ib tashlashdi.
Stojaković 20 ta jarima to‘pining 16 tasini aniq amalga oshirdi. Coleman esa 15 ta urinishdan 13 tasini kiritdi. Har bir to‘xtash, har bir chiziqdagi lahza Duke uchun yana bir yo‘qotilgan imkoniyatga aylandi.
Duke safida eng samarali o‘yinchi Boumtje Boumtje bo‘ldi – 17 ochko. Foster 15 ochko bilan yakunladi. Blackwell esa yettita ochko bilan qolib, oxiriga qadar sakkiz daqiqa bor paytda beshinchi foulini olib maydonni tark etdi.
Cameron ichida jarroh kabi ishlagan hujumchi
Stojakovićning tarixiy kechasi uchlik yomg‘iri bilan emas, ichkaridan “jarrohlik” ishlari bilan boshlandi. U Duke himoyasining yuragini tilka-pora qildi: kesib kirishlar, tana bilan ishlash, murakkab burchaklardan yakunlash. U 21 ta maydon zarbasidan 14 tasini aniq bajardi, ulardan ikkitasi uchlik.
U yakunda Cameron Indoor tarixidagi eng katta natijaga atigi ikki ochko yetmay to‘xtadi. Bu arenada istalgan o‘yinchi tomonidan qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich – Duke afsonasi Dick Groat’ning 1952 yilda urgan 48 ochkosi.
Bu tun esa boshqa ism bilan eslanadi. Savol endi bitta: bu faqat noyob bir kechami yoki Illinois va Andrej Stojaković uchun butun mavsumni belgilaydigan signalmi?
