UZB sport

2030 yilgi Jahon chempionati: gidratsiya tanaffuslari va biznes

2030 yilgi Jahon chempionati hali boshlangani yo‘q, lekin bir masala allaqachon futbol siyosatining eng qizg‘in nuqtasiga aylanib ulgurgan: majburiy gidratsiya tanaffuslari saqlanib qoladimi yo‘qmi.

Fifa telehuquqlar bo‘yicha tender hujjatlarida efir huquqini oluvchilarga aynan shu uch daqiqalik pauzalar paytida reklama sotish imkonini alohida band bilan ko‘rsatgan. Bu esa, amalda, bahsli to‘xtalishlar 2030 yilda ham futbolning ajralmas qismiga aylanishi kutilayotganini anglatadi.

Uch daqiqa – futbol va biznes chorrahasi

O‘tgan yozgi Jahon chempionatida 104 ta o‘yinning barchasida har taym o‘rtasida uch daqiqalik gidratsiya tanaffuslari ilk bor majburiy tarzda joriy etildi. Rasmiy sabab – futbolchilarning salomatligi, issiq sharoitda organizmni himoya qilish. Ammo bu pauzalar telekanallar uchun ham oltin koniga aylandi.

Ayniqsa AQShdagi huquq egalari – Fox Sports va Telemundo – uchun.

Fifa rasmiy ravishda 2030 yilgi turnirda bu amaliyot davom ettirilishi borasida yakuniy qaror qabul qilinmaganini aytadi. Musobaqaning asosiy qismi Marokash, Ispaniya va Portugaliyada o‘tkaziladi, yana uchta uchrashuv Janubiy Amerikada bo‘ladi. Shunga qaramay, tender hujjatlarida gidratsiya tanaffuslari va ularning tijoriy salohiyati aniq tilga olingan.

Bu tasodif emas. Bu – signaldir.

Netflix, SBS va milliardlik poyga

Fifa allaqachon Ispaniya bozorida Jahon chempionati telehuquqlarini Netflix’ga, Avstraliyada esa jamoat teleradiokompaniyasi SBS’ga topshirgan. Eng katta sovrin esa hali oldinda – AQSh va Puerto-Riko bozorida savdo jarayoni davom etmoqda, taklif topshirish muddati payshanba kuni yakunlanadi.

Aynan shu tender paketlarida gidratsiya tanaffuslari bilan bir qatorda “cooling break” – Uefa amaliyotidagi sovutish tanaffuslari ham eslatib o‘tilgan. Bunda maydondagi harorat 28 darajaga yetganda o‘yin 90 soniyadan uch daqiqagacha to‘xtatilishi mumkin.

Fifa ichkarisidagi manbalar tenderlar “barcha ehtimoliy variantlarni” qamrab olishi uchun shunday yozilganini ta’kidlaydi. Ya’ni, tashkilot o‘zini huquqiy jihatdan erkin qoldiradi, broadcaster esa allaqachon qanday mahsulot sotib olayotganini taxmin qila oladi.

2026 tajribasi va issiqdan boshlangan inqilob

Fifa avvalroq sovutish tanaffuslarini alohida, o‘rinda-o‘rinda qo‘llab kelgan edi. Keyin esa 2026 yilgi Jahon chempionatida gidratsiya tanaffuslarini to‘liq formatda ishga tushirdi. Qizig‘i shundaki, 104 o‘yinning 31 tasi iqlim nazoratiga ega stadionlarda o‘tkazilgan bo‘lsa-da, to‘xtalishlar baribir yagona standartga aylantirildi.

Bunga asos bo‘lgan tajriba – 2025 yilgi AQShda o‘tgan Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati. U yerda yuqori harorat sabab o‘yinlarning qariyb 60 foizida tanaffuslar kiritilgan va bu, oxir-oqibat, Fifa’ni “hamma uchun bir xil sharoit” tamoyiliga o‘tishga undagan.

Rasmiy izoh – turnir yaxlitligini himoya qilish, barcha uchrashuvlarni bir xil reglamentda o‘tkazish. Ammo bu qarorning ikkinchi, ancha shov-shuvli qatlami ham bor edi: reklama bozori.

Uch daqiqalik reklama – millionlab daromad

The Hollywood Reporter o‘tgan yozda gidratsiya tanaffuslari bir o‘yindan 2 milliondan 9 million dollargacha reklama daromadi keltirayotganini yozgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Fox shu yo‘l bilan taxminan 250 million dollar ishlab olgan.

Media bozori tahlilchisi Guideline ma’lumotiga ko‘ra, Fox turnir davomida umumiy reklama tushumida 835 million dollarga chiqqan. Taqqoslash uchun: ular Fifa’ga telehuquqlar uchun 485 million dollar to‘lagan xolos.

Bu raqamlar bitta haqiqatni ko‘rsatadi: uch daqiqalik pauza endi shunchaki suv ichish uchun emas, balki bozor uchun ham maydon.

O‘tgan yozda Fifa bu reklama oqimidan bevosita moliyaviy foyda ko‘rmadi. Lekin 2030 yilga kelib gidratsiya tanaffuslari “paketning bir qismi” sifatida kutilayotgani narxlarni keskin oshirishi mumkin.

AQSh bozoridagi huquqlar 1,5 milliarddan 2 milliard dollargacha tushum keltirishi taxmin qilinmoqda. Bu poygada Netflix va boshqa striming gigantlari an’anaviy telekanallar bilan yonma-yon qatnashadi. Uch daqiqa efir – milliardlik savdolashuv markazida turibdi.

Fifa bu borada izoh berishdan bosh tortdi.

Sovuqroq Braziliya va boshqa yo‘l

Qiziq jihati shundaki, kelasi yil Braziliyada o‘tadigan ayollar Jahon chempionatida majburiy gidratsiya tanaffuslari qo‘llanmaydi. Prognozlarga ko‘ra, u yerdagi harorat o‘tgan yilgi erkaklar turniridagi ko‘plab shaharlarga qaraganda pastroq bo‘ladi.

Demak, Fifa hali ham rasmiy ravishda “issiqka qarab qaror qilamiz” tamoyilini saqlab turibdi. Lekin tender hujjatlarida 2030 yil uchun gidratsiya tanaffuslari atrofidagi tijoriy bandlarning paydo bo‘lgani boshqa savolni o‘rtaga tashlaydi:

futbol uch daqiqalik pauzada suv ichyaptimi – yoki biznes yana uch daqiqaga vaqt yutdimi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil