UZB sport

UFC Qatar: 100 ming dollarlik zarbalar tarixi

Qatarda o‘tgan UFC kechasi 12 ta jang bilan tugadi, lekin arenani tark etayotgan muxlislarning yodida atigi to‘rtta ism qoldi. Har biri – “Performance of the Night” mukofoti, har biri – 100 ming dollarlik mukofot. Va har biri – o‘zicha dramatik hikoya.

Navajo Stirling – chempionlik sari dahshatli signal

Kunning eng katta portlashi, albatta, asosiy jangda bo‘ldi. Navajo Stirling o‘z karerasidagi eng yirik g‘alabani qo‘lga kiritdi – Jiri Prochazka ikkinchi raundda dahshatli nokautga uchradi. Bu zarba nafaqat kechaning, balki yilning eng esda qolarli yakunlaridan biri bo‘lishi mumkin.

Stirling raqibini shunchaki yengmadi, uni o‘chirib qo‘ydi. Qattiq, aniq, shubhasiz. Shunday nokautki, endi uning nomi chempionlik janglari atrofida tilga olinishi tabiiy hol.

Boshqa tomoni ham bor: Stirlingning jamoadoshi – amaldagi UFC light heavyweight chempioni Carlos Ulberg. Endi savol ochiq: bir zalda tayyorlanadigan ikki jangchi oltin kamar uchun oktagonga kiradimi? O‘zi ham ular avvalroq faqat kamar yo‘lida bir-biriga ro‘baro‘ kelishlari mumkinligini aytishgan. Qatardagi g‘alaba bu ehtimolni endi real sahnaga olib chiqdi.

Amir Albazi – chekkaga tiralgan paytda topilgan bo‘g‘ish

Flyweight toifasida Amir Albazi va Alessandro Costa o‘rtasidagi jang haqiqiy sinovga aylandi. Albazi birinchi raundni o‘z foydasiga hal qildi, lekin Costa ikkinchisida ham zarba bilan nokdaun, ham raqibidan bir ochko olib qo‘yilishiga sabab bo‘ldi. Shunday vaziyatda hisob Albazi uchun xavfli tus oldi.

Uchinchida unga kamida raundni yutish, hech bo‘lmaganda durangni qutqarish kerak edi. Lekin u boshqa yo‘lni tanladi. Hakamlarni aralashuvisiz hal qilish yo‘lini.

Albazi orqa bo‘g‘ish usuli bilan raqibini uchinchi raundda taslim qildi. Qaytish jangida Costa ustidan sof g‘alaba, dramatik holatdan chiqib ketish va 100 ming dollarlik mukofot – bir kechaga yomon emas. Raqib bilan eski hisob yopildi, savollar tugadi.

Diyar Nurgozhay – kurashdan keyin kelgan bosh tepki

Light heavyweight jangida Diyar Nurgozhay avval polga, keyin esa tom ma’noda raqib boshiga hukmronlik qildi. Birinchi raundda u Alik Lorenzni kurashda ezib tashladi, oktagon markazini, devorni, tempni o‘zi boshqardi.

Ikkinchi raundga kelib esa sahna mutlaqo boshqa rang oldi. Nurgozhay bu safar tik holatda portladi. Katta bosh tepki – Lorenz yerga quladi. Shundan keyin esa og‘ir ground-and-pound, hakam aralashuvi va TKO.

Bu g‘alaba faqat texnik ustunlik emas, balki reja va sovuqqonlikning ham yutug‘i bo‘ldi. Avval raqibni charchatish, keyin esa bitta aniqlik bilan yakun yasash. Mukofot – “Performance of the Night” va 100 ming dollar.

John Mitchell – UFC sahnasiga shov-shuvli kirib kelish

Kechaning birinchi jangi ko‘pincha fon sifatida qabul qilinadi. Lekin bu safar emas. John Mitchell o‘z UFC debyutida shunday zarba berdi-ki, uning ismi karta tugaguncha qayta-qayta tilga olindi.

Lightweight toifasida Shoaib Yousaf jangni juda keskin boshladi, ilk daqiqalardanoq hujumga tashlandi, Mitchellni ortga surishga urinib, bosimni oshirdi. Ammo Mitchell bo‘ronni boshdan kechirdi, himoyada bardosh berdi va kerakli paytni kutdi.

O‘sha payt birinchi raund oxirida keldi. Mitchell tizzasi bilan dahshatli zarba yo‘lladi – Yousaf hushidan ketdi, jang tugadi. Birinchi jang, birinchi raund, birinchi nokaut. UFC sahnasiga bundan-da balandroq kirish qiyin.

Qatardagi bu karta unutilishi mumkin bo‘lgan oddiy kechalardan biri bo‘lishi ham mumkin edi. Lekin Stirlingning nokauti, Albazining bo‘g‘ishi, Nurgozhayning bosh tepki zarbasi va Mitchellning debyutdagi portlashi tufayli bu tun endi statistikada emas, xotirada qoladi. Endi esa savol bitta: shu kechada yorqin yongan bu to‘rtta ism keyingi safar qaysi kartada va qaysi bosqichda oktagonga qaytadi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil