Uefa nihoyat raqib topdi: Philippe Diallo saylov jangida

Gianni Infantino uchun kutilgan “yakka maydon” stsenariysi barbod bo‘ldi. Uefa oxirgi daqiqalarda bo‘lsa-da, kelgusi yilgi Fifa prezidentlik saylovida amaldagi rahbarni yolg‘iz qoldirmaydigan nomzodni topdi.
Bu nom – Philippe Diallo.
Uefa ijroqo‘mi 55 a’zosidan iborat qit’a futboli hukmron organi Fransiya futbol federatsiyasi (FFF) prezidenti Dialloga yakdil ravishda ishonch bildirdi. Qaror saylovga nomzod ko‘rsatish muddati tugashiga qariyb 48 soat qolganida e’lon qilindi. Qisqasi, bu kechikkan, lekin aniq siyosiy signal.
Uefa Dialloga “kerakli yetakchilikni bera oladi” deb ishonishini ta’kidladi. Lekin bu aslida xohlangan fransuz emas edi.
Wenger rejasi barbod bo‘lgach, “B” rejaga o‘tildi
Yevropa futbolidagi ko‘plab yuqori martabali rahbarlar aslida bir kishini orzu qilgan edi – Arsene Wenger. Fifa global rivojlanish bo‘yicha rahbari bo‘lgan sobiq “Arsenal” bosh murabbiyi o‘z xo‘jayini – Infantinoga qarshi tushishi kerak degan umid bo‘lgan.
Sabab oddiy: Wenger nafaqat dunyo miqyosida obro‘, balki turli qit’alarni birlashtira oladigan kam sonli figurantlardan biri sifatida ko‘rilgan. Ugina Infantino to‘rtinchi muddatiga jiddiy tahdid solishi mumkin, degan fikrlar yurardi.
Ammo Wenger bu yo‘lga tushmadi. Shunda Uefa boshqa variant qidirishga majbur bo‘ldi. Va bu izlanishlar oxir-oqibat Dialloga olib keldi.
Endi savol boshqacha: Diallo qanchalik ishonchli raqib? Infantino haqiqatan ham deyarli yengilmas pozitsiyadamI? Uni yana bir muddatdan to‘xtatishning real mexanizmlari bormi?
Keng jamoatchilikka uncha tanish bo‘lmagan raqam, lekin…
Diallo fransuz futbol boshqaruvida 1992 yildan beri ishlaydi, 2023 yilda FFF prezidentiga aylandi. U ommaviy figuran emas, futbol muxlislari orasida “yulduz” emas. Biroq u bir muhim ishni allaqachon qildi: Infantino saylovda raqibsiz qolmaydi.
U, ayniqsa, Fifa Forward Enterprise (FFE) doirasida Jahon chempionati ulushlarini xususiy investorlar qo‘liga topshirish rejasi yuzaga chiqqach, Fifa prezidentiga ochiq qarshi chiqqan kam sonli rahbarlardan biri bo‘ldi.
Sentabr oyida Diallo Infantino “futbolning obro‘si va birligini jiddiy zararladi”, “ishonch buzildi”, deb ochiq aytdi. Bu so‘zlar shunchaki bayonot emas, balki saylov oldidan pozitsiya belgilash edi.
Uefa vitse-prezidenti Laura McAllister uni “haqiqiy, mazmunli va uzoq muddatli islohotlarni boshlab bera oladigan nomzod” sifatida ta’rifladi. Unga ko‘ra, maqsad shunchaki shaxsni almashtirish emas, butun boshqaruv madaniyatini o‘zgartirish.
McAllister Dialloni “aqlli, halol, o‘tkir fikrli, futbolni ichidan biladigan va boshqaruv bo‘yicha katta tajribaga ega” deb atadi va eng muhimi – “integritet egasi” ekanini urg‘uladi. Uning fikricha, Diallo futbolga zarur bo‘lgan “o‘zgarish kun tartibi”ni himoya qila oladigan nomzod.
Infantino hanuz favorit. Lekin Afrika – kalit maydon
Raqamlar hanuz Infantinoning yonida. 211 ovozdan iborat saylovda u Afrika (54 a’zo), Osiyo (47) va Janubiy Amerika (10)ning katta qismini yoniga olgan, degan qarashlar mavjud. Bu esa avtomatik ravishda kuchli start demak.
Shunga qaramay, Uefada bitta umid bor: Dialloning ildizi. Uning otasi senegallik bokschi bo‘lgan, 1960 yilgi Olimpiadada Fransiya sharafini himoya qilgan. Bu biografiya detali Afrikaning ayrim hududlarida va boshqa mintaqalarda unga siyosiy kapital olib kelishi mumkin, degan hisob bor.
Ammo hatto Yevropaning o‘zida ham hammasi shaffof emas. Uefaning 55 a’zosining nechta ovozi Dialloga tushishi aniq emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, Uefa uni faqat o‘tgan hafta ichida nomzodlikka da’vat qilgan. Ayrim milliy assotsiatsiyalar rahbarlari BBC Sport bilan suhbatlarda, anonim tarzda, “yuqori profilga ega nomzod”ni oldinroq topa olmagani uchun norozilik bildirgan.
Ulardan biri Diallo nomzodi haqida faqat yakshanba kuni xabar topganini aytgan. U Dialloni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan, lekin shunday degan: “Bizda kimdir ancha oldinroq bo‘lganida yaxshi bo‘lardi. Juda ko‘p narsani Wengerga tikdik”.
Yana bir rahbar Dialloni “yaxshi inson, lekin og‘ir vaznli figura sifatida ko‘rilmaydi” deya ta’riflagan. Uefani “momentumni yo‘qotdi, jarayon yaxshi boshqarilmadi” deya tanqid qilib, “endi sehrli quyonni shapkasidan chiqarishga umid qilishdan boshqa chora yo‘q”, degan.
Ba’zi fikrlarga ko‘ra, Infantino qarshisida yevropalik emas, boshqa qit’adan bo‘lgan nomzod birlashtiruvchi bayroq bo‘la olardi. Shunga qaramay, McAllister optimistik kayfiyatda: u mart oyidagi saylovda “kuchli kampaniya” bo‘lishiga ishonadi va eng keskin bosqich nomzodlar ro‘yxati yopilib, ularning layoqati tekshirilgach boshlanishini aytadi.
Infantino – bosim ostida, lekin haligacha balandda
Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Jurgen Klopp ham bu bahsda o‘z pozitsiyasini yashirmadi. Uning so‘zlari keskin bo‘ldi: “O‘zgarish ma’noga ega bo‘ladi, degan fikr deyarli yakdil”. Biroq siyosiy realitet boshqa: Infantino hanuz kuchli pozitsiyada.
Yaqin oygacha manzara boshqacha ko‘ringan. Uefa, Osiyo futbol konfederatsiyasi va Shimoliy hamda Markaziy Amerika va Karib havzasi futbolini boshqaruvchi Concacaf rahbarlari birgalikda maktub yo‘llab, Fifa prezidentini “ishonchni aldov yo‘li bilan buzganlikda” ayblagan edi. Futbol siyosatida ochiq fuqarolar urushi avj olayotgandek tuyulgandi.
Ammo qo‘zg‘olon ketma-ket zarbalar oldi. Uefa Fifa musobaqalarini boykot qilish haqidagi tahdidni bekor qildi. Potensial raqib sifatida ko‘rilgan Concacaf rahbari Victor Montagliani saylovga tushmaslikni tanladi. Aleksander Ceferin esa Infantino bilan to‘qnash kelish o‘rniga Uefa prezidentligi uchun to‘rtinchi muddatga borishga qaror qildi.
Shu orada amaldagi prezident maqomi Infantinoga butun dunyo bo‘ylab sayohat qilib, ittifoqlarni mustahkamlash imkonini berdi. Uning qayta saylanish imkoniyatlari Fifa tomonidan futbol rivoji uchun ajratiladigan mablag‘ni 2,6 milliard funtga oshirish taklifi bilan yanada kuchaydi.
Osiyo futbol konfederatsiyasi rahbari Shayx Salman pozitsiyasini o‘zgartirib, Infantinoni ochiq qo‘llab-quvvatladi. Shundan so‘ng Fifa prezidenti BBC bilan suhbatda “dunyo futbolining nihoyatda katta ko‘pchilik qismi” uni qo‘llayotganini aytdi.
McAllister esa siyosiy tajribasiga tayangan holda ehtiyotkor: “Hech qachon saylovda oldindan yutib qo‘ygan favorit deb o‘ylamayman”, deydi u. Uning fikricha, saylovgacha yana ko‘plab “burilishlar va kutilmagan voqealar” bo‘lishi mumkin.
U yana bir fikrni qayta urg‘ulaydi: gap faqat nomzodda emas, futbol boshqaruvini zamonaviylashtirish, strukturaviy o‘zgarishlar qilishda. Kim g‘olib bo‘lishidan qat’i nazar, Uefa yangi prezidentdan aynan shuni talab qilmoqchi.
Sudlar, siyosat va nizomlar: Infantino uchun xavfli maydonlar
Saylovgacha to‘rt oy qoldi. Qayerda Infantino sirg‘anishi mumkin?
Birinchi front – sudlar. Uefa Infantinoni lavozimidan ag‘darishning kengroq rejasi doirasida AQShda sud hujjatlari topshirdi. Ular orasida Shveysariyada unga qarshi moliyaviy noto‘g‘ri boshqaruv bo‘yicha jinoyat ishini qo‘zg‘atish ehtimoli ham bor.
Hozircha bu huquqiy hujumlar uning pozitsiyasini sezilarli larzaga keltirgani ko‘rinmaydi. Lekin Yevropa futbolidagi ba’zi rahbarlar FFE bo‘yicha dalillar sud orqali oshkor qilinishi, bu esa saylov oldidan Infantino uchun siyosiy zarbaga aylanishi mumkinligiga umid qiladi.
Ikkinchi front – AQSh siyosati. AQSh Kongressidagi Demokratlarning o‘rta muddatli saylovdagi g‘alabasi Fifa prezidentiga bo‘lgan bosimni kuchaytirishi ehtimoli bor. Yil boshida Vakillar palatasi sud qo‘mitasidagi demokratlar Infantinoning AQSh prezidenti Donald Trump bilan aloqalarini o‘rganish bo‘yicha tekshiruv boshlagan edi. Sentabrda qo‘mita vakili Fifa va Infantino hamkorligini “nihoyatda yetarli emas” deb baholagan.
Endi esa kengroq vakolatlarga ega bo‘lgan demokratlar undan hujjatlarni majburan talab qilish yoki guvohlik berishga chaqirish imkoniga ega.
Uchinchi front – ichki shaffoflik. Kuchayib borayotgan bosim ostida Fifa FFE rejasiga oid “asosiy hujjatlar”ni Kengash a’zolariga ko‘rsatishga ro‘zi bo‘ldi. Ammo buning ham o‘z qoidalari bor: hujjatlarni ko‘rish uchun ular Tsyurixga borishi kerak, kirish esa “qat’iy protokollar” asosida bo‘ladi. Shunga qaramay, Infantino tanqidchilari aynan shu jarayon saylov oldidan yangi noqulay ma’lumotlarni yuzaga chiqarishidan umidvor.
So‘nggi oylarda Infantino rahbarligi bilan bog‘liq bir qator salbiy materiallar matbuotda paydo bo‘ldi. Fifa buning ortida “ba’zi kuchlarning uni obro‘sizlantirishga qaratilgan uyushgan harakati” turibdi, deya javob berdi. Shunga qaramay, bu axborot bosimi to‘xtaydigan ko‘rinmaydi.
Uch muddat chegarasi va nizom bo‘yicha savol
Infantino hatto saylovga tushish huquqidan ham mahrum etilishi mumkinmi?
Portugaliyalik yurist Miguel Maduro – Fifa boshqaruv qo‘mitasining sobiq rahbari – amaldagi nizomga ko‘ra prezidentlar uch muddat bilan cheklanishini eslatib, Infantino nomzodi qabul qilinmasligi kerak, deb hisoblaydi. 2022 yilda Fifa Kengashi uning 2016–2019 yillar oralig‘idagi birinchi davrini “Sepp Blatter iste’fosidan keyin muddatni yakunlash” sifatida baholab, to‘liq muddatga kiritmaslikka qaror qilgan.
Maduroning fikricha, bu qarorni Sport arbitraj sudi (CAS)da faqat milliy assotsiatsiya yoki konfederatsiya shikoyat qilsa, qayta ko‘rib chiqish mumkin bo‘ladi. Hozircha bunday tashabbus ko‘rinmayapti, lekin nazariy xavf bor.
Diallo – asosiy raqib, lekin ovozlar bo‘linishi ham mumkin
Saylovga yana ikki ism kirib kelgan: Yaponiya futbol assotsiatsiyasi faxriy prezidenti Kozo Tashima va sobiq “Tottenham Hotspur” himoyachisi Ramon Vega. Ammo ularning atrofida qanchalik keng qo‘llab-quvvatlash borligi noaniq. Shuning uchun hozircha Infantino blokini sinovdan o‘tkazishga eng yaqin nomzod sifatida Diallo ko‘rilmoqda.
Bu yerda yana bir xavf bor: qarshi ovozlarning bo‘linishi. Agar Tashima va Vega kam bo‘lsa-da, muhim segmentlarni o‘ziga tortsa, Infantino uchun vaziyat yanada qulaylashadi.
Fifada yana bir nozik detal ham qayd etilgan. Joriy yil mart oyida Diallo Parijga tashrif buyurgan Infantinoni ochiq tabriklab, kichik maydonlar qurish dasturi va global futbol infratuzilmasini kengaytirish zarurligini alohida ta’kidlagan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, u endi aynan o‘sha odamni kursidan tushirish vazifasini zimmasiga olgan nomzodga aylandi.
Endi sahnada Diallo
O‘sha mart oyidan beri juda ko‘p narsa o‘zgardi. FFE mojarosi, sud arizalari, siyosiy bosim, ichki norozilik – bularning barchasi futbol siyosatini keskinlashtirdi.
Endi esa nisbatan sokin, keng ommaga uncha tanish bo‘lmagan fransuz amaldori Infantino uchun haqiqiy sinovga aylanishi kerak. Agar u g‘alaba qozonsa, Fifa tarixidagi atigi o‘ninchi prezident bo‘ladi.
Savol esa endi bitta: Yevropa futboli kechikib bo‘lsa-da topgan nomzodi bilan global futbol siyosatini chindan ham o‘zgartira oladimi yoki bu kampaniya Infantino uchun faqat navbatdagi, lekin eng shov-shuvli sinovlardan biri bo‘lib qoladimi?
