Swansea City Vitor Matos bilan xayrlashdi

Swansea City nihoyat sukutni buzdi. Klub bir necha kundan beri havoda osilib qolgan savolga atigi bitta jumla bilan nuqta qo‘ydi: Vitor Matos endi Uels jamoasi bosh murabbiyi emas.
Rasmiy bayonot esa o‘ziga xos tarzda kechikdi. Strasbourg chorshanba oqshomidayoq Matosni yangi bosh murabbiy sifatida e’lon qilgan, Liberty atrofida esa sukut hukm surardi. Oradan qariyb 23 soat o‘tibgina Swansea City og‘iz ochdi va hammasini fransuz klubining xabari bilan bog‘lab qo‘ya qoldi.
“RC Strasbourg’ning e’loni asosida, Swansea City Vitor Matos va uning murabbiylar shtabi klubni tark etganini e’tirof etadi”, – deyiladi Uels klubi bayonotida.
Shu bilan tugadi. Xayrlashuv so‘zi yo‘q, izoh yo‘q, minnatdorchilik ham yo‘q. Faqat “e’tirof etadi”.
Bu qisqa jumla ichida ham kichik, ammo ko‘zga tashlanadigan tafsilot paydo bo‘ldi: Matosning ismi dastlab “Victor” deb noto‘g‘ri yozildi. Xuddi shunday xato Strasbourg’ning inglizcha ijtimoiy tarmoq e’lonida ham uchradi. Swansea saytida ism tezda to‘g‘rilandi, lekin bu kichik xatolik savollarni ko‘paytirdi. Atay qilinganmi? Klub matbuot xizmati bu borada izoh berishdan bosh tortdi.
Shu orada bo‘shab qolgan murabbiylik kursisi uzoq vaqt bo‘sh qolmaydi. Swansea City ichkaridan yechim topdi va muxlislar uchun juda tanish yuzlarga tayandi.
Klub afsonalari vaqtinchalik boshqaruvda
Swansea sobiq sardori Ashley Williams vaqtinchalik murabbiylar shtabiga boshchilik qiladi. U bilan birga Leon Britton, Joe Allen va Kris O'Leary – qora-oq libosda 1 400 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan to‘rtlik – jamoani qo‘lga oladi.
“Shanba kuni West Bromwich Albion’ga qarshi o‘yinda Ashley Williams, Leon Britton, Joe Allen va Kris O'Leary jamoa boshida bo‘ladi”, – deyiladi klub bayonotida.
Akademiya darvozabonlar bo‘limi rahbari Paul Whitfield ham bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi va asosiy jamoa shtabiga qo‘shildi. Ular allaqachon ishga kirishib bo‘ldi: payshanba kuni Fairwood bazasida mashg‘ulotni aynan shu guruh olib bordi.
Klub bu beshlikka alohida minnatdorchilik bildirdi. Rasmiy matnda ularning “bir zumda, ikkilanmasdan” yordamga kelgani, Swansea City’ga bo‘lgan ishtiyoqi va sadoqati alohida ta’kidlandi.
Matosning ketishi ortidan klub rahbariyati hali yangi doimiy bosh murabbiy nomini ochiqlagani yo‘q. Hozircha esa Swansea City taqdiri o‘z afsonalari qo‘lida – va West Bromwich Albion bilan to‘qnashuv bu yangi davr qanday boshlanishini birinchi bo‘lib ko‘rsatadi.
