Shotlandiya futboli: Yagona milliy futbol markazi zarurmi?

Shotlandiya futboli yana savol ostida. Nations League’dagi sust kampaniya, Yevropada klublarning qiynalayotgani, Premiershipda mahalliy futbolchilarning o‘yin amaliyoti yetishmayotgani – hammasi bir nuqtaga borib taqaladi. Dundee bosh murabbiyi Steven Pressley bu nuqtani aniq qo‘yadi: mamlakatga yagona milliy futbol markazi kerak.
“Biz hozir mamlakatni qum ustiga qurayapmiz”.
“Bizda poydevor yo‘q”
32 marta Shotlandiya sharafini himoya qilgan sobiq markaziy himoyachi bugungi muhokamalarni yaxshi biladi. Yosh futbolchilarga ko‘proq daqiqa berish, legionerlar soni, qoidalar, limitlar – hamma gapiradi, hamma o‘zcha yechim taklif qiladi. Lekin Pressli bitta savolni o‘rtaga tashlaydi: bu g‘oyalar qaerda birlashadi?
“Men biror narsaning ortidan borishni xohlayman. Bizda o‘z milliy futbol markazimiz yo‘q”, deydi u.
Yozda u Dundee bilan Vengriyaga boradi. U yerda ular mamlakat milliy markazida joylashadi. Pressli ko‘rganini yashirmaydi: zo‘r maydonlar, o‘quv xonalari, seminar xonalari, murabbiylar va futbolchilar birga o‘sishi mumkin bo‘lgan maskan. Yagona makon. Yagona nafas.
Keyin u o‘z yurtiga qaraydi va savollar yog‘iladi: “Qanday qilib biz murabbiylarimizni yaxshilaymiz? Qanday qilib yosh futbolchilarni? Tahlilni, sport ilm-fanini, yetakchilikni qanday ko‘taramiz, agar hamma bir joyga yig‘ila oladigan, mamlakatni oldinga suradigan markazimiz ham bo‘lmasa?”
St George’s Park bor, Shotlandiyada esa parcha-parcha baza
Angliyada St George’s Park allaqachon ramzga aylangan. 2012-yilda ishga tushgan, 105 million funtlik milliy markaz – murabbiylar, terma jamoalar, ilmiy-tadqiqot uchun yagona uy.
Shotlandiyada esa manzara bo‘laklarga bo‘lingan. Shotlandiya futbol assotsiatsiyasi Edinburgdagi Oriam Sports Performance Centre va Lesser Hampden’dan foydalanadi. Ba’zan Largsdagi Sportscotland markazi, shuningdek Ravenscraig va Toryglen bazalari ishga tushadi. Bitta markaz emas, tarqoq nuqtalar tizimi.
Pressli uchun bu yetarli emas. “Top-50 ichidagi mamlakatmiz-u, bunaqa markazga ega emasligimiz meni xavotirga soladi”, deydi u. U nafaqat Dundee murabbiyi, balki Hearts sardori bo‘lgan, Rangers, Celtic va Dundee United safida o‘ynagan odam sifatida gapiryapti. Uning ko‘zi ko‘p narsani ko‘rgan.
Uningcha, bu faqat infratuzilma masalasi emas, bu mentalitet va reja masalasi: “Bu bizning strategiyamiz, uzoq umrli rejamiz va uzoq muddatli qarashlarimiz haqida ko‘p narsani aytadi. Biz bularning birortasini ko‘rsata olmadik va oqibatlari endi dahshatli tarzda bizni quvib yetyapti”.
“Avval poydevor, keyin qolgan hammasi”
Pressli reseptni murakkablashtirmaydi. Avvalo – baza. Yagona, kuchli, milliy markaz.
“Biz mutlaqo asosiy narsadan boshlashimiz kerak – bitta markazdan. Qolgan ko‘p narsa vaqt o‘tishi bilan keladi. Biz esa doim ‘hozirgi muammoni’ yamashga urinib, ‘maxsus narsa qurish’ haqida o‘ylamaymiz”, deydi u.
Uning fikricha, bunday markaz nafaqat terma jamoalar uchun, balki butun tizim uchun o‘yin qoidalarini o‘zgartiradi. Murabbiylar bir joyga yig‘iladi, g‘oyalar almashadi, fikrlar to‘qnashadi. Tahlilchilar, sport olimlari, yosh murabbiylar, rahbarlar – hammasi bir hududda, bir muhitda.
Pressli o‘z tajribasini eslaydi: futbol menejmenti bo‘yicha universitet kurslari va diplom dasturlarini u aynan St George’s Park’da o‘tagan. “Biz u yerda birga bo‘ldik, birga o‘qidik, birga o‘sdik”, deydi u mazmunan. U shunday jarayonni Shotlandiyada ham ko‘rishni istaydi.
Milliy g‘urur uchun kurash
Bu yerda gap faqat natija haqida emas. Pressli so‘zida milliy g‘urur ham bor. “Biz o‘z mamlakatimizda shunday joy yaratishimiz, yurtimizni yana faxrlantirishimiz va bir-birimizga chinakam yordam berishimiz kerak”, degan chaqiriq turibdi.
Savol endi shunday: Shotlandiya futboli yana bir yo‘qolgan avlodni kutadimi yoki nihoyat qumni kovlab, haqiqiy poydevor quyishga jur’at topadimi?
