UZB sport

Robert Whittaker: Adesanya o‘ziga qarshi haqiqiy jang

UFC Fight Night 295 oldidan eng qiziq savollardan biri: sobiq chempion qaytadimi yoki pasayish davom etadimi?

Sobiq o‘rta vazn chempioni Israel Adesanya 5-dekabr kuni Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tadigan kechada Shara Magomedovga qarshi oktagonga qaytadi. Uning yelkasida esa og‘ir yuk – to‘rt janglik mag‘lubiyat seriyasi. Statistika sovuq: 24-6 MMA, 13-6 UFC. Lekin Robert Whittaker bu raqamlardan ko‘ra boshqasini ko‘ryapti.

Ikki marta Adesanyaga qarshi kamar jangida yutqazgan, keyinroq esa u bilan birga mashg‘ulot o‘tkazgan Whittaker, eski raqibining hali ham ichida o‘sha “prime” versiya yashirinib yurganini aytadi.

Uning fikricha, hammasi bitta nuqtaga borib taqaladi – diqqat va davomiylik.

Agar u Imavov jangidagi kabi boshlasa…

Whittaker o‘zining “MMArcade Podcast”ida Adesanyaning imkoniyatlarini shunday tahlil qildi:

“Yoqqan-yoqmaganidan qat’i nazar, agar Israel Imavov jangining boshida ko‘rsatganidek chiqsa, bu texnik jihatdan yutib bo‘ladigan jang. U Shara ustidan yo‘l-yo‘lakay g‘alaba qozonishi mumkin, chunki Shara olishuvga (takedown) intilmaydi. Agar bu sof stoyka bo‘lsa, Israel ajoyib. Uning stoykasi juda yuqori darajada. Faqat shu tasavvurni, shu ko‘rish qobiliyatini butun jang davomida ushlab turishi kerak. Imavovga qarshi jangda u juda zo‘r boshladi, lekin shu tasavvurni ushlay olmadi. Diqqatni to‘liq jang bo‘yi saqlamadi”.

Whittaker uchun bu jangning kaliti – bosim ostida fikrni tarqatib yubormaslik. Adesanya hali ham texnik jihatdan yuqori saviyada, ammo oxirgi yillardagi tushkun kayfiyat va ruhiy yuk uni mayib qilganini hamma ko‘rdi.

City Kickboxingdan ketish va “qayta yuklash”

Fevral oyida UFC Fight Night 271 kechasida Joe Pyferga qarshi mag‘lubiyat – Adesanya uchun burilish nuqtasiga aylandi. O‘sha zarbadan so‘ng u yillar davomida faoliyatining markazi bo‘lgan City Kickboxing bilan xayrlashdi va yangidan yo‘l izlashga kirishdi.

U yaqin kunlarda o‘tgan uch yilni ochiqchasiga “yoqimli bo‘lmagan” davr sifatida ta’rifladi, lekin hozir o‘zini qayta jonlangandek his qilayotganini aytmoqda. Bu gaplar ortida press-konferensiya uchun aytilgan shiorlarmi yoki haqiqiy ichki burilishmi – buni oktagon ko‘rsatadi.

Whittaker esa shubhalanmayapti.

Haqiqiy jang – Israel vs Israel

“Ichimda bitta fikr bor: bu yerda haqiqiy jang – Israel o‘ziga qarshi”, – deydi Whittaker. – “Men eski Izzy’ni ko‘rmoqchiman. Boshidan oxirigacha yoqilgan, hushyor, lazerdek aniq diqqat bilan. Agar u shunday holatda kelsa, rostini aytsam, Shara’ni ‘tormozsiz’ qiladi. Men butunlay Israel tarafidaman”.

Whittaker Magomedovni yengil raqib sifatida ko‘rsatayotgani yo‘q, lekin uning uslubi Adesanya uchun qulay ekanini ta’kidlayapti. Shara olishuv izlamaydi, demak jang deyarli to‘liq stoykada kechishi kutiladi. Bu esa “The Last Stylebender”ning o‘yin maydoni.

Savol boshqa: Adesanya o‘sha maydonga qayta egalik qila oladimi?

Ar-Riyoddagi kecha bunga javob beradi. Shu bilan birga, faqat reytinglar emas, balki butun o‘rta vazn taxti atrofidagi manzara ham o‘zgarishi mumkin.

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil