QPR besh o‘yinlik sinovdan o‘tadi

Londonning g‘arbida kayfiyat yomon emas. QPR mavsumni sergak boshladi, turnir jadvalining yuqori qismiga yopishib olgan, hozircha sakkizinchi pog‘onada, pley-off zonasi ichida. Ammo bosh murabbiy Julien Stephan yaxshi biladi: bu faqat kirish qismi, asosiy bahslar endi boshlanadi.
Uningcha, oldinda turgan besh o‘yin – hozirgi jamoaning asl darajasini ochib beradigan davr.
“Keyingi besh o‘yin biz hozir qayerdaligimizni aniqroq ko‘rsatadi”, – deydi u. – “Butun mavsum sifatini emas, lekin bugungi holatimizni aniqroq belgilab beradi”.
O‘n ikki yillik tanaffus va yangi orzu
QPR oxirgi marta Championship pley-offini 2013-14-yilda yakunlagan, o‘shanda klub Premier Leaguega ko‘tarilgan, ammo bir yil o‘tmay yana quyi ligaga qaytgan. O‘sha kampaniya allaqachon tarixga aylangan, ammo Loftus Road atrofida pley-off so‘zi yana ochiqchasiga aytila boshladi.
Bu safar yo‘l ancha murakkab. Uchta safar o‘yini – Millwall, Norwich City va Stoke City maydonlarida. So‘ngra 8-dekabr kuni Wolves Loftus Road’ga keladi. Stephan aynan shu blokni burilish nuqtasi deb ko‘ryapti.
Jadval ham buni tasdiqlaydi: QPR birinchi o‘rindan atigi besh ochkoga ortda, lekin 13-o‘rindagi jamoadan bor-yo‘g‘i uch ochkoga oldinda. Bir hafta ichida hamma narsa ostin-ustin bo‘lishi mumkin.
“Jadval juda-juda zich, hamma narsa tez o‘zgarishi mumkin”, – deydi fransiyalik mutaxassis. – “Shuning uchun ayniqsa keyingi o‘yinlar bizga ko‘proq ma’lumot beradi, kimlarga qarshi o‘ynashimizni ham inobatga olsak”.
Chiroyli o‘yin bor, ammo...
Stephan jamoasining o‘yinidan mamnun. U QPRning to‘p bilan ishlashi, pressing va kombinatsiyalarini maqtaydi. Lekin bitta muammo bor: chiroyli futbol har doim ham ochko olib kelmaydi.
Shu bois murabbiy endi nafaqat uslubni, balki natijani ham talab qilmoqda.
“Endi bu barqarorlik masalasi”, – deydi u. – “Futbolda aynan barqarorlik va samaradorlik farqni qiladi. Shuning uchun keyingi besh o‘yinda nimalarga qodir ekanimizni ko‘rmoqchiman”.
Qisqa qilib aytganda, QPR endi o‘zini “chiroyli o‘ynaydigan jamoa” sifatida emas, “chiroyli o‘ynab, natija ham oladigan jamoa” sifatida isbotlashi kerak.
Millwall bilan London derbisi: eski jarohat, yangi imkoniyat
Shanba tushlik payti The Denda London derbisi. Qisqa safar, lekin og‘ir sinov. O‘tgan mavsum bu to‘qnashuv Millwall foydasiga 2:0 bilan yakunlangan, ikkala gol ham dastlabki 17 daqiqada urilgan. O‘yin deyarli boshlanmasdan hal bo‘lgandi.
Stephan o‘sha kechani yaxshi eslaydi.
“Ular bizni dastlabki 20-25 daqiqada ‘o‘ldirishdi’”, – deydi u. – “Shundan keyin o‘yinimizni tiklashning iloji bo‘lmadi. Shuning uchun boshlanish qanchalik muhimligini juda yaxshi bilamiz”.
Bu safar senariy boshqacha bo‘lishi kerak. Millwall o‘z uyida, o‘ziga xos shovqin-suroni, bosim ostidagi tribunalar bilan juda noqulay raqib. The Den’dagi atmosfera ko‘p jamoani sindirgan.
Stephan bunga tayyor:
“Biz Millwallni yaxshi bilamiz, ayniqsa uyda o‘ynaganda ular qanday bo‘lishini. Maydonda birinchi soniyalardanoq intensivlik juda yuqori bo‘ladi. Bu derbi”.
Demak, QPR uchun bu faqat navbatdagi uch ochko emas. Bu – o‘tgan mavsumdagi erta nokaut uchun javob, shu bilan birga pley-off orzularining naqadar jiddiy ekanini butun ligaga ko‘rsatish imkoniyati.
Savol endi bitta: bu besh o‘yin QPR’ni pley-off da’vogariga aylantiradimi yoki ularni yana bir “yaxshi boshlagan, lekin oxiriga yetkaza olmagan” jamoalar qatoriga qo‘shadimi?
