UZB sport

Ollie Bearman: Haas bilan kelajakdagi noaniqlik

Las Vegasga kelgan Ollie Bearman yo‘l bo‘yida emas, aynan paddokning o‘zida “trafik”ka tiqilib qolgandek. Shartnoma masalasidagi cho‘zilish unga ham, jamoaga ham tinchlik bermayapti.

Britaniyalik pilot 2024-yilda Haas tarkibida zaxiradan poygalarga tushib, 2025 mavsumida to‘liq stavkali haydovchiga aylandi. Kuchli debyut, keyin esa jamoa bilan ikkinchi yil – yo‘l aniqdek ko‘ringandi. Endi esa 2027 yilga borib deyarli butun peloton kelajagini rasman hal qilib bo‘lgan bir paytda, aynan Bearman atrofida noaniqlik qolmoqda.

Haas hali ham uning nomini keyingi yilgi tarkibga rasmiy kiritgani yo‘q. Kutilayotgan ssenariy oddiy: tomonlar hamkorlikni davom ettiradi. Ammo qog‘ozda imzo yo‘q, press-reliz yo‘q. Tabiiyki, savollar ko‘paydi.

Las Vegas Grand Prix arafasidagi media kunida undan bu vaziyat qanchalik bezovta qilayotgani so‘raldi. Javob keskin bo‘ldi.

“Ha, albatta,” dedi u. “Bu biroz hafsalani pir qiladi. Jamoa ichida ham odamlar ‘nega hali e’lon qilinmading?’ deb so‘rayapti. Bu, albatta, unchalik yaxshi emas. Ular uchun ham, men uchun ham – ayniqsa, ruhiy tomondan. Mavsumning yigirma nechinchi bosqichida turib, hech qanday tasdiqsiz qolish eng yaxshi holat emas.”

Uning so‘zlaridan charchoq ham, hafsalasi pir bo‘lgani ham seziladi.

“Bu ustida ishlayapmiz, – deydi Bearman. – Faqat men hozir sizlarga hech narsa ayta olmasligimdan biroz xafa bo‘lyapman, bunga bahona yo‘q.”

Shu cho‘zilish ba’zilarda “nimadir noto‘g‘ri ketgan” degan gumonni uyg‘otishi mumkinligi aytilganda, u darhol rad etdi.

“Bu to‘g‘ri emas,” dedi u. “Hech qanday muammo yo‘q, lekin jarayon juda cho‘zilib ketdi, menga bu yoqmaydi.”

21 yoshli pilot aslida Haas bilan qolishini deyarli ochiq aytib qo‘ydi, lekin baribir rasmiy tasdiq yo‘qligi unga og‘ir tushmoqda.

“Vaziyat qiyin, – deya davom etdi u. – Bu bosqichda turib, sizlarga aytadigan hech narsam yo‘qligiga hech qanday bahona bo‘lmasligi kerak deb o‘ylayman.”

U bitta statistik faktni ham eslatdi – va bu raqam ko‘p narsani aytadi.

“Bu shundan dalolat beradiki, kelasi yil uchun hali e’lon qilinmagan yagona haydovchi – menman. Men sizlarga, albatta, hammasi joyida, nasib bo‘lsa, kelasi yili Haas uchun poygaga chiqaman, deb ayta olaman. Lekin rasmiy emasligi – shunchaki hafsala pir qiladigan holat.”

Nima ushlab turibdi? Bu savolga Bearman o‘zi ham javob topolmayapti.

“Bilmayman. Rostdan bilmayman,” dedi u qisqa qilib.

Shu orada poyga davom etadi. Oldinda – Las Vegas Grand Prix. Yangi shartnoma qog‘ozda bo‘lmasada, start chizig‘ida u baribir Haas mashinasida bo‘ladi. Bu hafta oxiri esa oson bo‘lishi kutilmayapti.

“Rostini aytsam, so‘nggi poygalar juda qiyin bo‘ldi,” dedi Bearman. “Austin va Mexico shahrida ochkolar olish imkoniyatini qo‘ldan chiqardik, ustiga-ustak Mexico va Brazilda juda qattiq betob bo‘ldim. Juda yoqimsiz bo‘ldi, uyga qaytishni intiqlik bilan kutdim.”

Uy esa unga nafaqat tinchlik, balki yangi kuch ham bergan ko‘rinadi.

“Oxirgi kunlar men uchun yaxshi ‘qayta zaryad’ bo‘ldi, – dedi u. – Endi paddokka ko‘p energiya bilan qaytdim va so‘nggi uchta bosqich yaxshiroq o‘tishiga umid qilyapman.”

Shunday qilib, Bearman hozir ikki frontda kurashmoqda: trassada ochkolar uchun, kulis ortida esa o‘z kelajagini qog‘ozda mustahkamlash uchun. Savol bitta: Haas rasmiy “ha”ni qachon aytadi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil