UZB sport

Mourinho: Viníciusni yaxshi ko‘radi, lekin imtiyoz yo‘q

Madridda bir savol kun bo‘yi aylanib yuribdi: to‘rt o‘yinlik diskvalifikatsiyadan qaytgan Vinícius Júnior darhol asosiy tarkibga qaytadimi? Javobni José Mourinho aniq aytmadi. Ataylab aytmadi.

Braziliyalik hujumchi bu mavsum Ispaniyada keskin tanqid ostida qoldi. “Real Madrid” safida 12 ta o‘yinda atigi bitta gol, oktyabrda “Villarreal”ga qarshi o‘yinda sochdan tortgani uchun olingan qizil kartochka va uning ortidan kelgan to‘rt o‘yink chetlatish – bularning bari tribunalar va studiyalarda bir xil savolni tug‘dirdi: Vinícius hali ham bu jamoaning markazida turadimi?

Eng og‘riqli zarba shunda bo‘ldi-ki, u yo‘qligida “Real Madrid” to‘rtta o‘yinning barchasini yutdi. Ichida “Camp Nou”dagi “El Clásico” ham bor. Jamoa g‘alaba qilar, Vinícius esa tribunada – bu Madridda har doim bahsni alangaga aylantiradigan manzara.

Ammo xalqaro tanaffus hammasini ag‘darib tashladi. Vinícius Braziliya safida ikki o‘yinda beshta gol urdi. Bir hafta ichida kayfiyat o‘zgardi, ohang o‘zgardi, savollar ham. Endi u muammo emas, yana bir bor yechim sifatida tilga olinmoqda.

Mourinho esa bu keskin burilishni yoqtirmadi.

“Asosiy tarkibda bo‘ladimi, zaxirada o‘tiradimi, tribunadamikan – farqi yo‘q”, – dedi u. – “Bir necha hafta avval odamlar u haqida katta muammoga duch kelgandek gapirishardi, endi esa u gol urgani bilan tinmaymiz: o‘ynaydimi, o‘ynamaydimi. Bu haddan tashqari. U ajoyib. Biz uni yaxshi ko‘ramiz va unga muhtojmiz. Lekin bu yerda imtiyozli futbolchi yo‘q”.

Mourinhoning ohangi qat’iy edi. U Viníciustni himoya qildi, lekin eshikni ham yopib qo‘ymadi. Hech kimga kafolat yo‘q – na yulduzlarga, na yangi kelganlarga.

“Hech kim majburiy o‘ynaydigan futbolchi emas. Hammasi jamoa uchun ishlaydi”, – dedi u. – “Keyin esa bir rivoyat paydo bo‘ladi: go‘yoki u yetarlicha o‘ynamayotgani uchun ketishi kerak emish. “Real Madrid” kuchli zaxira skamyasiga muhtoj. Shunday tarkib bo‘lishi kerakki, murabbiy jarohatlar haqida o‘ylab o‘tirmasin”.

Vinícius xalqaro tanaffus chog‘ida o‘zi haqida ochiq gapirdi. U Braziliyaning Jahon chempionatidan erta chiqib ketgani ruhiyatiga ta’sir qilganini, “Santiago Bernabéu”ni tark etishi mumkinligi borasidagi mish-mishlar ham uni qiynaganini tan oldi. Bu Madridda yoqib ketadigan mavzu.

Mourinho esa bu samimiyatni ham o‘ziga xos tarzda izohladi.

“U o‘ziga qarab, o‘zi haqida o‘ylab ko‘rgan yosh yigit”, – dedi u. – “Ehtimol, bu gaplarni ichida saqlab qo‘ygani ma’qul edi, lekin ochiq bo‘lgani uchun kimnidir tanqid qilishni yoqtirmayman. Endi qish boshlanmoqda, haqiqiy marafon… Mana shu paytda Vinícius ulkan farq qilishi mumkin. U hal qiluvchi bo‘la oladi. Uni butun kiyinish xonasi yaxshi ko‘radi”.

Mourinho bu yerda ham muhim chiziq chizdi. Ba’zi yulduzlar jamoa ichida qabul qilinmaydi, sovuq munosabat seziladi. Vinícius esa aksincha, ichkarida “o‘z odami”. Bu murabbiy uchun ham, klub uchun ham katta kapital.

Celta fon emas

“Real Madrid” haftani peshqadam “Barcelona”dan uch ochko ortda boshlaydi. Ular maydonga birinchi tushadi va g‘alaba bilan ochkolarni tenglashtirishi mumkin. Bu odatda bosimni oshiradigan vaziyat, lekin Mourinho e’tiborni boshqa tomonga burdi – raqibga.

“Celta Vigo” 11-o‘rinda, turnir jadvali ular haqida unchalik yoqimli tasvir chizmaydi. Mourinho bunday raqamlar ortiga yashirinib bo‘lmasligini yaxshi biladi.

“Celta ochkolaridan ko‘ra yaxshiroq jamoa”, – dedi u. – “O‘tgan mavsum bizni yutishgan, Yevropada o‘ynashyapti, balki shuning uchun ichki chempionatda ba’zi ochkolarni yo‘qotishayotgandir. Lekin ertaga bu omil bo‘lmaydi”.

Bu ogohlantirish bejiz emas. “Real Madrid”ning so‘nggi mavsumlarida aynan shunday “noqulay” o‘rta pog‘ona jamoalari chempionlik poygasida kutilmagan tormozga aylangan paytlar ko‘p bo‘lgan.

Courtois – kelajakni tanlagan darvozabon

Madridda bugun faqat Vinícius haqida o‘ylashmayapti. Klub Thibaut Courtois bilan shartnoma uzaytirilganini e’lon qildi. Endi 34 yoshli darvozabon 2028-yilgacha “Real Madrid” futbolchisi.

Belgiyalik posbonning amaldagi shartnomasi kelasi yozda tugashi kerak edi. Klub bu masalani cho‘zib o‘tirmadi va haftaning o‘zida Arda Güler hamda Aurelien Tchouameni bilan bir qatorda Courtois ham kelajagini Madrid bilan bog‘ladi. “Real” darvozabon masalasini yillar oldindan yopib qo‘ydi.

Mourinho matbuot anjumanida “Manchester United”ni tark etgan, endi “Real Madrid”ga kelishi kutilayotgan 16 yoshli JJ Gabriel haqida savolni esa qisqa yo‘q qildi. Bu mavzu hozircha murabbiy uchun emas, klub koridorlari uchun.

Endi navbat maydonga. Vinícius Júnior ertaga “Santiago Bernabéu” chiroqlari ostida asosiy tarkibda paydo bo‘ladimi yoki yo‘qmi – bu savol hali ham ochiq. Lekin bir narsa aniq: qishki marafon boshlanar ekan, “Real Madrid”ning chempionlik taqdiri ham aynan shunday o‘yinlarda, aynan shunday qarorlarda hal bo‘ladi.

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil