UZB sport

Matthieu Solier va Arina Sobolenko atrofidagi mojaro

Indian Wellsdagi yirik turnir fonida kutilmagan mojaro portladi. Fransuz sharhlovchisi Matthieu Solier sobiq jahon birinchi raqamli tennischi Arina Sobolenkoni haqorat qilgani uchun tanqidlar markazida qoldi.

Hammasi reklama roligidan boshlandi. Indian Wells, Kaliforniya. Turnir uchun suratga olinayotgan promo lavha. 28 yoshli Arina Sobolenko kamera qarshisida pozaga tushadi, tabassum qiladi, o‘pich yuboradi. Oddiy, yuzlab marta ko‘rilgan sahna.

Shu payt efir ortidan Solierning ovozi eshitiladi: “Qara, qara, qara, u dahshatli.”

Bu so‘zlar shunchaki studiya ichidagi “o‘chirilgan” mikrofon ortida qolmaydi. Ular jonli efirga chiqib ketadi. Va shundan keyin voqealar zanjiri juda tez harakatlana boshlaydi.

Lavha qisqa fursatda ijtimoiy tarmoq X’da tarqalib ketdi. Foydalanuvchilar jurnalistni hurmatsizlikda, sportchiga nisbatan mutlaqo noo‘rin munosabatda ayblab, keskin munosabat bildirdi. Klip ostida izohlar ko‘paydi, tarmoqda bo‘linish yuzaga keldi: kimdir bunday gaplar uchun efirdan chetlatishni talab qildi, boshqalar esa telekanal pozitsiyasini kutdi.

Bosim uzoq kutdirmadi. beIN Sports rahbari Florent Uzou ochiq bayonot bilan chiqdi. U Solierning efirdagi so‘zlarini qattiq qoraladi va kanal nomidan uzr so‘radi. Uzou beIN Sports qadriyatlari bunday munosabatni qabul qilmasligini, efirda ko‘rinadigan har bir sportchiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish ularning tamoyili ekanini ta’kidladi.

Telekanal rahbarining keskin reaksiyasi fonida asosiy savol ochiq qoldi: Solier nima deydi? Hozircha u sukut saqlamoqda. Jurnalist voqea bo‘yicha biror izoh bermadi, ijtimoiy tarmoqlarda ham, rasmiy maydonlarda ham ko‘rinmadi.

Arina Sobolenko ham javob qaytarmadi. Na intervyu, na post, na izoh. Katta kortlarda o‘rganganidek, u bosimni ichida yutib, hozircha sukut bilan javob bermoqda.

Ammo efirda aytilgan bitta jumla yana bir bor shuni ko‘rsatdi: kamera va mikrofonlar yonib turgan paytda “xususiy fikr” degan narsa qolmaydi. Ayniqsa, sobiq jahon birinchi raqamli sportchi haqida gap ketayotgan bo‘lsa.

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil