UZB sport

Lewis Hamilton va Ferrari o‘rtasidagi ishonch masalalari

Las Vegas shovqini hali trekni bosib olmasidan, e’tibor allaqon bitta savolga qadalgan edi: Lewis Hamilton va uning Ferrari jamoasi o‘rtasida ishonch chindan ham joyidami?

Hamiltonning javobi keskin va ikkilanmasiz bo‘ldi: “Mutlaqo yo‘q”.

So‘nggi to‘rt poyganing ikkitasi shunday lahzalarni berdi-ki, tashqaridan qaraganda savol tug‘ilishi tabiiy edi. Hamilton yangi shinalar uchun bokska kirish buyrug‘ini ikkala safar ham e’tiborsiz qoldirdi va har ikkala holatda ham bundan o‘zi zarar ko‘rdi.

Eng ko‘zga tashlangani – 8 noyabrdagi San-Paulu Gran-prisi. Yomg‘ir kuchayib borar, trek tobora sirpanchiq bo‘lar, Hamilton esa eskirgan slikka ishonishda davom etar edi. Bir necha burilishdan so‘ng fizik qonunlar o‘z so‘zini aytdi: aylanish, yo‘qotilgan vaqt, keyingi aylanada majburiy pit-stop. Kechikkan qaror, qimmatga tushgan daqiqa.

Shunga qaramay, Las Vegas haftasiga kelib Hamilton ohangi mutlaqo boshqacha edi. U poyga muhandisi Carlo Santi bilan aloqani alohida ta’kidladi, ayniqsa o‘tgan yil bilan solishtirganda.

“Biz muloqot ustida doimiy ishlayapmiz, – dedi u. – Bu yil ancha yaxshilandi. Carlos ajoyib ish qilyapti. O‘sha ikki holat, ayniqsa oxirgisi, shunchaki men kerakli ma’lumotni vaqtida olmaganim bilan bog‘liq edi. Chaqaruv juda kech, oxirgi lahzada keldi”.

Bu faqat texnik xato emas, jarayon masalasi ekanini Hamilton ochiq aytmoqda. “Biz jarayonlar ustida ishlashda davom etamiz. Qaysi yo‘l to‘g‘ri ekanini juda yaxshi bilamiz, birlashganmiz”, deydi u.

Birinchi e’tiborsiz qoldirilgan chaqiriq esa Singapurda bo‘lgan. Virtual xavfsizlik mashinasi davrida Ferrari uni bokska chaqirdi, Hamilton esa trekda qolishni tanladi. Strategiya ishlamadi, yakunda u kechirim so‘rashiga to‘g‘ri keldi.

Keyingi poyga – Ostin. U yerda Hamilton qarorlarining tagida nima yotganini aniq qilib berdi: xavfga tayyorlik va g‘alabani izlash.

“Men har doim yutish yo‘lini qidiraman, – degandi u o‘shanda. – Har doim boshqalardan biroz boshqacha narsa qilishni xohlayman. Charles bilan bir xil strategiyada bo‘lib, bir-birimizni shunchaki kuzatib yurishni istamayman”.

Bu fikrlar fonida Ferrari ichidagi ikkinchi muhim chiziq – Hamilton va Charles Leclerc o‘rtasidagi munosabatlar. Meksikodagi to‘qnashuv, boy berilgan ehtimoliy bir-bir, Max Verstappen qo‘liga ketgan g‘alaba – bularning bari Braziliyadagi “havo tozalash” suhbatidan oldin havoni ancha taranglashtirib qo‘ygandi.

Las Vegasda Hamilton bu mavzuga ham nuqta qo‘ydi: “Charles zo‘r haydovchi. Vizorni yopganimizda qanday harakat qilishimiz, chegaralarimiz haqida juda aniq gaplashdik. Bir-birimizning chegaralarimizni tushunamiz, eng katta maqsad esa bitta – jamoa uchun eng yaxshi natijani olib kelish”.

U davom etar ekan, kelajakdagi ichki duelga nisbatan hech qanday shubha yo‘qligini aytdi: “Kelgusida bu muammo bo‘ladi, deb o‘ylamayman. Unga qarshi poyga qilishdan xavotirim yo‘q, u ham mendan cho‘chimaydi, deb o‘ylayman”.

Leclerc ham Braziliyodagi uchrashuvni yengil ohangda eslaydi. Uning ta’kidlashicha, taranglik deyarli darhol so‘nib ketgan.

“Gap juda yaxshi o‘tdi, – dedi u. – Bir necha jumladan keyinyoq o‘sha taranglik yo‘qoldi. Hammasi joyiga tushdi”.

Ferrari uchun mavsum oxirining asosiy vazifasi aniq: konstruktorlar hisobida ikkinchi o‘rinni saqlab qolish. Leclerc buni ochiq aytadi: bu pog‘ona jamoa uchun muhim. Orqa tomonda nisbatan katta farq bor, lekin bu xotirjamlik uchun sabab emas.

“Bu farq borligi, uni kichraytirishimiz shart emas degani emas, – deydi u. – Hali ham jamoa bo‘lib ishlashimiz kerak. Men uchun esa eng muhimi – mavsum tugashidan oldin g‘alabaga erishish, poygada birinchi bo‘lish”.

Leclerc Ferrari libosida 2019 yildan beri. U uchun tashqi shovqin, bo‘rttirilgan sarlavhalar yangilik emas.

“Hamma narsa bo‘rttirib ko‘rsatiladi, – deydi u. – Bunga allaqachon o‘rganib qolganman”. Uning fikricha, jamoa ichida hamma narsada yakdil bo‘lish shart emas. Meksikodagi vaziyat – bunga oddiy misol.

“Har doim bir fikrda bo‘lish maqsad emas, bu hech qachon bo‘lmaydi ham, – deydi Leclerc. – Ba’zan qarashlar boshqacha bo‘ladi. Meksikoda shunday bo‘lgandi. Lekin gaplashishning o‘ziyoq taranglikni yechdi, hammasi joyiga tushdi”.

Qizig‘i, o‘sha Braziliyodagi uchrashuv rejalashtirilgan “muammo yechish”dan ko‘ra ko‘proq ichki jamoaviy sessiyaga aylangan.

“Bu haqda so‘zlashning o‘zi besh-o‘n daqiqa davom etdi, – deydi Leclerc. – Qolgan bir soatni esa boshqa mavzularga sarfladik – jamoani oldinga siljitish, qanday yordam bera olishimiz haqida gaplashdik”.

Ferrari paddokda ko‘p yillik odatni yana takrorlayapti: tashqaridan bosim, ichkarida esa yopiq eshiklar ortida qizg‘in tahlil va o‘zgarishlar. Hamiltonning pit-qarorlari, Leclerc bilan chegaralar, konstruktorlar jadvalidagi ikkinchi o‘rin uchun kurash – bularning bari Las Vegas kechasida yana sinovdan o‘tadi.

Savol endi bitta: bu safar radio orqali kelgan chaqiriqqa kim birinchi bo‘lib ishonadi – haydovchi jamoaga, yoki jamoa haydovchiga?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil