UZB sport

LEGO Las-Vegasda 2026-yilgi F1 bolidlarini minifigura ko‘rinishida chiqaradi

Avvaliga bu shunchaki hamkorlikdek ko‘ringandi. Endi esa bu to‘liq gridga aylandi. O‘yinchoqlar bozoridagi gigant LEGO 2026-yilgi Formula 1 mavsumidagi barcha bolidlar va 22 nafar haydovchini minifigura ko‘rinishida chiqarishini ma’lum qildi. Sahna – Las-Vegas, fon esa tobora chuqurlashayotgan hamkorlik.

Bu g‘oya 2025-yilda boshlangan hamkorlikning mantiqiy davomi. Kengaytirilgan loyiha natijasida 2027-yil mart oyida butunlay yangi F1 Speed Champions liniyasi taqdim etiladi. Bitta yoki ikkita mashhur jamoa emas – butun grid. Har bir 2026-yilgi bolid, har bir haydovchi, barchasi konstruktorga aylanadi.

Eng qiziq tomoni – moslashtirish. Yangi to‘plamlar muxlislarga o‘z “transfer oynasi”ni ochib beradi: sevimli haydovchi va sevimli jamoani birlashtirish, kombinatsiyalarni almashtirish, raqobat va rivalitetlarni stol ustida qayta qurish mumkin bo‘ladi. Kimgadir haydovchi muhimroq, kimgadir ranglar, kimgadir raqam. Endi bularning bari bitta qutida uchrashadi.

LEGO’ning mahsulot va marketing bo‘yicha bosh mas’uli Julia Goldin aynan shu nuqtaga urg‘u berdi. Uning ta’kidlashicha, Formula 1 atrofida faqat jamoalar va texnika emas, haydovchilar bilan bo‘lgan hissiy bog‘lanish ham yotadi. LEGO minifiguralar olamiga ilk bor barcha 22 nafar haydovchini olib kirish orqali brend muxlislarga o‘sha xarakterlar, qarama-qarshiliklar va yakshanba tongidagi dramatik lahzalarni o‘yin tarzida qayta yashash imkonini bermoqchi.

Yangi Speed Champions liniyasi kelasi yil 1-martdan savdoga chiqariladi. Oldindan buyurtma berish esa allaqachon ochilgan. Demak, vitrinadagi grid asta-sekin to‘lib boradi, haqiqiy mavsum startidan ancha oldin.

Las-Vegasdagi taqdimot faqat to‘plamlar bilan cheklanib qolmadi. LEGO o‘zining miniatyura poygasini ham qaytarishini ma’lum qildi. Silverstone’dagi ilk parad aylanasida bo‘lib o‘tgan tartibsiz, ammo tomoshabop debyutdan so‘ng, loyiha ikkinchi imkoniyatni qo‘lga kiritdi.

Bu safar ham format oddiy: har bir jamoa uchun bitta minikarb – bitta aylana. Poyga shanba kungi asosiy startoldi marosimida o‘tkaziladi. Haydovchilar kim bo‘lishi esa darhol oshkor qilinmaydi. LEGO hafta davomida ijtimoiy tarmoqlarda asta-sekin sir pardasini ko‘tarib boradi, gridni birma-bir to‘ldiradi, muxlislar esa o‘z taxminlari bilan yashaydi.

Katta sahnada haqiqiy bolidlar shovqini, yonida esa minifiguralar olamidagi kichik, ammo tobora jiddiylashib borayotgan poyga. Savol endi bitta: navbatdagi chempionni avval trekda ko‘ramizmi yoki LEGO qutisida?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil