Las-Vegasda eng tez aylanani Antonelli qayd etdi, lekin Verstappen polni olib ketdi

Las-Vegas tunini yana neon chiroqlar emas, sekundlar bo‘ldi. Quruq fakt shuki: eng tez aylanani Kimi Antonelli qayd etdi. Ammo yakshanba kuni pol pozitsiyasidan start oladigan haydovchi u emas. Jadval tepasida turgan yangi dvigatel jazosi bunga yo‘l qo‘ymadi.
Mercedes’ning 20 yoshli italiyaligi Las-Vegas Grand Prix saralashida 1 daqiqa 33,893 soniya bilan hammani ortda qoldirdi. Biroq yangi quvvat blokini olgani uchun unga besh pog‘onali start jazosi berilgan. Natija? Pol – Red Bull poygachisi Max Verstappen qo‘lida. Las-Vegasdagi birinchi poli.
Uning yonida oldingi qatorda yana bir Mercedes – George Russell saf tortadi. Britaniyalik uchinchi vaqtni ko‘rsatdi, ammo Antonelli jazosi uni Verstappen yoniga ko‘tarib qo‘ydi. Antonelli esa faqat oltinchi chiziqdan hujum boshlay oladi.
Ferrari soyada qoldi, Hamilton va Leclerc qoqildi
Las-Vegas kechasi Ferrari uchun sovuq bo‘ldi. Grip topish – asosiy bosh og‘riq. Lewis Hamilton butun sessiya davomida shina ish oynasini ushlay olmadi, yakuniy tez aylanani bir butun qilib chiqish esa umuman nasib qilmadi.
Natija ham shunga yarasha: na Hamilton, na Charles Leclerc Q2 to‘sig‘idan o‘ta oldi. Leclerc 11-o‘rinda, Hamilton 12-o‘rinda qolib ketdi. Ammo jadval yakuniy start tartibida biroz siljidi – McLaren haydovchisi Oscar Piastri ham yangi dvigatel uchun 10 pog‘onali jazo oldi. Shuning evaziga Ferrari dueti yakunda 10 va 11-o‘rinlardan start oladi.
Oldinda esa McLaren’dan Lando Norris to‘rtinchi, Red Bull’dan Isack Hadjar beshinchi natijani qayd etdi. Ferrari esa bu safar Las-Vegas chiroqlaridan zavq ololmadi – faqat sovuq asfalt va ishonchsiz mashina.
Antonelli – chempion kayfiyatida, ammo jazoli
Meksikoda chempionlikni qo‘lga kiritgach, Antonelli mavsumni shunchaki yakunlashni emas, ohirigacha bosimni ushlab turishni va 2027 yilga qarab yo‘l chizishni aytgandi. Las-Vegasdagi chiqishi aynan shunday kayfiyatni tasdiqladi: pol emas, lekin yana bir kuchli signal.
Agar jazo bo‘lmaganida, bu uning mavsumdagi sakkizinchi poli bo‘lardi. So‘nggi to‘rt poyganing ikkinchisi. Buni Red Bull qayta jonlanayotgan, Ferrari va McLaren esa oxirgi bosqichlarda tezlik topgan pallada amalga oshiryapti.
Shunga qaramay, u va Mercedes uchun asosiy yutuq – yo‘lni to‘g‘ri tanlaganini yana bir bor isbotlash. So‘nggi uch bosqichda Antonelli qo‘lida Mercedes mavsum boshidagi kuchini yana eslatdi, raqiblar fonida mayda, lekin sezilarli ustunlik qaytdi. Yangilanishlar ishlayapti. Kelasi yilgi shassi yo‘nalishi ham shunday bo‘ladi degan ishonch kuchaydi.
Verstappenning Las-Vegasdagi ilk poli va Red Bullning qayta bosimi
Pol esa Verstappen bilan Red Bullga bordi. Jamoa uchun bu faqat bitta start pozitsiyasi emas – bu shaklga qaytishning navbatdagi isboti. Oxirgi yangilanishlar samarasi sezilarli: so‘nggi olti bosqichning uchtasida pol, so‘nggi beshtasining uchtasida g‘alaba.
Nevadada u allaqachon ikki marta zafar quchgan. Endi esa pol bilan boshlaydi. Yana bir Las-Vegas g‘alabasi? Statistikaga qaralsa, rad etish qiyin.
Qiziq tomoni – Verstappen baribir Antonellidan ikki o‘ndan ziyod ortda qoldi. Mashina bu hafta oxiri Gollandiyalik uchun oson boshqariladigan bo‘lmadi, ba’zan o‘jar, ba’zan beqaror. Shunga qaramay, u undan maksimal foyda chiqargandek tuyuldi. Jadval esa unga kerak bo‘lganini berdi: birinchi chiziq.
Sovuq asfalt, issiq shinlar va “tov” o‘yini
Las-Vegas tuni – past harorat, sovuq asfalt, issiq bo‘lishi kerak bo‘lgan shinalar. Kim tezroq ularni ishga solsa, kim aylanani to‘g‘ri tayyorlasa – o‘sha yutadi. Shuning uchun haydovchilar tez aylanalar oldidan bir necha doira davomida shinalarni qizdirib, keyin zarba berishga o‘tdi.
Q3ning ilk “issiq” urinishlarida bitta narsa aniq bo‘ldi: sherikdan olingan slipstream – oltin. Orqadan kelayotgan mashina oldingidan havoni yorttirib, tezlikni oshiradi. Aynan shu yerda taktik o‘yinlar boshlandi.
Russell birinchi urinishida Antonelli ortida bo‘ldi, lekin “tov” olish uchun yetarlicha yaqinmas edi. Shunga qaramay, u vaqt jadvalining tepasiga chiqdi. Ammo darhol uning ortidan Verstappen keldi – u esa Hadjar shamol soyasida, to‘liq slipstreamda edi. Natija – deyarli uch o‘ndan tezroq aylana.
Foyda ko‘rinib turardi. Shundan keyin Russell ochiqchasiga radio orqali so‘radi: Antonelli baribir jazoga ega ekan, nega endi menga undan “tov” bermaysiz?
Oxirgi urinishdagi dramatik soniyalar
So‘nggi chiqishlar oldidan butun peloton sekinlashib, pozitsiya uchun mayda “jang” boshladi. Hech kim karvonda yetakchi bo‘lib, boshqalarga shamol soyasini hadya qilishni xohlamadi. Hadjar oxir-oqibat yana oldinga chiqib, Verstappenni ergashtirdi, lekin bu safar Gollandiyalik vaqtini yaxshilay olmadi.
Xuddi shunday ssenariy McLaren juftligida ham: Piastri Norrisga slipstream berdi, ammo Lando ham natijasini oshira olmadi.
Russell esa Antonellidan “tov” olmadi. Italiyalik bu janjaldan butunlay chetga chiqib, karvonning eng orqasida o‘z yo‘lini tanladi. Tavakkal edi. U shunchalik sekin bordiki, tez aylanani boshlash chizig‘ini atigi bir soniya zaxira bilan kesib o‘tdi. Bir soniya. Shundan keyin esa hammani jim qoldirgan aylanani bajardi.
Chempion oxirgi urinishga eng yaxshisini saqlabdi. 1:33.893 – kechaning eng tez vaqti. Slipstream ishladi, taktika o‘zini oqladi. Ammo pol baribir unga emas. Shu yerda Russellning ichida savol tug‘ilishi tabiiy: nega bu safar jamoa taktikasi men emas, jazoga ega sherik foydasiga qurildi? Britaniyalik bu haqda “offline” gaplashishini aytib qo‘ydi.
Verstappen va Russell o‘rtasidagi “fun and games”
Saralashdan tashqari sahna ortida yana bir epizod tilga tushdi. Oxirgi mashg‘ulotda, 14-burilishda Verstappen va Russell yonma-yon kelib, g‘ildiraklarini bir-biriga tekkizib yubordi.
Verstappen burilishga kirishda Russellni ortda qoldirdi, britaniyalik esa ichki trayektoriyadan qayta hujum qildi. Natijada tor yo‘lak, beton devor, ikki mashina va hech kim orqaga tortishni istamagan lahza. Gollandiyalik raqibini uni to‘siqqa tiqishga urinishda aybladi, Russell tomonidagi poyga muhandisi esa Verstappenni “oldinga kesib o‘tdi” deb ta’rifladi. Russell buni shunchaki “fun and games” deb atadi.
FIA stevardlari voqeani ko‘rib chiqdi, Verstappenga ogohlantirish berdi, ammo jazoga qo‘l urilmadi. Demak, yakshanba kuni u baribir pol pozitsiyasidan start oladi. Yonida esa o‘sha “fun and games” sherigi – Russell.
Endi savol bitta: Las-Vegas tunida ustunlikni kim pulga, kim esa chempionlik ohangiga aylantira oladi?
