Lamine Yamal: Ispaniya futbolining yangi yulduzi
2026-yilgi Jahon chempionati chorak finali arafasida Ispaniya lagerida bitta ism atrofida havo qizib turibdi. Lamine Yamal. Endi bu faqat “ajoyib iste’dod” degan yorliq emas. Bu — allaqachon sahnani egallab bo‘lgan, hali 18 yoshga ham zo‘rg‘a kirgan, lekin kattalar futbolini boshqarayotgan yulduzning ismi.
U haqida gap ketganda, ko‘pchilikning ko‘z oldiga birinchi bo‘lib raqamlar keladi: uchta La Liga chempionligi, Yevropa chempionligi, endi esa Jahon chempionati chorak finali. Ammo raqamlar bu bolani to‘liq tushuntirib bera olmaydi. Uni ko‘rganlar aytadi: Lamine – maydonda muammo tug‘ilganda hamma qaraydigan inson.
15 yoshli bola va “bizda bunday hujumchi yo‘q” degan fikr
Barcelona ichida uning nomi murabbiylar xonasiga avval eshitilib kirdi. O‘sha payt u atigi 15 yoshda edi. Klub ichida: “Bu bola boshqalardan keskin ajralib turadi”, degan gap yurardi. Xuddi bir paytlar Leo Messi haqida aytilgandek.
Yozuvga olingan o‘smirlar o‘yini. 15 yoshli qanot futbolchisi ikki golli uzatma beradi, o‘zi ham gol uradi. Har narsani qiladi. Tomosha qilayotgan murabbiylar ichida bir fikr chaqnaydi: “Bizning old chiziqda bunaqa o‘yinchi yo‘q-ku”.
Farq ko‘zga tashlanadigan darajada edi. U tengdoshlaridan bir-ikki pog‘ona emas, butun zinapoya baland turardi. Maydonda xohlagan ishini qilardi, xohlagan joyiga borardi, xohlaganini aldardi.
Shundan keyin klub ichidagi suhbatlar o‘zgardi. Bir tomonda – futbol direktori, sport direktori, kontrakt masalalari. Ikkinchi tomonda – murabbiyning sabrsizligi: “Birinchi jamoada futbolchi yetishmayapti. Men bu bolaga imkon bermoqchiman”. Javob esa aniq: “Hali shartnomasi yo‘q, kutish kerak”. Shunga qaramay, u darhol asosiy jamoa mashg‘ulotlariga chaqirildi.
Mashg‘ulotlarda ilk taassurot: xatoga joy yo‘q
15 yoshli bola birinchi marta “katta”lar bilan maydonga chiqadi. Rondo, pozitsion o‘yinlar, ichki mashqlar. Odatda bu yerda hatto tajribali futbolchilar ham ba’zan adashadi, notog‘ri qaror qabul qiladi.
Lamine esa deyarli xato qilmaydi.
Murabbiylar hayron: unga deyarli hech narsa tushuntirish shart emas. “Mana bu vaziyatda boshqacha qilishing kerak edi”, degan gaplar boshqa yoshlar uchun odatiy bo‘lsa, u bilan ishlaganda bunday ehtiyoj deyarli yo‘q edi. 15 yoshda u allaqachon to‘g‘ri qarorlar qabul qilardi.
Yana bir detal: qo‘rquv yo‘q. Murabbiy ko‘p futbolchilarga maydonga chiqishdan oldin qo‘lini orqasiga qo‘yib ko‘radi – yurak bo‘g‘ziga kelib urilib turganini sezadi. Laminega tegsa – go‘yo hech narsa bo‘lmagandek. Sokin. Tinch. Go‘yo bu oddiy mashg‘ulot.
Shu xotirjamlik uni debyutga tayyor qilib qo‘ydi.
Real Betisga qarshi daqiqalar va “haqiqiy” boshlanish
To‘g‘ri payt keldi. Camp Nou, Real Betisga qarshi o‘yin. Hisob 4:0, raqib 10 kishi bo‘lib qolgan. Murabbiy o‘ylaydi: “Mana, aynan hozirgi lahza”.
Yordamchisiga qarab: “Laminega ayt, qizishsin. Uni maydonga tashlayman”. Zaxira o‘rindig‘ida shovqin: “Rostan ham u? Endi?”. Javob qat’iy: “Ha. Men hech ikkilanmayman”.
Shu daqiqadan boshlab, Ispaniya futboli yangi davrga qadam qo‘ydi. O‘ng qanotda chap oyoqli bola. Messi yillar davomida egallab kelgan hudud. Ichkariga kirib, o‘zi uchun imkoniyat yaratadi, oxirgi pasni ham bera oladi. O‘xshashliklar ko‘p. Lekin taqqoslash – bu bolaga keraksiz yuk.
Shunga qaramay, u bunga parvo qilmaydi. Unga to‘p kerak. U o‘ynashni xohlaydi. U zavqlanadi.
Messi soyasi va yangi avlodning markazi
Messi Lamine uchun shubhasiz mezon. Eng qizig‘i, bu bir tomonlama emas. Messi ham unda o‘zini ko‘rishini aytgan. Intervyuda undan: “Kimni o‘zingizning vorisingiz deb bilasiz?” deb so‘rashganda, u deyarli Lamine ismini tilga oldi. Bunday e’tirof 18 yoshli futbolchining ichida qanday kuch uyg‘otishini tasavvur qilish qiyin emas.
Ammo ular bir xil emas. Lamine – ko‘proq dribler. Messi esa “to‘g‘ri chiziq bo‘ylab yugurayotgan Sonic”ga o‘xshardi: to‘g‘ri darvozaga qarab chopardi. Lekin xarakterda o‘xshashlik bor – ikkalasi ham maydonda eng yaxshisi ekanini biladi. Bu esa eng muhim narsa.
Lamine o‘zining boshqalardan farqli ekanini his qiladi. Bolalikdan yonida bo‘lgan Pau Cubarsi, Marc Bernal, Alejandro Balde, Gavi buni juda yaxshi biladi. Jamoa ichida hamma uning boshqa darajada ekanini tushunadi.
Chaqqon hazil-mutoyiba, muzdek asab
U faqat sahnada emas, kiyinish xonasida ham yetakchi. Ko‘p kuladi, hazil qiladi, lekin bu tartibsizlik emas – kayfiyatni ko‘taradigan, bosimni yengillatadigan hazillar.
Mashg‘ulotdan keyin standart vaziyatlar ustida ishlash – alohida hikoya. Erkin zarbalar. Ba’zan murabbiy uni qitiqlab qo‘yadi: ketma-ket uch-to‘rt marta urib, darvozani topa olmasa: “Bo‘ldi, chetga chiq, endi men uraman”, deydi. Keyin shart qo‘yadi: “Kim urmasa, dushga”. Shundan keyin Lamine birin-ketin zarbalarni golga aylantiradi. Ko‘zlari bilan: “Mana, endi ko‘ryapsizmi?” deganday qaraydi. Shunday paytlarda uning raqobatni qanchalik yaxshi ko‘rishi yaqqol ko‘rinadi.
U bosimdan qochmaydi, uni izlaydi.
Euro 2024 yarim finali oldidan Adrien Rabiot: “U bu o‘yinda ko‘proq narsa ko‘rsatishi kerak bo‘ladi”, deb gapirgan edi. Natija hammaga ma’lum: Lamine ajoyib gol urdi. Chaqiriq qanchalik katta bo‘lsa, uning javobi shunchalik keskin bo‘ladi.
Bosimni ko‘taradigan 18 yosh
Ko‘pchilik yosh yulduzlarni bosimdan asrashga urinadi: ko‘proq gaplashish, ko‘proq tushuntirish, ortiqcha yuklamaslik. Lamine bilan esa aksincha. Uning yonidan biroz chetroqqa chiqib turish kerak. U o‘zi hal qiladi.
18 yoshida Jahon chempionati. Barcelona libosida 10-raqam. Ispaniya kabi terma jamoaning umidi. Bularning barchasi uni ezmaydi, aksincha, unga yoqadi. Agar jamoa uni to‘p bilan topmasa, u ranjiydi. U ko‘proq mas’uliyat xohlaydi. Bu – katta futbolchi belgisi.
Maydondan tashqarida u juda kamtar, tarbiyali yigit sifatida eslanadi. Mashg‘ulotlarda maksimal darajada ishlaydi, hech qachon shikoyat qilmaydi. Doim g‘alabaga intiladi. “Yutish, yutish va yana yutish” – uning ichki dasturi shunday ishlaydi.
Boladan erkakka: tana o‘sishi, o‘yin o‘zgarishi
U Barcelona safida debyut qilganida bo‘yi 1,73 metr atrofida edi. Bugun esa 1,85. Farqni tasavvur qiling. O‘sha payt u raqibidan ko‘proq texnika bilan qochib ketardi: fint, keskin burilish, chap oyog‘idan zarba. Endi esa bunga tezlik va kuch qo‘shildi.
Bugun u qanot bo‘ylab uchib o‘tadi. Agar ajralib chiqsa, raqibni faqat fint bilan emas, jismoniy ustunlik bilan ham ortda qoldiradi. 15 yoshida buning iloji yo‘q edi. Hozir esa u to‘liq shakllangan hujumchi: tezlik, texnika, dribling, yakuniy pas, gol sezgisi – hammasi bor.
Savol tug‘iladi: unda nima yetishmaydi? Javob deyarli yo‘q. U faqat ozgina takomillashishi mumkin, xolos.
Shunisi qiziqki, murabbiylar hali ham uning “yomon o‘yini”ni ko‘rmaganini aytadi. O‘rtacha o‘yin bo‘lishi mumkin, juda yaxshi yoki zo‘r o‘yin bo‘lishi mumkin. Lekin butunlay muvaffaqiyatsiz o‘yin? Hali yo‘q. Bu – mukammallikka intiladigan xarakter.
Ispaniya futboli hech qachon bunday o‘yinchini ko‘rmagan
Ispaniya o‘n yilliklar davomida o‘ziga xos uslub bilan maqtanib keldi: jamoaviy o‘yin, to‘pni nazorat qilish, qisqa paslar. Fernando Torres, David Villa, David Silva, Andres Iniesta – ularning barchasi buyuklar. Ammo ulardan hech biri bir o‘zi uch-to‘rt raqibni dog‘da qoldirib, hech narsadan imkoniyat yaratadigan tipdagi futbolchi emas edi.
Argentina, Braziliya bunday o‘yinchilarga o‘rganib qolgan. Ispaniyada esa bunday figura bo‘lmagan. Endi bor.
Lamine – Ispaniyaning boshqa bosqichga chiqishi uchun kerak bo‘lgan futbolchi. Bu terma jamoa allaqachon bu Jahon chempionatida eng yaxshi jamoaviy o‘yinlardan birini ko‘rsatmoqda: 60-70, hatto 80 foiz to‘p nazorati, doimiy ustunlik. Lekin agar bir kuni o‘yin qiyinlashsa, raqib qarshilik ko‘rsatsa, shablonlar ishlamay qolsa, bitta karta qoladi – Lamine.
Barcelona’da Messi qanday bo‘lgan bo‘lsa, bugun Ispaniyada Lamine shunday rolni bajarmoqda. Shu sababli ham Ispaniya bu turnirda favoritlar qatorida.
Chorak final va keyingi qadamlar
Endi esa chorak final. Bunday o‘yinlar uchun tug‘ilgan futbolchilar bor, deyishadi. Lamine shular toifasidan. U bunday sahnalarni bolaligidan tasavvur qilgan: chorak final, yarim final, final.
Ikki yil avval Yevropa chempionatida u qanday o‘ynaganini eslang. Yarim final oldidan: “Mana, Lamine lahzasi, ko‘ramiz”, degan gaplar yurgan. U esa Fransiyaga qarshi o‘yinda ajoyib gol urdi, finalda esa Nico Williamsning goliga golli uzatma berdi. Eng katta bosqichlarda ham u farq kiritishni biladi.
U o‘ziga ichidan shunday deydi: “Bugun mening kunim. Jamoa menga muhtoj. Bu – mening sahnam”. Ruhiy tayyorgarlik darajasi shunday.
Bugun u dunyoning eng kuchli besh futbolchisi orasida turgani haqida bahslar ko‘p emas. Agar bu yozda Jahon chempionligini qo‘lga kiritsa, bitta savol qoladi xolos: uni dunyoning eng yaxshisi deb atashga yana nima to‘sqinlik qilishi mumkin?
Keyingi 15-20 yil haqiqatan ham unga tegishlimi? Javob uning o‘z qo‘lida. U xohlaydimi – yo‘qmi? Ispaniya terma jamoasi uchun esa bu savol emas. Ular allaqachon javobni biladi.






