UZB sport

La Liga adolati: Fermin Lopez va Mbappe o‘rtasidagi bahs

Ispaniyada hakamlik standartlari haqida eski munozara yana alangalanib ketdi. Sabab – bitta kadr, bitta epizod va yana bir bor markazda Barcelona.

Hammasi maydonda emas, zaxira o‘rindig‘ida boshlandi. Fermin Lopez hakamlar brigadasiga qarata aytgan so‘zlari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rdi. Hech qanday qo‘pol to‘qnashuv, keskin zarba yo‘q. Jinoyat – til bilan. Hakam bu so‘zlarni haqorat deb baholadi, andalusiyalik futbolchi esa maydonni tark etar ekan, g‘azabdan yonib chiqdi.

Barcelona’ni haqiqatan ham portlatib yuborgan nuqta esa, Mundo Deportivo xabariga ko‘ra, Fermin bilan yuzma-yuz kelgan rasmiy shaxsning o‘zi bo‘ldi: yon chiziq hakami Alejandro Clemente Ortuño. Aynan o‘sha hakam avvalroq Real Madrid yulduzi Kylian Mbappe’ning uzoq davom etgan noroziliklariga hech qanday ogohlantirishsiz chiday olgan, u bilan tinch ohangda gaplashgan, tushunishga uringan edi.

Savol shunday tug‘ildi va hozir har bir ispan futbol dasturida bir xil tarzda yangramoqda: nega Fermin uchun mezon qattiq, Mbappe uchun esa yumshoq? Nega Barcelona o‘yinchisi zaxiradan turib haydaladi-yu, Real Madrid hujumchisi maydonda hakamga qarshi chiqib turib ham jazodan qochadi?

Hernandez Hernandez soyasi

Mavzu shu bilan tugamadi. O‘sha uchrashuvning bosh hakami – Barcelona muxlislari uchun juda tanish ism: Hernandez Hernandez. Kataloniyaliklar xotirasida u 2017-yilgi chempionlikni tortib olgan odam sifatida qolgan. O‘shanda Real Betis darvozasi chizig‘idan to‘liq bir metrga o‘tib ketgan to‘pni gol deb tan olmagani La Liga tarixidagi eng shov-shuvli xatolardan biri sifatida eslanadi.

Endi esa u Hansi Flickning birinchi liga o‘yinini ham boshqardi. O‘sha kuni Tchouameni qo‘li bilan Ferran Torresning aniq golini to‘sib qolgan vaziyatda penalti bermadi, ustiga-ustak Fermin Lopezning san’at darajasidagi beshinchi golini ham bekor qildi. Barcelona lagerida bu ism eshitilishi bilan ishonch emas, shubha uyg‘onishi bejiz emas.

Villarrealga qarshi o‘yinda Flick ochiqchasiga shikoyat qildi: uning aytishicha, to‘rtinchi hakam ham, yon chiziq hakami ham butun uchrashuv davomida Barcelona zaxira skamyasiga e’tibor qaratmagan, u bilan muloqot qilishdan bosh tortgan. Shu paytda raqib jamoa futbolchilari bilan esa bemalol suhbatlashib turgan.

Bir haftaga sig‘magan mojarolar

So‘nggi hafta hakamlar uchun og‘ir sinov bo‘ldi. Hakamlar texnik qo‘mitasi Santander’dagi o‘yinda Mbappe’ga belgilangan penaltini VAR bekor qilishi kerakligini tan oldi. Xuddi shu haftada Celta Vigo jarima maydonida fransiyalik hujumchining aniq “sho‘ng‘ishi” ko‘z o‘ngida bo‘lsa-da, texnologiya jim qoldi, aralashmadi.

Barcelona uchun esa manzara boshqacha bo‘ldi. Camp Nou’dagi o‘yinda Gordon’ga nisbatan sodir etilgan fouldan keyin penalti berilmadi. Kataloniyaliklar ichida “xatolar” ketma-ketligi fonida raqiblar “maxsus himoya” ostida, o‘zlari esa doimiy ravishda zarar ko‘rayotgandek tuyg‘u yanada chuqurlashdi.

Klub ichkarisida buni tasodif deb qabul qilayotganlar kam. Ko‘pchilik buni yillar davomida yig‘ilib kelgan medial bosimning natijasi deb biladi: Real Madrid telekanali, Jose Mourinho matbuot anjumanlaridagi bosimi, Florentino Perezning Negreira ishi haqida tinimsiz eslatib kelishi. Ularning nazarida, bugun hakamlar bir tomonga og‘ishga majbur – aks holda ommaviy hujum ostida qolishdan qo‘rqishadi.

Ikki o‘yinlik jazodan katta savol

Fermin Lopez esa baribir jazodan qochib qutula olmaydi. Uning noroziligi “haddan tashqari” deb baholandi va unga ikki o‘yinlik diskvalifikatsiya qo‘llanadi. Bu – rasmiy qaror, o‘zgarishi qiyin.

Ammo maydondan tashqarida yirikroq savol ochiq qolmoqda. Bu faqatgina navbatdagi qo‘pol hakamlik xatosimi? Yoki La Liga’da adolat endi hamma uchun bir xil o‘lchov bilan o‘lchanmasligining navbatdagi achchiq darsimi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil