UZB sport

Josh Hazlewood Pat Cumminsni qo‘llab-quvvatlaydi

Avstraliya kriketi atrofida yillar davomida bostirilgan eski jarohat yana ochildi. 2018-yil Keyptaундаgi mash’um “sandpapergate” mojarosi qayta tilga olinishi bilan Pat Cumminsga bo‘lgan ishonch sinovga qo‘yildi. Endi esa uning eng yaqin qurollaridan biri – Josh Hazlewood – ochiqchasiga sardorini himoya qilishga chiqdi.

Hazlewood – Cummins yonida

Hazlewoodning pozitsiyasi aniq va keskin. U nafaqat Cumminsning matbuot anjumanidagi so‘zlarini takrorlab berdi, balki ularni shaxsiy obro‘si bilan ham tasdiqladi.

“Patni va u o‘tgan haftadagi matbuot anjumanida aytgan hamma gaplarini qo‘llab-quvvatlayman. U so‘nggi besh-olti yil, ayniqsa sardor bo‘lganidan beri qilgan ishlari bilan jamoani hozirgi holatga olib keldi. Shunday narsa – sandpaper – yana takrorlanmaydigan darajaga,” – deya ta’kidlagan Hazlewood Daily Telegraph’ga bergan intervyusida.

Uningcha, Cummins nafaqat maydonda, balki kiyinish xonasida ham mezonni belgilab berayotgan yetakchi.

“U ajoyib yetakchi. Agar jamoada hammani aylanib chiqib so‘rasangiz, bir xil javob eshitasiz,” – deydi u.

Hazlewoodning keyingi gapi esa vaziyat qanchalik keskinlashganini ko‘rsatib qo‘ydi. U Cummins sardorlikdan olinadigan bo‘lsa, o‘z kelajagini ham qayta ko‘rib chiqishini yashirmadi.

“Yangi Zelandyaga qarshi birinchi Testga kelib, Pat sardor emas, boshqa kimdir bo‘lsa – rostini aytsam, bu qanday bo‘lishini tasavvur ham qila olmayman,” – deydi u. So‘ngra savolga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob beradi: agar Cummins lavozimidan olinsa, o‘zi ketishni o‘ylaydimi? “O‘sha vaziyatga tushib qolishim kerak bo‘ladi, keyin qaror qilaman. Lekin bu haqida o‘ylamaslikning iloji yo‘q, ha.”

“Sandpapergate” soyasi yana cho‘zildi

Mojaroga Usman Khawaja o‘zining avtobiografiyasi bilan yana o‘t qo‘ydi. U Keyptaundagi Testda to‘pni o‘zgartirish rejasi haqida “butun jamoa bilgan” deb yozdi. Unga yaqin do‘sti David Warner ham qat’iy tarzda yon bosdi.

Rasmiy tekshiruv esa o‘sha paytda faqat uch ismni aybdor deb topgandi: o‘sha paytdagi sardor Steve Smith, uning o‘rinbosari David Warner va sandpaper ishlatgan Cameron Bancroft. Qolganlar, xususan, tezkorchilar guruhi, rejadan bexabar ekanini aytib keladi.

Pat Cummins o‘tgan hafta matbuot anjumanida bu ishni bilmaganini yana bir bor keskin ohangda rad etdi. Lekin Bancroftning so‘nggi chiqishi bosimni oshirdi. U 4 000 so‘zli bayonotida Khawaja fikrini takrorlab, “bu butun jamoa edi” deya yozdi va hozirgi Test sardoriga nisbatan “g‘azab va xiyonat” his qilayotganini bildirdi.

Shu fon’da Cumminsning har bir so‘zi, har bir eski kadr qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Tezkorlar: “Biz rejadan bexabar edik”

Hazlewood uchun esa masala ikki aniq savolga borib taqaladi.

“Men sandpaper bilan to‘pni o‘zgartirish rejasi mualliflaridan bo‘lganmanmi? Va maydonda sandpaper yoki boshqa xorijiy moddalardan foydalanilayotganidan xabardor bo‘lganmanmi? Javob – yo‘q. Oxir-oqibat hammasi shu ikki nuqtaga kelib taqaladi, menimcha,” – deydi u.

U o‘sha paytdagi bowling guruhi – o‘zi, Mitchell Starc va Nathan Lyon – reja doirasida bo‘lmaganini yana bir bor eslatdi. Bu uchlik 2021-yilda ham birgalikda bayonot chiqarib, har qanday ishtirokni qat’iy rad etgan edi.

So‘nggi kunlarda Mitchell Starc ham yana chiqib, hech narsadan xabari bo‘lmaganini ta’kidladi. Nathan Lyon va Steve Smith esa hanuz sukut saqlamoqda. Shu sukut esa bahsni yanada qizdiryapti.

Cricket Australia – sardor yonida

Shu shov-shuvlar fonida Cricket Australia eski ishni qayta ochmasligini ma’lum qildi. Bosh ijrochi direktor Todd Greenberg Cumminsni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatladi. Mahalliy xabarlarga ko‘ra, tashkilot Yangi Zelandiya seriyasiga Test tarkibi e’lon qilinishidan oldin ham sardoriga bo‘lgan ishonchini yana bir bor mustahkamlashi kutilmoqda.

Bu orada esa jamoa ichida bir savol osilib turibdi: agar tashqaridagi bosim ichkariga yorib kirsa, kiyinish xonasi birligi qanday saqlanadi?

Hazlewoodning javobi aniq – u bu jamoaning, ayniqsa hozirgi yetakchining orqasida turibdi. Endi navbat Cumminsga: u Keyptaun soyasidan butunlay chiqib, Yangi Zelandiya sinovini navbatdagi burilish nuqtasiga aylantira oladimi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil