Josh Hazlewood: Pat Cumminsni olib tashlash adolatsizlik

Avstraliya kriket jamoasidagi bosim, savollar va eski mojarolarning yana yuzaga chiqishi fonida Josh Hazlewood nihoyat sukutni buzdi. U Code Sports’ga bergan intervyusida kapitan Pat Cummins atrofida kuchaygan tanqidlarni keskin rad etdi va agar Cummins sardorlikdan chetlatilsa, o‘zi ham Test jamoasini tark etishni o‘ylab ko‘rishini tan oldi.
Hazlewoodning ohangi yumshoq emasdi, qat’iy edi.
“So‘nggi bir necha kunda turli odamlar tomonidan biroz ‘hujum’ bo‘layotgandek tuyuladi, – dedi u. – Men Patni qo‘llab-quvvatlayman: u o‘tgan haftadagi matbuot anjumanida aytgan har bir gapi, so‘nggi besh-olti yil ichida, ayniqsa kapitan sifatida qilgan ishlari ortida turaman”.
Hazlewoodga ko‘ra, Cummins jamoani bugungi darajaga olib chiqqan, eng og‘ir bo‘ronlardan ham o‘tkazgan yetakchi. Uning fikricha, aynan shu boshqaruv tufayli jamoa endi “bunday narsa qayta sodir bo‘lmaydigan” holatga kelgan.
“Guruhni hozirgi darajaga yetkazish, bu kabi voqealar boshqa takrorlanmaydigan pozitsiyaga olib chiqish – bu ajoyib ish. U zo‘r lider. Agar jamoa bo‘ylab yurib, har bir o‘yinchidan so‘rasangiz, xuddi shunday javob eshitasiz”, – dedi Hazlewood.
Testga tayyorgarlik
Shu yerda u yanada keskinroq fikr bildirdi: agar birinchi Testga kelib, Cummins kapitan bo‘lmasa-chi?
“Birinchi Testga kelib, u kapitan bo‘lmay qolsa, o‘rnida boshqa birov tursa, rostini aytsam, bunday holat qanday kechishini tasavvur ham qila olmayman”, – deya tan oldi tezkor bouler.
Savol yanada qattiqroq qo‘yildi: agar Cummins sardorlikdan ketishga majbur bo‘lsa, Hazlewoodning o‘zi jamoani tark etish haqida o‘ylaydimi?
“Bunday qaror qabul qilishim uchun avval o‘sha vaziyatga tushishim kerak bo‘ladi, – dedi u. – Lekin, albatta, bu haqda o‘ylab ko‘rishga to‘g‘ri keladi”.
Bu so‘zlar fonida Cummins atrofidagi bahslar, ayniqsa eski “sandpaper” mojarosi yana kun tartibiga qaytdi. Hazlewood esa bu borada ham pozitsiyasini aniq qilib qo‘ydi.
U o‘sha mash’um Testdan so‘ng darhol bergan ko‘rsatmalariga tayanadi.
“Bizni voqeadan keyin darhol so‘roq qilishgan va men o‘sha ikki-uch soatlik so‘roq paytida aytgan gaplarimga hammadan ko‘proq ishonaman, – dedi u. – Chunki bu hodisadan keyingi bir-ikki kun ichida bo‘lgandi”.
Savol esa juda sodda, javob esa yanada sodda: u rejaning bir qismi bo‘lganmidi?
“Men to‘pni sandpaper bilan o‘zgartirish rejasining muallifimanmi? Maydonda sandpaper yoki boshqa chet moddalar ishlatilayotganidan xabardor bo‘lganmanmi? Yo‘q”, – dedi Hazlewood.
Yaqinda Cameron Bancroft o‘sha Test davomida sandpaper ishlatish haqida suhbatlar bo‘lganini, boulerlar esa to‘pning “reverse” bo‘layotgani haqida fikr so‘raganini aytib o‘tdi. Bu bayonot yana savollarni tiriltirdi.
Hazlewood bunday muloqotlar odatiy ekanini tan oldi, ammo ularni noqonuniy harakatlar bilan bog‘lashga qarshi chiqdi.
“Menimcha, u bizdan to‘pning ‘reverse’ bo‘layotgani haqida so‘raganiga hech qanday shubha yo‘q, – dedi u. – Lekin uning bayonotida biror marta ham ‘men sandpaper bilan buni qilyapman’ degan jumla yo‘q”.
Hazlewood nafaqat o‘zini va boshqa boulerlarni himoya qildi, balki jazoga tortilgan uchlik – Bancroft, Steve Smith va David Warner haqida ham gapirdi. Ularning uzoq muddatli diskvalifikatsiyasini “bema’ni darajada qattiq” deb atadi va Bancroft jamoa ichidagi madaniyatdan jiddiy ta’sir ko‘rganini ma’qulladi.
Uning nazarida, o‘sha jazolar haddan tashqari keskin bo‘lgan. Bu esa hali ham Avstraliya kriketida og‘riqli nuqta bo‘lib qolmoqda.
Shu orada xabarlarga ko‘ra, Cricket Australia bugun Pat Cumminsga bo‘lgan ishonchini yana bir bor rasman tasdiqlashi kutilmoqda. Demak, hozircha kapitanlik kursisi tebranayotgan bo‘lsa-da, ag‘darilmagan.
Ammo Hazlewoodning ochiqchasiga aytilgan gaplari bir narsani aniq ko‘rsatdi: bu jamoa ichida Cummins atrofida jipslashgan kuchli yadroning borligi va ularning sardor uchun oxirigacha kurashishga tayyorligi.
