UZB sport

Gustavo Varela: Monzaning yozgi topilmasi va transfer shovqini

Monzada bu yoz kelgan yigit atigi bir necha oy ichida butun Yevropaning skaut daftarini tit-pit qilib tashladi. 21 yoshli portugaliyalik hujumchi Gustavo Varela Serie Aga shunchaki moslashmadi – u ligani larzaga keltirdi.

Yangi klub, yangi liga, lekin raqamlar sovuq: o‘n o‘yin, to‘qqiz gol. Hozircha Italiya oliy divizionining eng sermahsul to‘purari. Shundan keyin uning atrofida transfer shovqini ko‘tarilmay qolishi mumkinmidi?

Monzaning yozgi topilmasi

Varela yozda Monzaga atigi 2,5 million yevroga tushgan edi. "Benfica"dan kelgan bu bitim o‘shanda tinch o‘tgan, ko‘pchilik uni oddiy istiqbolli transfer sifatida qabul qilgandi. Endi esa o‘sha raqam kulguga arzigulik ko‘rinadi.

U-Power Stadium tribunalarida u har gol urganida atmosfera o‘zgarib ketadi. Kichik, yangi ko‘tarilgan klub uchun bu nafaqat gollar, bu – mavsum taqdirini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan lahzalar.

Angliya navbatda

"Italiya gazetasi Il Corriere dello Sport" xabariga ko‘ra, Varela atrofidagi shovqin allaqachon APL chegaralarini yorib o‘tgan. "Tottenham" allaqachon hujumchi bo‘yicha so‘rab-surishtirgan. "Brentford" va "Sunderland" ham vaziyatni yaqindan kuzatyapti.

"Liverpool" esa ishni yanada jiddiyroq tutgan: klub skautlari muntazam ravishda Monza o‘yinlariga tashrif buyurib, Varelaning har bir harakatini yozib bormoqda. Aniq raqamlar yo‘q, lekin bunday intensiv kuzatuv tasodif bo‘la olmaydi.

Italiya gigantlari va London soyasi

Varelaning nomi endi nafaqat Angliya bilan bog‘lanmoqda. Ichki bozorda ham raqobat kuchli: "Juventus" va "Napoli" hujumchiga yanvar oynida qo‘l uzatishi mumkin bo‘lgan klublar sifatida tilga olinmoqda.

Orada yana bir nom – "Arsenal". London klubi ham portugaliyalik forvard bo‘yicha qiziqish bildirganlar ro‘yxatida. Bu darajadagi klublar bir futbolchini bir paytda kuzata boshlasa, bozor odatda portlab ketadi.

Benfica qo‘lini butunlay yuvib bo‘lgani yo‘q

"Benfica" Varelani qaytarib olish huquqiga ega emas. Lekin portugaliyaliklar bu hikoyadan butunlay chetda qolmaydi: ular kelajakdagi transferdan 20 foizlik sell-on bandiga ega va Monza oladigan har qanday taklifni moslashtirish huquqini ham saqlab qolgan.

Bu shuni anglatadiki, agar Varelaning bozor bahosi oshishda davom etsa, Lissabon klubi ham moliyaviy foyda ko‘rishi aniq.

Narx yozilgan: 40 million

Bir narsani Monza aniq qilib qo‘ygan: arzonlik davri tugadi. Bir nechta manbalar klub Varela uchun 40 million yevro so‘rayotganini tasdiqlamoqda. Atigi bir necha oy oldin 2,5 million yevroga olingan futbolchi uchun bu – keskin sakrash.

Bu raqam bilan Monza nafaqat o‘z yulduzini himoya qilmoqda, balki bozorni ham sinab ko‘ryapti: kim 21 yoshli, Serie A to‘purari maqomidagi, endigina milliy terma jamoaga ilk chaqiruvini olgan hujumchi uchun chindan ham pul tikishga tayyor?

Savol endi shunday: qaysi klub birinchi bo‘lib bu narxni sindiradi – Turinmi, Neapolmi yoki Londonning bir chetidan keladigan taklif hammani ortda qoldiradimi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil