George Russell: Max xohlaganini ayta oladi

Las-Vegasdagi shov-shuvli hafta oxiridan so‘ng George Russell hamon xotirjam ko‘rinadi. Max Verstappenning keskin tanqidlariga qaramay, britaniyalik haydovchi o‘z pozitsiyasidan chekinmadi, lekin ohangini ancha yumshatdi.
Red Bull yetakchisi Las-Vegas Grand Prix’dagi g‘alabasidan keyin Russell haqida “mening darajamdan juda past” degan iborani ishlatdi. Bu so‘zlar bevosita shanba kungi mashg‘ulotlarda bo‘lib o‘tgan to‘qnashuv va shundan keyin Russellning: “Bu yigitga kimdir qarshi turishi kerak”, degan gaplariga javob edi.
Qatarga kelish oldidan Russell vaziyatga yana bir bor to‘xtaldi. U keskinlikni cho‘zishni emas, ko‘proq vaziyatdan xulosa chiqarishni tanlagan ko‘rinadi.
“Men mashg‘ulotdan keyingi gaplarimda turibman, – dedi u. – Lekin baribir u chiqib poygani yutdi, men esa yo‘q. U, albatta, bundan biroz kulgandek bo‘ldi, rostini aytsam, bu holat o‘zi ham ancha kulgili edi. U ajoyib poyga o‘tkazdi va g‘alaba qozondi, endi xohlaganini ayta oladi.”
Raqobat – do‘stlik emas
Savol ochiq qoldi: Russell Verstappen bilan aloqalarni yumshatishni xohlaydimi? Javob qisqa va aniq bo‘ldi.
“Biz hammamiz – raqobatchimiz. Har kimning yondashuvi, mentaliteti bor, bu yerda to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri yo‘l degan narsa yo‘q, – dedi u. – Bir-birimiz bilan kelishish shart emas. Men trekdagi hech kim bilan ‘eng yaqin do‘st’ bo‘lishni izlamayman. Men faqat ishlayman, qarayman va g‘alaba uchun kurashaman. Hammasi shunchalik oddiy.”
So‘nggi yillarda Russell va to‘rt karra chempion Verstappen o‘rtasida bir nechta keskin epizodlar bo‘lgan. Las-Vegasdagi voqea ham shular zanjirining navbatdagi bo‘g‘ini, xolos. Lekin bu safar Mercedes haydovchisi o‘zini emas, mikrofonlar va kameralar bilan munosabatini qayta ko‘rib chiqishga kirishgan.
“Oxir-oqibat bularning hammasi oldini olsa bo‘ladigan narsalar, – deydi Russell. – Biroz keraksiz ham. Men buni davom ettirishni istamayman. Odamlar bilan yomon munosabatda bo‘lish – bu men emas.”
Kameralar oldida haddan tashqari “ochiq”
Russell o‘zini o‘ylantirgan asosiy jihatni yashirmadi: u matbuotga, kameraga haddan tashqari samimiy bo‘lib kelganini tan oldi.
“Bu vaziyatlardan olinadigan saboqlar bor. Ehtimol, men media bilan juda ochiq va halol bo‘lganman, – deydi u. – Eslab qolishim kerak bo‘lgan narsa bor: men millionlab tomoshabinlarga efirga uzatilayotgan kameraga gapiryapman. Eng katta xulosa – mana shu.”
U bu “urush”ni so‘zlar maydoniga ko‘chirish niyatida emas.
“Bu trekdan tashqaridagi so‘zlar jangi emas. Men sizlar bilan gaplashayotganda, ehtimol, juda ochiq va halol bo‘lib kelganman, – deya davom etdi Russell. – O‘zimni bitta odam bilan suhbatlashayotgandek his qilaman, lekin aslida men televizorda millionlab odamlarga gapiryapman. Mediada yaxshi munosabatim bor, lekin ehtimol, aynan shu narsa menga biroz halaqit qilgan. Bu hayot saboqlari.”
Hurmat – trekda hal qilinadi
Shu bilan birga, Russellning Verstappen haqidagi fikri ancha tiniq: shaxsiy keskinliklardan qat’i nazar, u raqibining sport yutuqlarini ochiq tan oladi.
“Men Max’ning haydash mahoratini va trekda erishgan yutuqlarini juda hurmat qilaman”, – deydi u.
Qatardagi poyga mavsum yakuniga yaqinlashib qolgan pallaga to‘g‘ri kelmoqda. Har bir so‘z, har bir harakat, har bir kichik to‘qnashuv kelasi yilgi psixologik ustunlik uchun ham kurashga aylanadi. Russell esa hozircha mikrofonlar bilan ehtiyotkorroq, Verstappen bilan esa – trekda ochiqchasiga olishishga tayyor.
