Futbol transferlari va qiymat: 100 million funtlik savol
Yozgi bozor nega «sekkinroq» pozitsiyada o‘ynaydiganlarni oltin narxda baholay boshladi? Javob markazda, ya’ni markaziy yarim himoyachilarda.
Bir yoz ichida ingliz klublari o‘rtasidagi eng qimmat o‘nta transferning sakkiztasi aynan shu chiziq futbolchilariga tegishli bo‘ldi. Bozorni kim belgiladi? Tottenham.
Klub avval West Ham’dan Mateus Fernandes’ni 85 million funt evaziga olib, ichki rekordini yangiladi. To‘rt kun o‘tib esa Newcastle’dan Sandro Tonali uchun 100 million to‘ladi va shu bilan butun bozor uchun «start narx»ni belgilab berdi. Shundan keyin Bruno Guimaraes, Morgan Rogers, Elliot Anderson, Carlos Baleba va Enzo Fernandez bo‘yicha muzokaralarda ham aynan shu summalar mezon bo‘lib qoldi.
Ikki oy davom etgan bu transfer jazavasida Premier League klublari taxminan Andorra yalpi ichki mahsulotiga teng pulni sovurdi. Hali ham ko‘pchilik – tribunadagi muxlisidan tortib, ichkaridagi rahbarlargacha – raqamlarni hazm qila olmayapti. Har bir transfer o‘zicha alohida hikoya, lekin ularning barchasi bir savolga olib keladi: futbolchi aslida qancha turadi? Va u klubga qancha qiymat qo‘shadi?
Yuz million funtlik savol aynan shu: bir futbolchi klub uchun haqiqatan ham 100 millionga tengmi?
Ikki xil qiymat: maydondagi ta’sir va kassadagi raqamlar
Futbolchining narxida ikkita qatlam bor: sport natijasiga ta’siri va tijoriy daromadga qo‘shgan hissasi. Tijoriy tomondan qaralganda, atigi bir nechta global yulduzlar yirik Premier League klubi daromadini sezilarli darajada siljitib bera oladi. Qolganlar — bozorning ichki o‘yinchilari, xolos.
Maydondagi ta’sir esa ko‘zga yaqqolroq tashlanadi. Virgil van Dijk 2020/21 yilgi mavsumning katta qismini jarohat tufayli o‘tkazib yuborganida, Liverpool avvalgi mavsumdan 30 ochkoga kamroq to‘pladi. Albatta, bu faqat bitta omil emasdi: Jurgen Klopp jamoasida ommaviy jarohatlar bo‘ldi, hujumchilar ham imkoniyatlarni yo‘qqa chiqardi. Shunga qaramay, bitta futbolchining yo‘qligi qanday darajada sezilishi mumkinligi ko‘rindi.
Man City ham 2024/25 yilgi mavsumda Rodri’siz keskin pasayish boshdan kechirdi. Lekin bu yerda ham birgina yo‘qotish emas, umumiy tushkunlik, tizimdagi uzilishlar rol o‘ynadi.
Twenty First Group bosh razvedka xodimi Omar Chaudhuri yillardan beri transfer bozorini tahlil qilib keladi. Ularning hisob-kitoblari shuni ko‘rsatadiki, aksariyat transferlar yakka o‘zi klub taqdirini o‘zgartirib yubormaydi.
Shunda 100 millionlik futbolchini oqlaydigan narsa bormi?
Chaudhuri javobni qisqa qiladi: ichki qiymat bo‘yicha – yo‘q. Uning ta’kidlashicha, bitta futbolchi butun mavsum davomida jamoasiga ko‘pi bilan uch-to‘rt, balki besh ochko qo‘shib berishi mumkin. Faqat Lionel Messi Inter Miami’dagi kabi, atrofdagilardan darajasi keskin yuqori bo‘lsa, bundan istisno bo‘lishi mumkin.
Enzo Fernandez misoli bunga yaqqol. U yaxshi futbolchi. Lekin «transformatsion», ya’ni klubni tubdan o‘zgartirib yuboradigan darajadagi emas. Premier League darajasi shunchalik yuqori bo‘lganki, bunday o‘yinchilarni topishning o‘zi qiyin. Transfer summasi 125 million funt bo‘lsa, butun shartnoma davomida maosh va bonuslar bilan birga 200 millionga yaqin chiqim bo‘lishi mumkin. Manchester City uchun «Enzo bor» va «Enzo yo‘q» ssenariylari o‘rtasidagi farq 200 million funtlik daromadga teng, deb aytish juda qiyin.
Lekin bozor – bozor. Narxni u belgilaydi. Agar hamma shu raqamlarni to‘lashga tayyor bo‘lsa, demak, sen ham shu o‘yin qoidalariga bo‘ysunasan. Bu shishirilgan bozor, lekin hamma ichida.
Transfer – sehrli tayoq emas
Bozor tobora ko‘proq buzilmoqda. Klublar yirik summalarga kirib ketishga majbur bo‘layapti: yomon natijalar, tribunadagi bosim, «tezda kuchayish» ilinjida olingan xavfli qarorlar. Transferni tezkor muvaffaqiyat kaliti deb bilish esa yana va yana xato ekanini ko‘rsatmoqda.
Chaudhuri buni ochiq aytadi: transfer bozori jamoani yaxshilash uchun haddan tashqari ortiqcha baholangan imkoniyat. Hammaning ko‘zi shu yerda, chunki maydondagi sifat natijani belgilashini hamma biladi. Ammo tarixiy ma’lumotlar boshqa haqiqatni ko‘rsatadi.
Klub transfer oynasida qancha net xarajat qilgani – 200 million sarfladimi yoki 200 million foyda qildimi – keyingi mavsumdagi o‘sish yoki pasayishga deyarli ta’sir ko‘rsatmaydi. De-yar-li. Net xarajat bilan ligadagi pog‘onalar o‘zgarishi o‘rtasida bog‘liqlik yo‘q.
Bu shok holatidagi raqam: 200 million net sarflagan klub ham, 200 million net daromad qilgan klub ham statistik jihatdan o‘z o‘rnini bir xil ehtimol bilan yaxshilaydi yoki yomonlashtiradi.
Asl ustunlik qayerda? Uzoq muddatli, aniq reja va uni izchil bajarish. Katta klublarning isrofgarchiligi esa boshqalar uchun imkoniyat eshigini ochadi.
Brighton va Brentford bunga jonli misol. Ular bozorning yuqori qismida futbolchilarni qimmatga sotib, o‘rnini ancha pastroq, «realistik» segmentdan to‘ldirishni odat qildi. Natijada byudjet bo‘yicha o‘zidan ancha kuchli klublar bilan bir safda raqobat qila olyapti.
Chaudhuri klub rahbariyatlari bilan ishlaganda bir narsani tez-tez ko‘radi: hamma sehrli formula, maxsus bozor yoki «yashirin yo‘lak» izlaydi. Ammo haqiqat zerikarliroq: senga shunchaki reja kerak. Va eng muhimi – shu rejaga sodiq qolish intizomi.
Rejaning o‘zi qanchalik noodatiy yoki «aqlli» bo‘lishi unchalik muhim emas. Ko‘pchilik klubning fojiasi – aniq yo‘nalish yo‘qligi. Bir mavsum bir uslub, keyingisida boshqa model. Tuzilma o‘zgaradi, murabbiylar almashadi, o‘yin uslubi, skauting siyosati, transfer strategiyasi – hammasi bir-biriga teskari yo‘nalishda yuradi. Natijada klub o‘zi bilan o‘zi kurashadi.
Brighton va Brentford bu fon fonida deyarli tunnel ko‘rish qobiliyatiga ega. Ular nimani xohlayotganini biladi va shu yo‘ldan chetga chiqmaydi. Shu oddiydek tuyulgan tamoyil ko‘plab klublarda yetishmaydi.
Yuz millionlar – qog‘ozda boshqa, kassada boshqa
Bugungi transfer bozorida yirik summalarning yana bir tomoni bor: ular ko‘pincha «ko‘zga ko‘ringanidan» kamroq og‘irlik qiladi. Shartnomalarga qo‘shilgan bonuslar, qo‘shimcha bandlar ko‘pincha ishga tushmaydi. To‘lovlarning aksariyati amortizatsiya qilinadi – ya’ni futbolchi shartnoma muddati davomida bo‘lib-bo‘lib yoziladi.
Manchester City tomonidan Enzo Fernandez uchun to‘langan 125 million ham besh yilga bo‘linadi: yiliga 25 million. Uch yildan so‘ng uni yarim narxiga sotishsa ham, tushgan pul qolgan «qog‘ozdagi qarz»ni yopishga yetadi. Hisob-kitobda hamma narsa chiroyli ko‘rinadi.
Shu orada qarzga suyangan tizim ustiga tizim qurilmoqda. So‘nggi kunlarda chiqqan, xavotirli ruhdagi tahlillar Premier League’ning qum ustiga qurilganini eslatmoqda: hammasi ishlayotgandek, lekin bir kuchli to‘lqin kelganda nima bo‘ladi? Ichkaridagi ayrim mutaxassislar jiddiy inqiroz xavfi haqida ogohlantiryapti.
Ammo o‘sha kun kelmaguncha, klublarni bu yo‘ldan qaytaradigan narsa ko‘rinmayapti. Bozor qizigan, obro‘ uchun kurash keskin, raqiblar yoningdan yulduz olib ketayotgan paytda «yo‘q» deyish – siyosiy va sportiy jasorat talab qiladi. Ko‘pchilikda u yo‘q.
Unutilgan yo‘l: o‘z futbolchingni yaxshilash
Chaudhuri boshqacha yo‘lni ko‘rsatadi. Uning fikricha, juda kam klub o‘z futbolchilarini yaxshilashga chinakam e’tibor qaratadi. Statistik ma’lumotlar ham shuni ko‘rsatadi: bir mavsumning o‘zida jamoa formasi keskin tebranishi mumkin. Bir davrda ular Champions League darajasida o‘ynaydi, undan oldinroq esa o‘rtamiyonalar qatorida ko‘ringan bo‘ladi.
Bu nimani anglatadi? Xuddi shu tarkib bilan ham ancha yuqori darajada o‘ynash mumkin. Demak, hamma narsa transferda emas.
Murabbiy shtabi, metodika, tahlil, ichki raqobat, jamoaviy uyg‘unlik – shular orqali jamoaning haqiqiy quvvatini ochish mumkin. Lekin ko‘plab klublar so‘nggi yillarda aynan shu yo‘ldan ko‘z uzib, chiroqli vitrinaga – transfer oynasiga qarab qolgan.
Savol shunda: keyingi 100 million qayerga ketadi – navbatdagi «qutqaruvchi» yarim himoyachigami yoki nihoyat o‘z uyini tartibga keltirishga?







