Futbol orzusi va migratsiya: Marokashning fojiali hikoyalari
Kasablanka — Shimoliy Afrika qirg‘og‘ida bu safar na stadion chiroqlari, na tribuna shovqini bor edi. Ammo uch yigitning orzusi hamon futbol maydonidek yaltirab turardi: katta sahnaga chiqish, oilani qutqarish, hayotni o‘zgartirish.
Ayoub Akbili, Hamza Haibouri va Abdelouahed Iken — ismlari sport sahifalarida gollar muallifi sifatida emas, O‘rta yer dengizi bo‘yidagi eng fojiali migratsiya to‘lqinining qurbonlari sifatida tilga olinmoqda.
Futbol orzusi va ochiq chegaraga ishonganlar
Marokash bilan Ispaniya o‘rtasidagi chegarada tarqalgan mish-mishlar, ijtimoiy tarmoqlarda aylanayotgan videolar, “Chegara ochildi, Ceuta orqali Yevropaga o‘tish mumkin”, degan gaplar o‘n minglab odamlarni harakatga keltirdi. Ishsizlik, past maosh va umidsizlik bilan siqilgan bu olomonda sportchilar ham bor edi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bir oy ichida 70 mingdan ortiq odam Marokashdan Ceuta tomon suzib yoki to‘siqlardan oshib o‘tishga urindi. Kamida 90 kishi halok bo‘ldi, huquq faollari bu raqam ancha yuqori ekanini aytmoqda. Ko‘plab oilalar hanuz yaqinlarining jasadini ham topolmayapti.
Ayoub Akbili — 31 yosh, Tangierda yashardi. Fizika bo‘yicha oliy ma’lumotga ega, ammo o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topa olmagan. Avtomobil ehtiyot qismlari zavodida oyiga qariyb 421 dollar ishlab, o‘rtacha maoshdan biroz yuqori daromad qilardi. Lekin bu pul onasining jarrohligi, oila ehtiyojlari va kelajak uchun yetarli emasdi.
Marokash iqtisodiyoti avtomobil sanoatini mintaqaviy markazga aylantirishni maqsad qilgan, o‘sish sur’ati ijobiy. Ammo bu raqamlar Akbili kabi yigitlarning hayotiga yuqori maoshli ish ko‘rinishida tezda aks etmayapti.
U 14:00 dan 22:00 gacha bo‘lgan navbatchilikda ishlayotganda Facebook’da Ceuta tomon yugurayotgan odamlar tasvirini ko‘rdi. Onasining operatsiyasi uchun pul, yaxshiroq ish, yaxshiroq hayot — bularning bari birdan yaqin ko‘ringandek bo‘ldi.
Uyda yashaydigan qarindoshi Abdelhakim Saadaoui eslaydi: Akbili fikri butunlay o‘zgargan, avval noqonuniy o‘tishni o‘ylamagan yigit birdan “qanday bo‘lmasin boraman” degan qarorga kelgan.
31 iyul kuni ular haydovchiga chegaraga yaqin joygacha olib borish uchun 129 dollar to‘lashdi — bu deyarli ikki oylik ijaraga teng edi.
Chegaraga yetgach, Saadaoui bir so‘z bilan ta’rifladi: xaos. Ko‘chalar Ceuta tomon yugurayotgan odamlar bilan to‘lgan, uzoqdan olomonga qarasang, chumolilar daryosiga o‘xshardi. Politsiya shovqin granatalari va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatib, oqimni to‘xtatishga uringan.
Saadaoui ortga qaytishga qaror qildi. Akbili esa davom etdi. Ular telefon orqali bog‘lanib turishdi. Bir mahal aloqa uzildi.
Ichki ishlar vazirligining hujjatlarida Akbilining o‘limi 31 iyul, soat tungi 12:00 da qayd etilgan. Sabab — “og‘ir bosh jarohati”, “no tabiiy o‘lim” sifatida tasniflangan. U tug‘ilib o‘sgan Khenifra shahrida dafn etildi.
Oilaga aytilgan rasmiy versiya: u jarlikdan yiqilib tushgan. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, Marokash tomonda qayd etilgan 11 o‘limdan biri aynan jarlikdan yiqilish bilan bog‘liq.
Ammo qarindoshi Zakaria Akbili bunga shubha bilan qaraydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ayoubning telefoni ham, hamyoni ham butunligicha qolgan.
“Jarlikdan yiqilgan odamda telefonu hamyon qanday qilib butun qoladi?” — deya savol qo‘yadi u.
Maydondan chegaraga: Hamza Haibourining yo‘li
Hamza Haibouri ismi Marokash futbol muxlislariga begona emas edi. U mamlakat ikkinchi divizionidagi Kenitra Athletic Club safida o‘ynagan. Yevropa futboli esa uning uchun nafaqat sport, balki hayotni tubdan o‘zgartirish imkoniyati edi, deydi bolalikdagi do‘sti Bilal Ratib.
28 yoshli yarim himoyachi Martil shahrida ta’til qilib yurgan paytda odamlarning Ceuta tomon oqib ketayotganini ko‘rdi va oqimga qo‘shildi. Bu qaror uning so‘nggi qarori bo‘ldi. Uning halok bo‘lgani haqida xabarni klubning muxlislar uyushmasi e’lon qildi.
Ratibning aytishicha, Hamza yoshlik paytida Fransiyaga borgan, o‘sha paytdan beri “bir kun qaytaman” degan orzu bilan yashagan.
“U har doim chet elda yashashni, Fransiyaga borishni, yaxshi futbol va yaxshi hayot topishni xohlagan”, — deydi do‘sti.
Futbolchi sifatida oyiga qariyb 540 dollar ishlab topardi, lekin bu yil umuman o‘ynamagan, demak, daromadsiz qolgan edi. Diniy e’tiqodi kuchli bo‘lgan Hamza yoshligidan bomdod namoziga masjidga birinchi bo‘lib boradigan yigit sifatida eslanadi.
Uning Yevropaga chiqish orzusi, maydonda emas, chegarada uzildi.
Facebook’dagi suratlar va suv bo‘yidagi fojia
Abdelouahed Iken atigi 19 yoshda edi. Agadir shahrida maktabni bitirish arafasida, kelajak haqida o‘ylayotgan paytida ijtimoiy tarmoqlarda boshqa bir hayotning suratlarini ko‘rar edi. Italiyaning turli shaharlaridan Facebook’ka joylangan hashamatli kiyimlar, avtomobillar, yaltirab turgan vitrinalar — bularning bari uning ko‘zida Yevropani “muvaffaqiyat manzili”ga aylantirgan.
Ceuta chegarasi ochilgani haqidagi gap-so‘zlarni eshitgach, u onasidan “uyga qaytish” uchun pul so‘radi. Ammo yo‘lini o‘zgartirdi. 850 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tib, do‘stlari bilan shimolga, Ceuta tomon yo‘l oldi, deydi qarindoshi Housine Zligui.
Zligui uning o‘limi haqida ham Facebook orqali bilib qoldi. Endi esa oila jasadni uyga qaytarish bilan ovora.
Iken suzishni bilmasdi. Shuning uchun ham suvdan o‘tishdan oldin qutqaruv jiletini sotib olgan. Qaytib kelgan do‘stlari Zligui bilan bo‘lishgan ma’lumotga ko‘ra, u suvda qiynalgan, chayqalgan, so‘ng ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan. Cho‘kib halok bo‘lgan.
Marokashda ko‘plab oilalar uchun Yevropa — ish, barqarorlik va ertangi kunga umid ramzi. U yerdan qaytganlar esa ko‘pincha brend kiyimlar, yangi mashinalar, evro to‘la hamyon bilan ko‘rinish beradi. Mahallada bunday odamlar muvaffaqiyat timsoliga aylanadi, boshqalarda esa havas va qizg‘anish uyg‘otadi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu yilning ilk olti oyida chet elda yashayotgan marokashliklar yurtiga 6,6 milliard dollar miqdorida pul jo‘natgan. Bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining 3 foizidan ko‘prog‘iga teng.
Jasaddan ham qimmat yo‘l: repatriatsiya narxi
Ceuta tomonda halok bo‘lganlar jasadini yurtiga qaytarish esa oilalar uchun yana bir zarba bo‘ldi. Ratib va Zligui ma’lumotiga ko‘ra, ba’zi oilalardan repatriatsiya uchun 2 500 yevro atrofida mablag‘ so‘ralgan.
Bu raqam mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan, biroq Ispaniyadan Marokashga jasad olib o‘tish tartibi oson emas: Marokash konsulligi ruxsati, Ispaniya tomondan morg tranzit hujjatlari, muhrlangan tobut, o‘lim yuqumli kasallik bilan bog‘liq emasligi haqida sertifikat talab qilinadi.
Ceuta hukumati matbuot kotibining aytishicha, halok bo‘lgan migrantlar jasadini qaytarish uchun zarur hujjatlar allaqachon tayyorlangan, ammo Marokash tomoni ularni qabul qilmagan. Marokash hukumati esa repatriatsiya nega kechikayotgani, xarajatlarni kim qoplashi va oilalarga yordam beriladimi-yo‘qmi, degan savollarga javob bermagan.
Ceuta sud-tibbiy ekspertizasi rahbari Manuel Aparcero ma’lumotiga ko‘ra, Ispaniya tomoniga chiqarib olingan 82 migrant jasadiga otopsiya qilingan.
Hamza Haibourining singlisi Ceuta’da DNK tahlilidan o‘tdi, shundan so‘ng mahalliy hokimiyat uning shaxsini tasdiqlash uchun shaxsiy guvohnomasi va haydovchilik guvohnomasini qaytarib berdi. Ammo jasadni ko‘rishga ruxsat berilmadi, deydi Ratib.
Uning hisobicha, Hamzaning jasadi uyiga qaytishi uchun kamida 20 kun kerak bo‘ladi.
“Oilalarning azobini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi”, — deydi u.
Marokashdagi Trade Union Network for Migration tashkiloti Marokash va Ispaniya hukumatlarini halok bo‘lganlarning jasadini oilalariga qaytarish xarajatlarini o‘z zimmasiga olishga chaqirdi.
Tangierga qaytgan Abdelhakim Saadaoui esa endi boshqa hamkasblari bilan yashaydi. U Ayoub bilan birga turgan uyga qaytishni ko‘tara olmaydi.
“Chegarada menga: ‘Men qaytmayman’, degandi”, — deya eslaydi u. “Va rost bo‘ldi. U endi hech qachon qaytmaydi.”
Shu fojialar fonida savol ochiq qoladi: Yevropa sari ketayotgan bu xavfli yo‘lni chizayotganlar kim — yolg‘on va’dalar bilan to‘lgan tarmoqlarmi, ish o‘rinlari yetishmayotgan iqtisodmi yoki o‘z orzusidan voz kecha olmaydigan yoshlar jasoratimi?







