F1 yana gumburlaydi: 2030 yildan 2,1 litrli V8 dvigatellari qaytmoqda

Formula 1 padoqida yillar davomida faqat orzu bo‘lib kelgan sarlavha nihoyat rasmiy tus ola boshladi. FIA ma’lum qilishicha, jamoalar va quvvat uskunalari ishlab chiqaruvchilari 2030 yildan boshlab 2,1 litrli, turbinali V8 dvigatellariga o‘tish bo‘yicha kelishuvga bir ovozdan rozilik bergan.
Bu faqat yo‘l xaritasi emas. Bu – butun avlodni o‘zgartiradigan burilish.
Endi navbat FIA World Motor Sport Council majlisiga. 10 dekabr kuni Shanxayda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda 2030 yil reglamentining yakuniy nusxasi taqdim etiladi va aynan u yerda bu kelishuvga so‘nggi tamg‘a bosiladi. 17 noyabr kuni “agreed in principle” degan grafiklar qisqa muddatga e’lon qilinib, so‘ng olib tashlangani ham aynan shu jarayon atrofidagi keskinlik va ehtiyotkorlikni ko‘rsatib turibdi.
V8’lar nega qaytyapti?
FIA prezidenti Mohammed Ben Sulayem uchun bu qaror shunchaki texnik yo‘nalish emas, saylovoldi va’dasining markaziy nuqtasi edi. U 2025 yil dekabridagi qayta saylov oldidan V8’larni qaytarishni manifestiga kiritgan, 2026 yilgi yangi V6 gibrid qoidalariga bo‘lgan salbiy munosabat esa bu niyatni yanada tezlashtirdi.
F1 oxirgi marta V8 dvigatellardan 2006–2013 yillarda foydalangan, o‘shanda hajm 2,4 litr edi. 2014 yildan boshlab esa bugungi V6 gibrid davri boshlandi. 2026 yil uchun ishlab chiqilgan, elektrlashtirilishi kuchaytirilgan yangi avlod quvvat uskunalari esa ko‘plab tanqidlarga uchradi, keyingi yillarga mo‘ljallangan tuzatishlar ham kayfiyatni keskin o‘zgartira olmadi.
Shu fon’da FIA bir necha raundlik muzokaralardan so‘ng tamoman boshqacha yo‘lni taklif qildi: 2,1 litrli, turbinali V8, cheklangan gibrid tizim bilan, ilg‘or barqaror yoqilg‘ida ishlaydigan konfiguratsiya. Qog‘ozda – klassik ruh, zamonaviy ong.
Muhim jihat: barqarorlik hamon markazda. F1 o‘zining Net Zero Carbon maqsadidan voz kechmayapti, yangi dvigatel konsepsiyasi ham aynan shu yo‘nalishga moslashtirilmoqda.
Yengilroq, shovqinliroq, hujumkorroq
FIA yangi quvvat uskunasi hozirgisiga qaraganda “ancha kam murakkab, yengil va arzon” bo‘lishini ta’kidlaydi. Maqsad aniq: poygada hujumkorlikni kuchaytirish, muxlislar qulog‘ida qoladigan, yuragini tez urdiradigan tovushni qaytarish.
Bu faqat dvigatel emas, butun mashina falsafasini o‘zgartiradigan yondashuv. Rejaga ko‘ra, yangi V8’lar yengilroq, chaqqonroq shassilar bilan juftlanadi. Demak, og‘ir, murakkab, muhandislik laboratoriyasiga o‘xshab qolgan bolidlar o‘rnini yana uchib yuradigan, haydovchi mahoratini ko‘proq ochib beradigan mashinalar egallashi kerak.
“F1 o‘z DNKsiga qaytyapti”
FIA bayonotida Mohammed Ben Sulayem bu kelishuvni “Formula 1 kelajagini shakllantirishdagi muhim bosqich” deb atadi. U boshidan beri maqsadini yashirmagan: sportni raqobatbardoshroq va muxlislar uchun hayajonliroq qilish, shu bilan birga innovatsiya va barqarorlik bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolish.
Uning fikricha, V8’larning qaytishi F1’ni o‘z ildizlari bilan yana bog‘laydi – butun dunyoda sevib tinglanadigan tovush, sof hissiyot va “pure racing” kayfiyatini qaytaradi. Konsepsiya sodda: yengilroq, soddaroq va hamyonboproq mashinalar, markazda esa yana haydovchi mahorati.
Ben Sulayem barcha tomonlarga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi va bu bosqichni sport kelajagini birgalikda yaratish mumkinligini ko‘rsatadigan signal sifatida talqin qildi.
Endi esa savol bitta: 2030 yilda trek bo‘ylab yangraydigan yangi V8 simfoniyasi F1’ni haqiqatan ham eski shon-shuhratiga qaytaradimi yoki bu shunchaki romantik nostalgiya bo‘lib qoladimi? Paddok bunga javobni kutib turibdi.
